O‘zbekistonning qo‘shni besh davlat bilan chegaralarining umumiy uzunligi salkam 7100 kilometrni tashkil etadi. Bunda Afg‘oniston bilan chegara eng qisqa (143 kilometr) bo‘lsa-da, nisbatan notinchi, ta’bir joiz bo‘lsa, eng vahimalisi. 40 yildan beri tinmayotgan fuqarolar urushi bir tomon, mamlakat ichkarisidagi turli qurolli guruhlar, narkotiklar bilan bog‘liq vaziyat hamma vaqt hushyorlikka undaydi.

Hayraton ko‘prigi oldidagi o‘zbekistonlik harbiy.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

“Tolibon” hokimiyat tepasiga o‘rnashgan bugungi kunlarda O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan chegarasi qanday qo‘riqlanmoqda? O‘zbekistonga biror-bir tahdid bormi? Chegarachilarning kayfiyati qanday? “Daryo” muxbirlari shu kabi savollarga javob topish maqsadida mamlakat janubida bo‘lib, O‘zbekistonni Afg‘oniston bilan bog‘lab turuvchi Hayraton ko‘prigidagi vaziyat va chegaradagi harbiy qismda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.


Ko‘z oldimizda ulug‘vor Amudaryo, uning narigi tarafida Afg‘oniston. Ikki mamlakatni, ularning xalqlarini birlashtiruvchi har turli ko‘rinmas rishtalar sanoqsiz bo‘lsa-da, jisman ularni Hayraton (xohlang, “Do‘stlik” deb atang) ko‘prigi bir-biri bilan bog‘laydi.

Amudaryo. Konteynerlarga to‘la narigi sohil — Afg‘oniston.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Hayraton ko‘prigidan o‘tib, O‘zbekistonga kirib kelayotgan afg‘onistonliklar shunday so‘zlar bilan kutib olinadi.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

“Tolibon” qudratga kelgan keyingi kunlarda bu ko‘prik kelajagini ortiq o‘z vatanida ko‘rolmay qolgan afg‘onistonliklar uchun tashqi dunyoga chiqish darvozasiga aylandi. Ular bilan suhbatlasharkanmiz, aksari endi Afg‘onistonga qaytish dushvor ekanini ta’kidlaydi, toliblarning o‘zgarganiga, o‘zgarishiga ishonmasligini aytadi.

Chegaradan o‘tgan afg‘onistonliklar.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Chegaradan o‘tgan afg‘onistonlik ayollar.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

So‘ng o‘zimizning harbiylarimizdan so‘raymiz: “Xavotirlanasizmi?”. “Chegaradan o‘tayotgan bu afg‘onistonliklar uchun xavotirlanaman, lekin bu xavotirning bizning hududimizga daxli yo‘q”, — deydi ulardan biri. “Qiziqmisiz, yo‘lbarsning oldidagi mushukdek gap-ku”, — deydi ishonch bilan boshqasi. “Ahvol qanday bo‘lishidan qat’i nazar, hushyor bo‘lishimiz kerak”, — tushuntiradi uchinchisi.

O‘zbekistonlik chegarachilar.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

“Mening jangovar shayligim, kasbiy mahoratim, yuqori intizomim Vatanim xavfsizligi kafolatidir” — biz bir muddat turib qolgan, bosh binosining oldiga Chingizxon taslim etolmagan buyuk Jaloliddin Manguberdi byusti o‘rnatilgan harbiy qism hovlisida shunday shiorga ko‘zingiz tushadi. Suhbatlashmoqchi bo‘lganimiz harbiy, garchi hech narsa qilmay turgandek ko‘rinsa-da, ish o‘rnini boshqa bir kasbdoshi egallamaguncha, savolingizga javob bermaydi.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Asli farg‘onalik Hoshimjon Xudoyberdiyev ham ana shunday hushyor, “Vatanni asrash — hayotiy burchim” deb hisoblaydigan harbiy xizmatchilardan. U DXX Chegara qo‘shinlarida xizmatni boshlaganiga olti yildan oshdi; usti ochiq harbiy mashina bortida turib, buyruq kutadi. Hoshimjon zenitchi, unga ZU-23 zenit qurilmasini ishonib topshirilgan — mazkur qurilma tashqi tomondan kiradigan vertolyot, samolyot yo dushman o‘q otish nuqtalarini yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Baland mashinada tik turib, sergak buyruq kutish hazilakam ish emas. “Ot!” deyilgan lahzadayoq buyruqni bajarish kerak. Lekin, ne baxtki, bu qurilma faqat mashg‘ulotlarda ishlatilgan. “Haqiqiy dushman ustiga o‘t ochilgan holat bo‘lmagan”, — deydi 26 yoshli xodim harbiylarga xos sovuqqonlik bilan. Sen bo‘lsa ichingda: “Ishqilib, ostonamizga dushmanning hech qanaqasi kelmasin ham, bu qurollardan o‘t ochishga hech bir zarurat bo‘lmasin ham”, deysan, shuni so‘raysan.

