O‘zbekistonda 24-oktabr kuni prezident saylovi bo‘lib o‘tadi. 20-sentabr kuni esa prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti boshlandi. “Daryo” o‘tgan bir haftani nomzodlar qanday o‘tkazgani haqida hikoya qiladi.

Alisher Qodirov, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod

Alisher Qodirov.

Foto: “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi matbuot xizmati

Saylovoldi tashviqotini ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan “Prezidentlikka Alisher Qodir” norasmiy shiori bilan boshlagan nomzod Alisher Qodirov hafta davomida Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida saylovchilar bilan uchrashdi, hafta oxirida Surxondaryoga jo‘nab ketdi. Nomzod qayerga bormasin, dastlab imkon qadar ajdodlar va ulamolar xotirasiga hurmat bajo keltirishga harakat qildi — Samarqandda birinchi prezident Islom Karimov maqbarasi, Jizzaxda “Bobo yakka” qadamjosi, Surxondaryoda muhaddis Abu Iso Muhammad Imom Termiziy majmuasi ziyoratlari bunga dalil.

Alisher Qodirov saylovchilar bilan uchrashuvda o‘z saylovoldi dasturi (.pdf) haqida ma’lumot berib, partiya nima uchun “Insonni o‘zgartirish orqali jamiyatni o‘zgartiramiz” shiorini tanlaganini tushuntirdi. “Har birimiz o‘zimizga tanqidiy baho berib, bugungi kunda jamiyatimiz rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni birma-bir e’tirof etib, tan olishimiz va ularni hal qilish bo‘yicha aniq yechim va takliflar berishimiz lozim”, — dedi u Samarqanddagi uchrashuvda; uning ta’kidlashicha, ana shunda O‘zbekiston qudratli davlat, xalq farovon bo‘ladi. Taraqqiyot qadriyatlarga tayanishi lozimligini ta’kidlarkan, nomzod “bugun butun non yeb o‘tirgan odam qo‘shnisi qotgan non yeyayotgan bo‘lsa, vijdoni qiynalishi kerak”ligini, “ya’ni imkoni borlar imkoni yo‘qlarga yordam berishi lozim”ligi ta’kidladi.

Bolalar ta’lim-tarbiyasida nafaqat o‘qituvchilar, balki onalarning o‘rni alohida ekanini ta’kidlarkan, Alisher Qodirov O‘zbekistonda 18 yoshgacha farzandi bor ayollarning ish soatini qisqartirilishi kerakligini qayd etib o‘tdi. “Agar ayolni hech bo‘lmaganda bir-ikki soat erta uyga jo‘natsak, farzandlarimizni o‘zimiz istagandek tarbiyalay olamiz”, — dedi u. Uning bunday takliflari, tabiiyki, yig‘ilganlar tomonidan qarsaklar bilan kutib olindi. Jumladan, Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda uning sahnaga chiqishiyoq qarsaklarga sabab bo‘ldi, ammo Qodirov buning o‘rinsizligini aytdi: “Hozir qarsaklar shart emas. Hali bunga munosib ish qilganimiz yo‘q. Dasturimda berilgan va’dalarni bajarsakkina, qarsakka munosib bo‘lamiz”.

“Milliy tiklanish” partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodning fikricha, O‘zbekistonda ham “butun dunyoda bo‘lganidek, oliy ta’limga kirish oson, ammo o‘qish qiyin bo‘lgan tizimga o‘tilishi kerak”, chunki “busiz kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi”. Shuningdek, Alisher Qodirovning so’zlariga ko‘ra, “barcha sohalarda, ayniqsa, iqtisodiyotda davlat aralashuvi kamaymas ekan, maqsadlarimizga erishishimiz qiyinlashib boraveradi”.

