Ijtimoiy tarmoqlarda “Namanganlik 21 yoshli yigit harbiy xizmatda portlab ketganligi” haqida xabarlar tarqaldi. Bosh prokuratura “Daryo” so‘roviga ko‘ra holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Kadr: Videodan skrinshot

Aniqlanishicha, 2021-yilning 21-avgust kuni dala-o‘quv maydonida snaryad qoldiqlari portlashi natijasida sodir bo‘lgan ko‘ngilsiz hodisa oqibatida videomurojaatda murojaat qilgan ota-onalar farzandi Milliy gvardiya muddatli harbiy xizmatchisi A.Iqboljonov hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari olib vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan 21-avgust kuni Chirchiq harbiy prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 297-moddasi (atrofdagilar uchun katta xavf manbayi bo‘lgan qurol-yarog‘, shuningdek, modda va buyumlar bilan muomalada bo‘lish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, prokuror nazorati o‘rnatilgan.