Hoshimjon Xudoyberdiyev.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

“Otam — dehqon, onam — dehqon. Bolaligimdan harbiy bo‘lishni orzu qilganman — kim ham orzu qilmaydi buni? Lekin hamma ham bu maqsad yo‘lida sobitqadam bo‘lolmaydi. Maktabda iqtidorli o‘quvchilar safida bo‘lganman. Keyin avtomobil yo‘llari kollejida tahsil oldim. Odam harakat qilsa, niyatlariga erishaverar ekan”, — deydi xushkayfiyat Hoshimjon. U mana shu sharafli kasbi orqali topgan halol puliga uylandi, nasib bo‘lsa, bolalarini boqadi. “Juda yaxshi sharoitli uy berishdi”, deydi, uyidan, oilasidan xotirjamlik harbiy uchun muhimligini ta’kidlab.

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi harbiy qismlarning birida faoliyat yuritib kelgan katta leytenant Husniddin Hakimov iyulda oila qurgandi. “Tolibon” Afg‘onistondagi yirik viloyat markazlarini birin-ketin egallab, erta-indin Mozori-Sharif va Kobul ham qulashi ayon bo‘lib qolgach, u janubiy sarhadlarni mustahkamlashga safarbar etilgan harbiy xizmatchilar qatori Afg‘oniston bilan chegaraga tashlandi.

Husniddin Hakimov.

Foto: “Daryo” / Otabek Qo‘ldoshev

“Tan olaman, xizmatni endi Afg‘oniston bilan chegarada davom ettirishimni birinchi eshitganimda biroz qo‘rquv paydo bo‘ldi, ‘vaziyat qanday ekan?’ degan hadik bor edi-da. Endigini oila qurganim, rafiqam ham bir oylik kelinchak bo‘lgani boismi, unda ham qo‘rquv kuchli edi. Ammo O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining jangovor tayyorgarligi yuqori darajada bo‘lishini ich-ichimdan his etib, qo‘rquvni yengdim. O‘zimdagi qo‘rquvni yengib, ayolimni ham tinchlantirdim”, — deydi katta leytenant.

Muzrabotdagi harbiy qism manzaralari.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Husniddin Hakimov hozirda xizmatni Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanining Afg‘oniston bilan chegaradosh nuqtasidagi harbiy qismda olib bormoqda. Muzrabotning ushbu harbiy qism joylashgan hududi Afg‘onistonning Balx viloyati Dali qishlog‘i bilan chegaradosh — ikki hududni, butun o‘zbek—afg‘on chegarasida bo‘lgani kabi, Amudaryo ajratib turadi. Katta leytenantning ma’lum qilishicha, “Tolibon” tomonidan birinchilardan bo‘lib egallangan ushbu qishloq o‘ta qashshoq va rivojlanishdan juda ortda qolgan aholi punktlaridan hisoblanadi.

O‘zbekistonlik chegarachi. Uning ortida — Afg‘oniston.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Amudaryoning u tomonida qashshoqlik va notinchlik, bu tomonida esa barcha sharoitlari muhayyo qilingan harbiy shaharcha. Shaharchada zamonaviy tipda qurilgan 40 xonadonli uy, barcha imkoniyatlarga ega bolalar bog‘chasi, harbiy xizmatchilarning oilalari uchun tikuvchilik, pazandachilik sexlari va mashg‘ulotlar uchun sport zallari qurilib, foydalanishga topshirilgan. Xullas, bari Vatan himoyachisi chegarani ortiqcha o‘y-xayollarga berilmay qo‘riqlashi uchun.

Foto: “Daryo” / Otabek Qo‘ldoshev

Harbiy shaharchadagi turar joylar.