Uchrashuvlar monolog emas, balki dialog tarzida o‘tgan, nomzod o‘z dasturi va maqsadlari haqida axborot berib bo‘lgach, uchrashuvga tashrif buyurganlarning savollariga javob bergan. Toshkent viloyatidagi tadbirda Alisher Qodirovga “24-oktabr kuni saylovda kimga ovoz berasiz?” degan savol berilgan. Prezidentlikka nomzod bu savolga quyidagicha javob bergan: “Saylovda o‘zim uchun ovoz bermasam, partiyaga xiyonat bo‘ladi”. Jizzaxdagi uchrashuvda esa u saylovdagi raqiblari haqida fikr bildirgan: “Raqib sifatida ham bitta Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni ko‘raman. Qolgan partiyalarning nomzodlarini, men o‘ylaymanki, xalqimizning o‘zi ham juda tez joyiga o‘tkazib qo‘yadi”.

Bahrom Abduhalimov, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod

Bahrom Abduhalimov.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Alisher Qodirovdan farqli o‘laroq, “Adolat”dan ko‘rsatilgan Bahrom Abduhalimov saylovoldi tashviqotning birinchi haftasida joylarda ko‘rinish bergani yo‘q. Shunga qaramay, u O‘zbekiston Ekologik partiyasiga qarshi maqolasi bilan ijtimoiy tarmoqlarda e’tiborda turdi. Aynan, “yaqinda Milliy bog‘dagi ko‘l ham tag-tugi bilan yo‘q qilinib, o‘rniga allaqanday ‘siti’ qaqqaytirib qo‘yildi. G‘afur G‘ulom nomidagi istirohat bog‘i ham shunday rejalar changalida turibdi”, deb yozib, umuman olganda hammaga ayon voqelikni prezidentlikka nomzod darajasidagi rasmiy shaxs o‘laroq bayon qilgani qiziqarli ko‘rindi.

Abduhalimovning o‘zi birorta uchrashuvga chiqmagan bo‘lsa-da, uning ishonchli vakillari To‘rtko‘ldan to Asakaga qadar bo‘lgan hududlarda tashviqotlar o‘tkazib, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodning dasturidagi asosiy jihatlarni saylovchilarga yetkazdi.

Masalan, Bahrom Abduhalimov prezident etib saylansa, jarimalarni kamaytirmoqchi (“jarimalar, birinchi navbatda, xalqning real daromadiga mutanosib bo‘lishini ta’minlaymiz”), monopoliyalarni tugatmoqchi (“xususan, UzAuto Motors’ga berilgan imtiyozlar va avtomobillar importiga belgilangan bojxona to‘lovlarini har yili 15 foizdan kamaytirib, ochiq raqobatga o‘tishni ta’minlaymiz”), Toshkentni esa tom ma’noda xalqqa bermoqchi (“Prezident administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va davlat idoralarini shahardan tashqariga chiqarib, poytaxtni xalqimizning dam olish, sayohat qilish va hordiq chiqarish maskaniga aylantiramiz”).

Boshqa nomzodlarda bo‘lgani kabi, Bahrom Abduhalimovning saylovoldi dasturida ta’limga alohida o‘rin ajratilgan. Jumladan, u bolalar bog‘chalariga navbatlarni yo‘qotib, davlat bog‘chalarini to‘liq bepul qilmoqchi (“bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga hozirgidek 3 yoshdan emas, 2 yoshdan boshlab, hech qanday navbatlarsiz, 100 foiz qamrab olinishiga erishamiz,.. davlat maktabgacha ta’lim tizimini to‘liq bepul qilamiz”), oliy ta’limga o‘qishga kirishdagi kvotalarni butunlay yo‘q qilmoqchi (“har kimga oliy ta’lim olish huquqi erkinligini hamda reytingi yuqori bo‘lgan talabalarning bepul oliy ta’lim olishini kafolatlaymiz”), bog‘cha, maktab va oliy ta’lim vazirliklarini bitta qilib birlashtirmoqchi (“ta’lim tizimida kechayotgan tarqoqliklardan, qarama-qarshiliklardan voz kechish uchun Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklarini yagona — Ta’lim vazirligiga aylantiramiz”).

Maqsuda Vorisova, Xalq demokratik partiyasi (XDP)dan prezidentlikka nomzod

Maqsuda Vorisova.

