Ijtimoiy tarmoqlarda 20-sentabr kuni soat 11:30 da Andijon shahri, 2-kichik dahasida joylashgan 38-bolalar bog‘chasi hududida yong‘in sodir bo‘lgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. FVV ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Andijon shahridagi bog‘chalarning birida yong‘in sodir bo‘layotgani tasvirlangan video yuzasidan ma’lumot berdi. Xabarda qutqaruvchilar zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan va yong‘in qisqa muddatda to‘liq bartaraf etilgani ma’lum qilingan.

Foto: Andijon viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi

Andijon viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, boshqarma rahbariyati tomonidan maxsus ishchi guruhi tuzilib voqea joyida o‘rganishlar olib borilgan.

Foto: Andijon viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi

“O‘rganish natijalariga ko‘ra, ‘Sog‘lom avlod’ mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 38-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida joriy yilning aprel oyidan boshlab, Shodlik grand house MCHJ tomonidan rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Qurilish ishlari davomida tashkilotning orqa hovlisida quruvchilarning ehtiyotsizligi oqibatida yong‘in kelib chiqqan. Yong‘in favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan joyida bartaraf etildi. Mazkur tashkilotda tarbiyalanuvchi bolalar yo‘qligi, qurilish olib borilayotgan tashkilot binosiga talafot va ishchilarga tan jarohati yetmaganligini ma’lum qilamiz”, — deyiladi xabarda.

Foto: Andijon viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi

Avvalroq Yunusoboddagi oshxonada yong‘in kelib chiqqani, Namangan shahridagi Namangan davlat universitetining talabalar turar joy binosida ham yong‘in sodir bo‘lgani, ammo yong‘in oqibatida talabalarni kuyish tan jarohati olish hamda halok bo‘lish holatlariga yo‘l qo‘yilmagani xabar berilgandi.