FVV ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Andijon shahridagi bog‘chalarning birida yong‘in sodir bo‘layotgani tasvirlangan video yuzasidan ma’lumot berdi.

Foto: FVV matbuot xizmati

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahri, 2-mikrorayon 50-maktab yonidagi bog‘cha yonayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.

Ma’lum qilinishicha, 20-sentabr kuni soat 11:30 da Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Andijon shahar 2-kichik dahasida joylashgan 38-bolalar bog‘chasi hududida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Xabarga ko‘ra, yong‘in-qutqaruvchilar zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan va yong‘in qisqa muddatda to‘liq bartaraf etilgan.

Aniqlanishicha, bog‘chada ta’mirlash ishlari olib borilayotgani sababli vaqtincha ish faoliyati to‘xtatilgan. Yong‘in oqibatida bog‘cha hududida 2 metr kvadrat maydonda qurilish chiqindilari va xas-xashaklar yongan. Hodisa oqibatida halok bo‘lgan va jabrlanganlar yo‘q. Hozirda yong‘in sababi aniqlanmoqda.

Avvalroq Namanganda talabalar turar joyida yong‘in kelib chiqqani, Samarqanddagi savdo majmuasida yong‘in yuz berib, 20 ta do‘konga zarar yetgani to‘g‘risida xabar berilgandi.