Daraxtlarni kesishga moratoriy joriy etilgani, tobora kamyoblashib borayotgan yashillikni asrab-avaylash masalasiga davlat darajasida e’tibor qaratilayotganiga qaramasdan ko‘r-ko‘rona daraxt kesilishi nega davom etmoqda? Daraxtlarga qiron keltirayotgan kimsalarga kimlar ruxsat bermoqda, kimlar bundan manfaatdor bo‘lyapti?

Afsuski, bu savollarga jo‘yali javob beradigan, mas’uliyatni zimmasiga oladigan biror idora yoki tashkilot topilmayapti hozircha. Kuni kecha Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida, salomatlik yo‘lakchasi qurilishi belgilangan hududda 12 dona shumtol va 1 dona tut daraxti qo‘porib tashalanayotgani aniqlangan. Nima emish, Sirdaryo tumani hokimining tegishli farmoyishida tuman hududidagi qurib o‘sishdan to‘xtagan daraxtlarni kesib, tuman zaxirasiga olinishi ko‘rsatilgan emish. Axir o‘sha tomiri bilan qo‘porib tashlanayotgan daraxtlar bargi yam-yashil ekani ko‘rinib turibdiku. Agar haqiqatan ham qurigan va kesib tashlashga ehtiyoj bo‘lgan daraxt bo‘lsa, nega ular kunduz kuni, jamoatchilik ko‘z o‘ngida kesilmadi. Aynan yarim kechada daraxt kesish kimga kerak bo‘lib qoldi?

Bu ishdan bir qing‘irlikning hidi kelib turgani ayon haqiqat emasmi? Oldin ham aytganmiz, daraxtlar kesilishi yo boshqa joyga ko‘chirilishi bilan bog‘liq holatlarda jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish amaliyotini yo‘lga qo‘yishimiz shart. Yaqin atrofda yashovchilar daraxt kesilishi to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilinishi zarur.

Ko‘p davlatlarda bu amaliyot allaqachon qo‘llanilmoqda. Kesilishi rejalashtirilgan daraxt yaqinida bunday e’lon 30 kun mobaynida osib qo‘yiladi. Unda daraxtning o‘zi haqida ma’lumot beriladi, uning kesilish sabablari va jamoat muhokamasi o‘tkaziladigan vaqt va manzil ko‘rsatiladi. Marhamat, barcha xohlovchilar muhokamada ishtirok etsin.

Ana shundagina yarim kechasi daraxt kesishga chiqishga hojat qolmaydi.

Telegram: https://t.me/narzullo_oblomuradov

Narzullo Oblomurodov, O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod

Reklama huquqi asosida.