Ijtimoiy tarmoqlarda 22-sentabr kuni Toshkent metropolitenining “O‘zbekiston” metro bekatida go‘yoki o‘zini metro relslariga tashlamoqchi bo‘lgan ayol ichki ishlar organi xodimi tomonidan qutqarib qolingani aks etgan videoyozuv tarqaldi. Aslida esa 21-sentabr kuni, taxminan, soat 13:30 atrofida yuz bergan bu hodisada hech kim o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lmagan. Bu haqda ayolni relslarga yiqilishdan asrab qolgan xodim — IIV Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi serjanti Zokir Umarov “Daryo” muxbiri bilan suhbatda ma’lum qildi.

Serjant Zokir Umarov.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Ulgurolmay qolaman deb qo‘rqdim”

47 yoshli serjantning ta’kidlashicha, metropolitendagi 23 yillik faoliyati davomida u navbatchilik qilgan vaqtlarda biror kishining relsga o‘zini tashlashi hodisasi yuz bermagan, kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvga aylangani kabi voqea u bilan ilk bor sodir bo‘lmoqda.

“‘Kosmonavtlar’ bekati tarafdan kelgan poyezd vagonidan o‘rta yoshlardagi bir ayol tushib, noodatiy harakat qilgan holda (buni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoyozuvlarda ham payqash mumkin), qarama-qarshi tomondagi elektropoyezd yo‘liga yurib bora boshladi. U poyezd yo‘liga tushib ketay deganda ushlab qoldim. Ochig‘i, o‘sha lahzada ulgurolmay qolishdan qo‘rqdim, ayol yiqilib, jarohatlanmaganiga xursand bo‘ldim”, — deydi Zokir Umarov.

Ma’lumotlarga ko‘ra, metro yo‘liga tushib ketay degan ayol 28 yoshda bo‘lib, asli Jizzax viloyatidan, Toshkent shahridagi to‘qimachilik korxonalaridan birida ishlaydi. Voqeaning ertasiga uning yaqin qarindoshlari bilan bog‘lanilganida, ular ayolning ahvoli yaxshiligini ma’lum qilgan va serjant Zokir Umarovga alohida minnatdorchilik bildirgan. Biroq hodisa yuz bergan kuni ayolning hushi o‘zida bo‘lmagan, hatto “gapirishga ham holi yo‘q edi”.

“Ayolni o‘rindiqqa o‘tqazib, birinchi yordam ko‘rsatdik. O‘ziga kelgach, nega bunday qilganini so‘radim. U: ‘Vagonda odam ko‘p ekan, havo yetishmay, mazam bo‘lmay qoldi’, dedi. Nima bo‘lganini ham tushunmayotgandi, voqeani aytib berganimizdan so‘ng: ‘Men nima bo‘layotganini bilmay qoldim, hushim o‘zimda emasdi’, dedi. Yordam kerakmasligi, uyga o‘zi yetib olishini aytgach, ketishiga ruxsat berdik”, — deydi serjant.

Relsga sochilgan pul

“O‘zbekiston” metro bekatida 21-sentabr kuni yuz bergan voqea noxush oqibatlarsiz yakun topgan bo‘lsa-da, afsuski, Toshkent metropolitenida yo‘lovchilarning relslarga tushib ketishi holatlari hech qachon bo‘lmagan, deb bo‘lmaydi (afsuski, o‘z joniga qasd qilishga urinish holatlari ham yo‘q emas). Xususan, 2018-yilning 27-sentabrida “Novza” bekatida 3-kursda o‘qiydigan talaba, 3-dekabrida “Pushkin” bekatida 67 yoshli erkak, 2019-yil 26-iyunida “O‘zbekiston” bekatida 25 yoshli yigit, 27-iyun kuni “Beruniy” bekatida 28 yoshli yigit, 11-iyul kuni “Paxtakor” bekatida 58 yoshli ayol metro yo‘liga tushib ketgan; yuqorida sanab o‘tilgan holatlarning deyarli barida yo‘lovchilar platforma yoqasida bo‘lgan va ahvoli yomonlashib, hushidan ketib, yiqilgan.

Serjant Zokir Umarov xizmat jarayonida.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Zokir Umarov “Daryo” muxbiri bilan suhbatda qayd etishicha, ko‘pincha yo‘lovchilarning ehtiyotsizligi tufayli telefon, sumka kabi turli buyumlarning metro yo‘liga tushib ketish holatlari uchrab turadi. Shu kabi vaziyatlarda metropoliten xodimlariga ma’lum qilinadi va ular maxsus tayoqcha bilan buyumni relsdan olib beradi.

“Bir safar shunday holat bo‘lgandi: yo‘lovchilardan birining ko‘p miqdordagi puli qo‘lidan tushib ketgan, pullarni esa poyezd o‘zi bilan tortib olib ketib qolgan. O‘shanda fuqaroning pullari metropolitenning ish vaqti tugagach, xodimlar tomonidan yig‘ib olinib, egasiga yetkazib berilgandi”, — deya esladi serjant.

Xorijda qanday?

Osiyo va Yevropaning bir qator mamlakatlari metropolitenlarida bekatlardagi yo‘lovchilarning temiryo‘lga tushib ketishining oldini olish maqsadida himoya ekranlari (yoki himoya eshiklari) o‘rnatilgan va o‘rnatilmoqda. Xususan, 2020-yilda Belarus poytaxti Minskdagi metroning yangi ochilgan “Kovalskaya Sloboda”, “Vokzal”, “Frantishek Bogushevich maydoni”, “Yubileynaya maydoni” bekatlarida Turkiya kompaniyasi tomonidan yetkazib berilgan himoya ekranlari o‘rnatilgan edi.

Minsk metrosining “Kovalskaya Sloboda” bekatidagi himoya ekranlari.

Foto: “Sb.by”

Shaffof shishadan tayyorlangan himoya to‘siqlari sharofati bilan yo‘lovchining na qasddan, na bexosdan relslarga tushib ketishining oldi olingan. Poyezd stansiyaga kirib kelganida esa himoya ekranining maxsus eshiklari vagonlarning eshiklari bilan bir xil hamohanglikda ochilib-yopiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Minsk metrosining to‘rtta yangi bekati uchun bunday himoya tizimini yetkazib berish salkam 4,1 million dollarga tushgan.

Minsk metrosining “Frantishek Bogushevich maydoni” bekatidagi himoya ekranlari.

Foto: “Tut.by”

Taybey (Tayvan) metrosidagi himoya ekrani.

Foto: “Habr.com”

Turin (Italiya) metrosidagi himoya ekrani.

Foto: Wikipedia

Seul (Janubiy Koreya) metrosidagi himoya ekrani.

Foto: “Tripbest.ru”