Foto: “Daryo” / Otabek Qo‘ldoshev

Harbiy shaharchadagi bolalar bog‘chasi.

Foto: “Daryo” / Otabek Qo‘ldoshev

Harbiy shaharchadagi tikuvchilik sexi.

Foto: “Daryo” / Otabek Qo‘ldoshev

“Tolibon” shundoqqina ostonada bayroq ko‘targaniga qaramay, xavotirga aslo o‘rin yo‘q. Chegara shu qadar qattiq qo‘riqlanadiki, hatto yovvoyi hayvon chegara to‘siqlariga tegib ketsa, harbiy qismga signal kelib tushadi. “Chegaraga ‘aqlli’ kuzatuv kameralari o‘rnatilgan bo‘lib, ular har qanday harakatni — u xoh odam, xoh hayvon bo‘lsin — sezadi”, — deydi “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan harbiy xizmatchilardan biri.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Dastlab, o‘zi yuqorida tan olganidek, xavotirga tushgan bo‘lsa-da, katta leytenant Husniddin Hakimov Afg‘onistonda millionlar taqdiriga ta’sir ko‘rsatuvchi bugungi voqealar yuz berayotgan bir vaqtda Toshkent viloyatidan Surxondaryoga safarbar etilishini Vatan bildirgan ishonch deb hisoblaydi, bundan chin ko‘ngildan faxrlanadi.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

“Afg‘onistonda hokimiyat toliblar qo‘liga o‘tayotgan tahlikali bir davrda Afg‘oniston bilan bevosita chegara hududda Vatanni qo‘riqlash, aynan shu tarixiy jarayonning bir bo‘lagiga aylanish — men uchun sharaf. Shunday sharafli vazifani bajarish uchun imkoniyat bergan rahbarlarimga minnatdorlik bildiraman”, — deydi u.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Rasman 1982-yil mayida ochilgan Hayraton ko‘prigi qanchadan-qancha harbiylarni pensiyaga kuzatgan. Shunday voqelik ostonasida turgan Nurxon Safedov esa harbiy xizmat uchun belgilangan yillarni o‘tab, pensiyaga chiqish vaqti yaqinlashayotganini o‘ylagisi ham kelmaydi. Yelkada qurol, tik qomatdagi harbiy atrofdagi har bir holatga sinchkov, har qanday shubhali harakat kameralarda qayd etilayotganida u allaqachon masalaga oydinlik kiritish uchun hisobot berayotgan bo‘ladi.

Nurxon Safedov.

Foto: “Daryo” / Otabek Qo‘ldoshev

“2000-yildan beri Vatan chegarasini qo‘riqlab kelaman. O‘tgan yillar davomida Vatanimiz sarhadlarini yomon niyatli kimsalardan qo‘riqlab, yurt tinchligi uchun kechayu kunduz tik oyoqda, sergak holda ostonamizni himoyalayapmiz. Bunday mas’uliyatli ishni bizga ishonib, yelkamizga yuklagan xalqimiz va davlatimiz rahbarining ishonchini oqlash uchun hatto jonimizni ham berishga tayyormiz”, — deydi katta serjant Nurxon Safedov.

Chegaradan o‘tadigan har bir transport vositasiga xlorli suyuqlik bilan ishlov beriladi.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Hayraton ko‘prigi orqali afg‘on xalqiga rizq-ro‘z yetib boradi. Yukchilar bug‘doy, un, yog‘ olib o‘tadi. Yog‘och-taxtalar ham shu yo‘ldan o‘tadi. Mosh, loviya, kalava ip kabilar ham hamma vaqt o‘tib kelgan. U tomondan tranzit shaklda guruch, go‘sht, kartoshka kirib kelgan (lekin chegarada bo‘lgan kunlarimiz Afg‘onistondan kirib kelayotgan yuk mashinalarining aksari bo‘sh edi).

