“Real Madrid” klubi barcha davrlarda dunyoning eng kuchli va obro‘li klublari qatoridan joy olib kelgan. Shunga yarasha jamoada ham yulduz va afsona darajasidagi futbolchilar har doim topilgan. 2000-yilda Florentino Peres klub prezidenti etib saylanadi va u shu davrdan boshlab “galaktikos” loyihasini qurishni boshlaydi. 2000–2006-yillarda Peres boshchiligidagi rahbariyat Luish Figu, Ronaldo, Zinedin Zidan, Devid Bekhem, Maykl Ouen, Robinyo kabi o‘yinchilar transferini amalga oshiradi. Umuman olganda, Peresning klub rivoji va uning imiji uchun qilgan ishlari beqiyosdir. Ammo u haqida gap ketganda yana bir jihatni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, Peres klub afsonalari bilan munosib xayrlashishni bilmaydi va bu Madridda allaqachon an’ana tusiga ham kirib ulgurgan. “Daryo” ushbu maqolada “Real”dan quvilgan afsonalar haqida hikoya qiladi.

Fernando Yerro (1989–2003-yillarda “Real”da o‘ynagan)

601 ta o‘yin, 126 ta gol

Foto: Allsport

Yerro 14 yil davomida “Real”ning eng barqaror va asosiy o‘yinchilaridan biri bo‘lib kelgan va ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritgan. Hatto galaktikos davrida ham u maydondagi o‘rnini birovga berib qo‘ymagan. Yerro himoya va yarim himoya markazida bir xil darajada to‘p sura olishi bilan boshqalardan ajralib turardi. “Katta sardor” (“Real” muxlislari uni erkalab shunday chaqirgan) “qaymoqranglilar” bilan umumiy hisobda 16 ta sovrinni qo‘lga kiritgan.

Afsuski, 2003-yilga kelib Yerro klubdan shunchaki quvib yuboriladi, hech qanday ortiqcha dabdabalarsiz, xuddi bir-ikki mavsumga zaxirada o‘tirish uchun kelgan futbolchi kabi.

O‘ziga bo‘lgan munosabatdan ranjiganini yashirib o‘tirmagan Fernando shundan so‘ng “Ar-Rayyan” (Qatar) va “Bolton”da (Angliya) bir mavsumdan to‘p surgach, faoliyatini yakunlashga qaror qiladi.

Raul (1994–2010)

741 ta o‘yin, 324 ta gol

Foto: SportBall

Raulning otasi farzandining o‘zi muxlislik qilgan “Atletiko” safida o‘ynashini orzu qilgan. Biroq 1992-yilda “Atletiko” akademiyasi tarqatib yuboriladi va Raul “Real” futbol maktabiga borishga majbur bo‘ladi. Shu tariqa u “qirollik klubi”ga kelib qoladi va kelajakda jamoaning ramziga aylanishga ham muvaffaq bo‘ladi.

Raulning “Real”dagi debyuti 1994-yilga to‘g‘ri kelgan. U Ronalduga qadar jamoaning eng yaxshi to‘purari hisoblanardi. “Real” ishtirok etgan musobaqalardagi shaxsiy sovrinlar borasida ham unga teng kelish mushkul edi. Umuman olganda, Madrid klubi muxlislari uchun u har doim sadoqat namunasi bo‘lib kelgan.

Biroq Raul uchun ham hammasi yomon yakun topadi. U “Real”dagi so‘nggi mavsumida jarohat olib, asosiy tarkibdagi joyini yo‘qotib qo‘yadi. Jamoaning o‘sha paytdagi bosh murabbiyi Joze Mourinyo esa unga rotatsiya futbolchisi bo‘lishni va o‘yinning so‘ngi qismida maydonga tushib, jamoa a’zolarining ruhiyatini ko‘tarishga yordam berishni taklif qiladi. Ammo Raul bu taklifni rad etadi va ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun jamoadan ketishga qaror qiladi. U ikki yildan “Shalke-04” va Qatarning “As-Sadd” klubida to‘p surgach, faoliyatini “Nyu-York Kosmos”da tugatishga qaror qiladi. Ketishi oldidan klub rahbariyati uni qo‘llab-quvvatlamaydi ham.

Guti

542 ta o‘yin, 77 ta gol

Foto: Getty Images

“Real” muxlislari Gutiga nisbatan o‘zgacha mehr va iliqlik bilan yondashadi, u klub tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va har doim klubga bo‘lgan sadoqatini namoyish etib kelgan. Biroq u hech qachon asosiy tarkib futbolchisi bo‘lmagan. Jamoa bilan uch marta Chempionlar Ligasida g‘alaba qozongan bo‘lishiga qaramay, u musobaqa finallarida ham maydonga tushmagan. Peresning har transferi tufayli Guti doimo soyada qolib ketaverardi. Bundan tashqari, Guti o‘zining isyonkor kayfiyati bilan boshqalardan ajralib turgan va aynan shu sababli ham ko‘p marotaba klub rahbariyati bilan nizolarga borgan.