Foto: O‘zXDP matbuot xizmati

Maqsuda Vorisova nafaqat 2021-yilgi saylovdagi yagona ayol nomzod, balki 2007 yildan beri prezidentlik uchun kurashga kirishgan o‘zbek xotin-qizlarining birinchi vakilasi hamdir. Vorisova xonim hafta davomida Sirdaryo, Jizzax, Qashqadaryoda saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Format odatdagidek — dastlab nomzod o‘z saylovoldi dasturini o‘qib eshittiradi, so‘ng savol-javoblar.

Agar Vorisova xonim prezident etib saylansa, “har bir insonning minimal ijtimoiy xizmatlarni bepul olishini qonunchilik darajasida kafolatla”moqchi, ayni vaqtda “aholining kam ta’minlangan qatlamlariga bepul, sifatli va to‘laqonli birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatilishi”ga erishmoqchi. Shu bilan birga, u “aholining daromadiga qarab tabaqalashtirilgan soliq solish tizimini joriy etish” kerak, deb hisoblaydi. “Hasham solig‘i joriy etilishi shart. Dabdaba uchun, qimmatbaho tovarlar, avtomobillar, dang‘illama uylar uchun soliq solinishi lozim”, — dedi O‘zXDP nomzodi jizzaxlik saylovchilar bilan uchrashuvda. Bunday soliqlardan tushgan daromad, masalan, ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladi, chunki Maqsuda Vorisova 3-guruh nogironlariga ham nafaqa to‘lashni taklif qilmoqda.

“Adolat” partiyasidan nomzod, yuqorida ta’kidlanganidek, bolalarni bog‘chaga uch emas, ikki yoshdan qabul qilishni targ‘ib qilayotgan bo‘lsa, Maqsuda Vorisova jarayonning boshqa jihatiga e’tibor qaratgan: “6 yoshga to‘lgan bolalarni boshlang‘ich ta’limga majburiy bir yillik tayyorlov bilan bepul to‘liq qamrab olish”. U bu maqsadini saylovchilar bilan uchrashuvda soddaroq tushuntirgan: “Birinchi sinfga o‘quvchilarni 1-sentabr kunigacha olti yarim yoshga to‘lgan holatda qabul qilinishi joriy etiladi”. Shuningdek, Vorisova xonim jamoat transportini maktab o‘quvchilari uchun bepul qilish, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun esa bepul nonushtalar tarqatish tarafdori. Umuman olganda, “Bepul ta’lim!” — O‘zXDPning saylovoldi shiorlaridan biri.

Gap ta’lim haqida ketarkan, sirdaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda yangragan savol-javobni eslatib o‘tish o‘rinli. Mahalliy blogerlardan biri: “Xalq ta’lim va Maktabgacha ta’lim vazirliklarini birlashtirsa bo‘lmaydimi?”, deb bergan savoliga, prezidentlikka nomzod shunday javob bergan: “Ikkala vazirliklarning o‘z funksiyasi bor. Birlashtirishga vaqt erta”. Boshqa bir bloger esa Vorisova xonim prezident etib saylanib qolsa, ishni birinchi bo‘lib nimadan boshlashiga qiziqqan. “Ishni birinchi bo‘lib ishsizlikni bartaraf etishdan boshlardim. Chekka qishloqlarga kichik-kichik zavodlarni olib kirish orqali ishsizlikni bartaraf etamiz”, — deb javob bergan O‘zXDP vakili.

Narzulla Oblomurodov, Ekologik partiya (Ekopartiya)dan prezidentlikka nomzod

Narzulla Oblomurodov.

Foto: O‘zbekiston Ekologik partiyasi matbuot xizmati

O‘zXDP O‘zbekistonda 1991-yildan beri o‘tkazilgan beshta prezident saylovining barchasida qatnashgan yagona partiya bo‘lsa, Ekologik partiya O‘zbekiston prezident saylovlarida qatnashayotgan yettinchi partiya. Ushbu partiyadan davlat rahbari lavozimiga ko‘rsatilgan nomzod Narzullo Oblomurodov birinchi tashviqot haftasi davomida faqat samarqandlik saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi (Yangiyerdagi daraxtlarning kesilishiga alohida munosabatini hisobga olmasa). Uchrashuvda 46 yoshli Oblomurodovni saylovchilarga tanishtirisharkan, uning Yaponiya va Yevropa ilmiy markazlarida malaka oshirgani, Orolbo‘yi hududi muammolarini yechishga qaratilgan “Mo‘ynoqqa madad” xayriya velomarafoni, “Daraxt eking” aksiyasi kabi loyihalar muallifi ekani alohida qayd etib o‘tildi.