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Chegara — bu faqat qurolli hujum yo noqonuniy kesib o‘tish holatlarining oldini olish joyi emas, uni faqat chegarachi qo‘riqlamaydi. Ular bilan yelkama-yelka, masalan, bojxonachilar ham bor. “Tolibon” hokimiyatni egallagan ilk kunlarda O‘zbekiston—Afg‘oniston chegarasidan yuk o‘tishi to‘xtagani haqida xabarlar tarqalgan edi. “Ayritom” chegara bojxona posti katta inspektori Furqat Turdiqulov “Daryo” muxbirlari bilan suhbatda bojxona faoliyati odatdagi tarzda davom etayotgani, yuk mashinalari o‘tib-qaytayotganini ma’lum qildi.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

“Chegara bojxona postining chiqish yo‘nalishida yukli avtotransport vositalari orqali xalq ehtiyojlaridan kelib chiqib oziq-ovqat mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, un mahsulotlari O‘zbekistondan chiqib ketyapti. Bundan tashqari, har doimgidek boshqa davlatlardan O‘zbekistonga tranzit orqali olib o‘tilayotgan tovarlar ham mavjud. Bir kunda o‘rtacha 50—55 ta yukli transport vositasi o‘tib qaytyapti”, — deydi u.

Furqat Turdiqulov.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Suhbatdoshning aniqlik kiritishicha, bir kunda 5—6 tagacha un ortilgan yuk tashuvchi transport vositasi Afg‘onistonga o‘tmoqda. “Bitta mashina yukxonasi sig‘imi 25 tonna bo‘lsa, bu kuniga 100—150 tonna un o‘tyapti, degani”, — yanada aniqlik kiritadi Furqat Turdiqulov. Ayni kunda Afg‘onistondan O‘zbekistonga o‘tayotgan shaxslar uchun salkam yarim kilometrlik masofaga transport xizmati yo‘lga qo‘yilgan, chegaradan o‘tgan har bir fuqaro bojxona ko‘rigiga avtomobilda olib kelinadi.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

“Ayritom” chegara bojxona posti Sanitariya-epidemiologik nazorat punkti xodimi Zuhra Tojiyevaning so‘zlariga ko‘ra, Hayraton ko‘prigi orqali O‘zbekistonga bir kunda 300 nafar, ko‘pi bilan 700—800 ga yaqin odam o‘tadi — shunda ham yo uchinchi mamlakatga chiqib ketish uchun aviachiptasi bo‘lgan yoki O‘zbekistonda yashash uchun ruxsatnomasi bo‘lganlar o‘tkaziladi. Ularning bari koronavirusga test topshiradi — agar natija manfiy chiqsa, muammo yo‘q, ammo musbat chiqsa, mehmon yo ortga qaytariladi, yoki O‘zbekistonda davolanishga imkoni yetsa, qoldiriladi.

Koronavirusga topshirilgan test natijalarini olayotgan afg‘onistonliklar.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Sanitariya-epidemiologik nazorat punkti vakilining ta’kidlashicha, afg‘onistonliklarda hadik va qo‘rquv juda kuchli ekani yaqqol sezilib turadi. “Ular ko‘pincha O‘zbekistonga kirib kelgach ham ortidan kimdir quvayotgandek sarosimada bo‘ladi. ‘Qo‘rqmang, siz O‘zbekistondasiz’, deb tinchlantirishga harakat qilamiz”, — deydi u.

Zuhra Tojiyeva.

Foto: “Daryo” / Otabek Qo‘ldoshev

Ayni vaqtda, Tojiyevaning qo‘shimcha qilishicha, ularning bari o‘zbekistonliklarga havas qilishini bot-bot takrorlaydi: “Bilasizmi, O‘zbekistonga kirib kelayotgan afg‘onistonliklar bilan suhbatlashsak, ular biz, o‘zbekistonliklarga havas qilishini, shunday tinch, osoyishta mamlakatda yashash orzulari ekanini aytadi. ‘Qaniydi, O‘zbekiston hukumati bizning ham shu yerda yashashimizga imkon bersa, biz ham shu yerlarda tinch-xotirjam yashasak, uy-joy qilib, shu yurtda qolsak’, deyishadi”.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Hayraton ko‘prigi.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Qaniydi,.. Afg‘oniston osoyishta va farovon bir mamlakatga aylansa!.. Chegarani tark etarkanmiz, farg‘onalik chegarachi Hoshimjonning zenit qurilmasini ko‘rgan vaqtimiz ko‘nglimizdan o‘tgan gapni takrorlab qoldik: “Ishqilib, ostonamizga dushmanning hech qanaqasi kelmasin, bu qurollardan o‘t ochishga hech bir zarurat bo‘lmasin!”.

Reportajni Mustahkam Tangriyorova, Otabek Qo‘ldoshev va Laylo Hayitova tayyorladi. Fotosuratlar muallifi — Dilruh Isomiddinova va Otabek Qo‘ldoshev.