2010-yilga kelib, Peres Raulning ketidan Guti bilan xayrlashishga qaror qilganida u shunday degandi: “Klub Raul va men bilan munosib xayrlashishi kerak edi deb hisoblayman, biroq negadir ular bizdan tezroq qutulishga qaror qildi”.

Madridni tark etgach, Guti Turkiyaga yo‘l oldi va u yerda bir mavsum “Beshiktosh” sharafini himoya qilib, butsalarini mixga ildi. Xuddi boshqalar bilan bo‘lgani kabi xayrlashuv uchrashuvi haqida hech qanday gap bo‘lishi mumkin emas.

Iker Kasilyas (1999–2015)

725 ta o‘yin

Foto: Getty Images

Ro‘yxatdagi aksariyat futbolchilar kabi Kasilyas ham fidoyilik ramzi bo‘lib kelgan. Sakkiz yoshida klub akademiyasiga kelgan Iker 19 yoshidayoq jamoaning asosiy darvozaboniga aylanadi va Chempionlar Ligasi bosh sovriniga ega chiqadi. Keyinchalik u asosiy jamoa bilan yutish mumkin bo‘lgan barcha sovrinlarni qo‘lga kiritadi – Ispaniya La Ligasi, mamlakat kubogi, Chempionlar Ligasi, klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionati va hokazolar. Shuningdek, terma jamoada ham u istalgan futbolchi faqat orzu qilishi mumkin bo‘lgan natijaga erishgan: u jamoa sardori sifatida ikki bor Yevropa chempionati va bir marta Jahon Chempionati sovrinini boshi uzra ko‘taradi. “Real”da esa sardor sifatida muxlislar bilan muloqot qilish uchun javobgar hisoblangan.

Xo‘sh, nima sababdan afsona klubdan “quvib yuborildi”? Ko‘pchilik bunga sabab qilib 2010/11-yilgi mavsumdagi “El-Klasiko”ni ko‘rsatadi. O‘shanda Iker qaylig‘i jurnalist Sara Karboneroga “Real”ning asosiy tarkibi haqidagi ma’lumotni “oshkor qiladi” (buning haqiqat yo yolg‘onligi hamon noma’lum). Bu esa jamoaning o‘sha paytdagi bosh murabbiyi Joze Mourinyoni g‘azablantiradi. Kelasi mavsumdan Iker zaxirada qolib ketishni boshlaydi. Uning o‘rnini Diyego Lopes egallaydi. Afsuski, Mourinyo ketganidan keyin ham Kasilyas avvalgi obro‘yini tiklay olmaydi. Shu tariqa darvozabonda jamoani tark etishdan boshqa chora qolmaydi. Biroq nima bo‘lgan taqdirda ham, “Real” Ikerga boshqacha munosabat ko‘rsatishi adolatdan bo‘lardi.

Xayrlashuv matbuot anjumanida Kasilyas ko‘z yoshlarini tiyolmagan holda shunday degandi: “‘Real’ menga nafaqat sportchi bo‘lishni, balki inson bo‘lishni ham o‘rgatdi. Barcha murabbiylarimdan juda ko‘p narsani o‘rgandim. Ular mening faoliyatim va rivojlanishimning asosiy qismi edi. Madridlik muxlislarga qo‘llab-quvvatlagani, yaxshi va yomon damlarda men bilan birga bo‘lgani uchun tashakkur. Meni yaxshi yoki yomon darvozabon sifatida emas, avvalo, inson sifatida yodga olishlarini xohlardim. Qayerga borsam ham, doimo ‘Hala Madrid’, deb qolaman. Ishonchim komilki, kelajakda ko‘rishamiz”.

2015-yilda Iker Kasilyas “Portu”ga yo‘l oladi. 2019-yilning may oyida “Portu” mashg‘ulotlarida infarktni boshdan o‘tkazadi, 2020-yilning avgustida esa faoliyatini yakunlaydi.

Krishtianu Ronaldu (2009–2018-yillar)

438 ta o‘yin, 450 ta gol

Foto: Yandex Photos

Krishtianu Ronaldu “Real” tarixidagi eng muhim futbolchilardan biri bo‘lganini ortiqcha ta’kidlashga hojat yo‘q. Aytish mumkinki, “Real” va Ronaldu bir-birini yangi bosqichga olib chiqqan. Ronaldu 9 yil davomida o‘yindan o‘yinga o‘sib bordi va tom ma’noda klubning yuziga aylandi. Jamoaning katta g‘alabalarida ham Krishtianuning xizmatlari beqiyos. Biroq Peresning yakka hokimlikka tashnaligi Ronalduning jamoadan ketishiga sabab bo‘ldi. Tomonlar 2018-yilning yozida yangi shartnoma borasida kelishuvga erisha olmaydi. Ronaldu esa ortiqcha shov-shuvlarsiz “Yuventus”ga yo‘l oladi. Turin klubi uning transferi uchun “Real”ga 117 million yevro to‘laydi.

