2021-yil yakunlanishiga hali bir necha oy borligiga qaramay, hozirda yilning eng kassabop filmi bo‘lishga da’vogar kartina nomi ma’lum bo‘ldi, deb yozadi PeopleTalk.

Foto: PeopleTalk

Ma’lum qilinishicha, kinoprokatning eng yuqori pog‘onasini “Shan-Chi va o‘n halqa afsonasi” filmi band etmoqda. Uchta uikend davomida (uikend — ish haftasining yakunidagi dam olish kunlari) Marvel kinostudiyasining kartinasi qariyb 177 million dollar to‘plagan. “Shan-Chi va o‘n halqa afsonasi” pandemiyadan keyingi kassa yig‘imlari borasida rekord o‘rnatish tomon ildam odimlamoqda.

Prognozlarga ko‘ra, u yaqin kunlarda 200 million dollar to‘plagan Skarlett Yoxansson ishtirokidagi “Qora beva”ni ortda qoldiradi.

“Shan-Chi va o‘n halqa afsonasi” filmining syujetida bolaligidan otasidan odam o‘ldirishni o‘rgangan jang san’ati ustasi haqida hikoya qilinadi. Shan-Chi normal hayot kechirish maqsadida San-Fransiskoga ko‘chib o‘tgan, ammo u yerda ham qora o‘tmishi yigitni ta’qib etadi. Qahramon “O‘n halqa” nomli sirli tashkilotning tuzog‘iga tushib qoladi.

Avvalroq Disney Skarlett Yoxansson ishtirokidagi barcha loyihalarni yakunlashga qaror qilgani, “Taxtlar o‘yini” yulduzi Emiliya Klark Marvel kinoolamining yangi superqahramoniga aylangani to‘g‘risida xabar berilgandi.