2021-yilning iyul boshlarida Surxondaryoda 109 tup qimmatbaho daraxtni noqonuniy kesgan mas’ul xodim jarimaga tortilgandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevning yozishicha, mazkur daraxtlarning noqonuniy kesilishi bo‘yicha nima uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilmagani yuzasidan ichki ishlar vaziri va bosh prokurorga deputatlik so‘rovi kiritilgan. Ichki ishlar vaziridan ushbu so‘rovga kelgan javob xatida jinoyat ishi nima sababdan qo‘zg‘atilmaganiga oydinlik kiritilgan.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Rasul Kusherbayevning yozishicha, tabiatga yetkazilgan zarar 329 million so‘mdan ortiq bo‘lib, bu ish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi kerak.

Ichki ishlar vazirining deputatlik so‘roviga bergan javobida ta’kidlanishicha, Denovdagi 109 tup daraxt kesib tashlanganida huquqbuzar yetkazgan zarar (65 million so‘m) ko‘p miqdorni tashkil etmagan. 329 million so‘m hisoblangan zarar hukumat qaroriga asosan beshga ko‘paytirib chiqarilgan summa bo‘lib, jinoyat ishi qo‘zg‘atishda birlamchi summa (65 million so‘m) inobatga olinishi bois, jinoyat ishini qo‘zg‘atish rad qilingani bildirilgan. Zarar miqdori 73 million so‘mdan oshsa jinoyat ishiga tortilishi qayd etilgan.

So‘rov xatida keltirilishicha, 65 million so‘mlik zararni Ekologiya qo‘mitasining Surxondaryo viloyati boshqarmasi hisoblab bergan.

“Shundan so‘ng 109 ta daraxtga 65 million so‘m to‘g‘ri kelishi asoslimi, degan savol bilan respublika Ekologiya qo‘mitasiga murojaat qildik. Qizig‘i shundaki, qo‘mita javobida bildirilishicha, zarar belgilangan tartibda qayta hisoblab chiqilganida miqdor 65 million emas, 995 million ekani ma’lum bo‘lgan.

Bundan ko‘rinib turibdiki, zararni kamaytirib hisoblatishdan maqsad jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik bo‘lgan. Zarar miqdori qo‘mitaning markaziy idorasi tomonidan rasman 995 million so‘m ekani tasdiqlangach, holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasida yana bir bor ichki ishlar vaziriga murojaat qildik. Ishqilib Ekologiya qo‘mitasining Surxondaryo viloyati boshqarmasiga bosimlar bo‘lmagan bo‘lsinda. Menimcha, buyog‘iga boshqa ‘fortochka’ qolmadi. Endi natija va axborotni kutamiz”, — deb yozadi deputat.

Avvalroq Surxondaryoda tuman hokimining yer ajratish bo‘yicha qarori oqibatida 160 tupdan ortiq tut daraxti kesib tashlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.