O‘shanda barcha Peres o‘yinchini qo‘yib yuborib, katta xatoga yo‘l qo‘yganini aytgandi. Vaqt ko‘rsatdiki, Ronaldu ketgach, “Real” sezilarli darajada kuchsizlandi va jamoaning samaradorligi ham ancha pasaydi.

Jamoadan ketishiga nima sabab bo‘lgani haqidagi savolga Ronaldu yangi chaqiruvlarni xohlaganidan tashqari, shunday degandi: “Prezidentning men bilan munosabatlari o‘zgargandi. U men bilan dastlabki 5 yildagidek muomala qilmasdi. Men endi almashtirib bo‘lmas futbolchi emasdek tuyulardim. Shuning uchun ketish haqida o‘yladim”.

Serxio Ramos (2005–2021)

671 o‘yin, 101 ta gol

Foto: Getty Images

Ro‘yxatimizning (hozircha) eng so‘nggi vakili Serxio Ramosning klubni tark etishiga uning Peres bilan munosabatlari sabab bo‘lgan. Tomonlar 16 yillik hamkorlikdan so‘ng yangi shartnoma borasida kelishuvga erisha olmadi. Futbolchi erkin agent sifatida “PSJ”ga yo‘l oldi.

Ammo Ramos ham, “Real” ham ortda qolgan yillar, qo‘lga kiritilgan g‘alabalar va alamli mag‘lubiyatlarni osongina unutishi qiyin. Biroq Ramos ham o‘zidan oldingi afsonalar singari hammasiga ko‘z yumib, jamoa bilan xayrlashishga majbur bo‘ldi.

Ramos va Peres o‘rtasidagi sovuqchilik uzoq tarixga ega. Ramos dastlab Joze Mourinyo sabab o‘z xarakterini namoyish qiladi. 2013-yilda “Real” futbolchilari Ramos va Kasilyas boshchiligida Peres bilan uchrashadi va unga ultimatum qo‘yadi. Hal qiluvchi so‘zni Ramos aytadi: “Florentino, iyun oyida yo biz qolamiz, yo Mourinyo”.

Yozda rostdan ham Joze “Real” bilan xayrlashadi. Yetakchilarning ultimatumi sabab bo‘lganmi, yo‘qmi, aniq emas. Chunki o‘sha mavsumda “Real” sovrinlarsiz qolgandi.

Mourinyo ketish oldi Peresga Kasilyas va Ramosni jamoadan haydash kerakligini maslahat bergani aytiladi. Mutaxassis Peresga ularda juda katta hokimiyat borligini va bu muammolar tug‘dirishini ta’kidlaydi. Peres 2015-yildayoq Ramosdan qutulishga harakat qiladi, biroq bir vaqtda ham Kasilyas, ham Ramos bilan xayrlashishga jazm etolmaydi. 2018–2019-yillarda esa ularning munosabati juda sovuqlashib ketadi. Bunga Ronalduning jamoadan ketishi, uning o‘rniga hech kim olib kelinmagani, Chempionlar Ligasidagi omadsizliklar va yana boshqa muammolar sabab bo‘ladi. Hatto shundan so‘ng Ramos Peres bilan gaplashmay qo‘ygani haqida ham ma’lumotlar tarqaladi. Keyinchalik Peres Ramosni o‘z o‘g‘lidek ko‘rishi va uning sardorlikka loyiq ekanini ta’kidlaydi. Biroq 2021-yilning yoziga kelib hammasi tugadi. Ramosning ketishi munosabati bilan bor-yo‘g‘i matbuot anjumanigina o‘tkazildi. Ramos esa unda ko‘z yoshlarini yashirib o‘tirmadi va shunday dedi:

“Men bilan birga bo‘lgan barchaga tashakkur aytaman. Jamoa, prezident, murabbiylar va klub xodimlariga rahmat aytishni xohlardim. Hozir sizlarga qarab, o‘z hissiyotlarimni ushlab turolmayapman. “Real” bilan xayrlashish vaqti keldi va bu hayotimdagi eng og‘ir onlardan biri.

Muxlislarga ham rahmat aytaman. Shu yerda, “Santyago Bernabeu”da xayrlashishni istagandim. Biroq siz doim mening qalbimda qolasiz. Hayotimdagi eng zavqli palla yakunlanmoqda. Bunaqasi endi hech qachon bo‘lmaydi. O‘zimning eng yuqori darajamni namoyish qilgan holda yana bir nechta sovringa ega chiqmoqchiman.

Barchaga katta rahmat. Xayrlashmayman, ko‘rishguncha deyman, chunki ertami-kech qaytaman”.