Toshkentda 22-sentabr kuni ikki qavatli binoda yong‘in chiqqani aytilgan xabarlar va hodisa joyidan olingan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. FVV matbuot xizmati ushbu yong‘in haqida rasmiy ma’lumot berdi.

Unda aytilishicha, shu kuni soat 12:58 da Toshkent shahar FVBga Olmazor tumani Forobiy ko‘chasi 418-uyda joylashgan ikki qavatli “Milliy taomlar” oshxonasiga mo‘ljallangan binoda yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Xabarga ko‘ra, 4 ta yong‘in-o‘chirish ekipajlari soat 13:01 da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 13:22 da qurshab olingan va soat 13:34 da to‘liq bartaraf etilgan.

Foto: FVV matbuot xizmati

Yong‘in oqibatida binoning 150 kvadrat metr maydondagi ichki va tom qismi yonib zararlangan. Tezkor harakatlar natijasida binoning 300 kvadrat metr maydoni yong‘indan saqlab qolingan.

Hodisa oqibatida halok bo‘lgan va jabrlanganlar yo‘q. Hozirda yong‘in sababi aniqlanmoqda.

Bundan avval Toshkentning Yunusobod tumanidagi oshxonada yong‘in kelib chiqqani haqida xabar berilgan edi. Yong‘in natijasida oshxonaning taxminan 150 kvadrat metr maydonida tom va shift qismi yonib zararlangan. Undan avvalroq esa Yashnobod tumanida joylashgan kafeda yong‘in chiqib, unga tutash bo‘lgan uylarga ham o‘tgandi.