Samarqand viloyati Urgut tumanidagi savdo markazida sodir bo‘lgan yong‘in bartaraf etildi, deya xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Ma’lum qilinishicha, 2021-yilning 25-sentabr kuni soat 19:24 da Samarqand viloyati Urgut tumani “Yuqori kalangar” MFYda joylashgan “Urgut Fayz savdo” MChJga qarashli ikki qavatli savdo markazida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar kelib tushgan.

Mazkur holat yuzasidan voqea joyiga 3 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji zudlik bilan yetib borgan va yong‘in soat 20:38 da batamom o‘chirilgan.

Yong‘in oqibatida bino birinchi qavatining 98 metr kvadrat maydoni shift qismi va savdo mahsulotlari yonib zararlangan. Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida binoning 420 metr kvadrat maydoni yong‘indan saqlab qolingan.

Hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q.

Bundan avval Navoiyda 9 yoshli bola yong‘in sodir bo‘layotgan uydan qutqarib olingani, Nukusda bir-biriga tutash to‘rtta xonadonda yong‘in sodir bo‘lgani hamda Toshkentda “Milliy taomlar” oshxonasiga mo‘ljallangan binoda yong‘in chiqqani haqida xabar berilgandi.