Ekologik partiya nomzodining saylovoldi dasturida “suv” so‘zi 46 marta uchraydi. “Markazlashgan ichimlik suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini yaxshilash bo‘yicha dasturiy vazifalarni amalga oshirish orqali aholining ichimlik suvi ta’minoti 90 foizga yetkaziladi”, — deyiladi Oblomurodovning dasturida. Buning uchun, jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda suvni chuchuklashtiruvchi lokal qurilmalar barpo etiladi, oqova suvlarni tozalash inshootlarining samaradorligi past bo‘lgan hududlarda, jumladan, Angren, Guliston, Samarqand, Jizzax, Urganch, Nukus, Andijon, Chirchiq va Toshkent shaharlaridagi oqova suvlarni tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish hamda yangilarini qurish choralari ko‘riladi.

Bunday dasturda Orol dengizi, tabiiyki, alohida bir bob o‘rin egallaydi. Oblomurodov prezident etib saylansa, “qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish orqali Orolbo‘yi hududiga Amudaryoning yuqori va o‘rta qismidan yiliga kamida 5-6 km3 hajmda suv yuborilishini ta’minla”moqchi. Qurigan dengizning salbiy ta’siridan eng ko‘p aziyat chekuvchi Nukus, Buxoro, Urganch, Xiva, Navoiy, Mo‘ynoq kabi shaharlar atrofida “yashil belbog‘lar” barpo etish hamda mazkur hududlardagi istirohat bog‘lari maydonlarini kengaytirish taklif etilmoqda. Mamlakatdagi qolgan ko‘llar ham Orolning taqdirini takrorlamasligi uchun Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi, “Dengizkul”, “Quyimazor” va “To‘dako‘l” suv omborlari ekotizimlarini muhofaza qilishni kuchaytirish maqsad qilingan.

Ekopartiyaning ta’lim yo‘nalishidagi takliflari yuqorida sanab o‘tilgan uch partiyaniki kabi katta emas, lekin e’tiborga molik raqamlar mavjud. Oblomurodovning saylovoldi va’dalaridan biri — O‘zbekistondagi maktabgacha ta’lim qamrovini 100 foizga, oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 40 foizga yetkazish.

Shavkat Mirziyoyev, Liberal-demokratik partiya (O‘zLiDeP)dan prezidentlikka nomzod

Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev yakuniga yetgan haftani prezidentlikka nomzod sifatida faol o‘tkazdi. Bo‘zatov, Xiva va Samarqandda o‘tkazilgan saylovoldi uchrashuvlari nafaqat O‘zLiDeP nomzodining kelgusi besh yillik rejalari bilan tanishuvga, balki O‘zbekistonning yaqin o‘tmishiga sayohatlarga aylanib ketdi.

Saylovchilar bilan suhbatlar davomida Shavkat Mirziyoyev nima uchun O‘zbekistonning hozirgi bosh vazirini baxtli deb hisoblashini, uysizlik va propiska muammosi deb o‘zi qanchalik qiynalganini, mina bosgan o‘zbek-tojik chegara muammosi bir necha soat ichida qanday hal etilgani, Toshkentdagi Mirzo Ulug‘bek haykalining boshi kimlar tomonidan qay maqsadda kesib ketilganini ochiqladi.

Nomzodning saylovoldi dasturi (.pdf) mamlakat hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan. Unda mamlakat eksport salohiyatini 2026-yilgacha 30 milliard dollarga yetkazish maqsadidan boshlab 2022-yilda Toshkent uchun 320 ta elektrobus sotib olishgacha, yo‘l qurilishi, issiqlik ta’minoti, obodonlashtirish xizmati kabi 25 ta faoliyat turida monopoliyalarni tugatishdan boshlab nogironligi bo‘lgan odamlarning bandligini uch barobarga oshirishgacha, qishloq xo‘jaligida yiliga 7 milliard metr kub suvni tejab qolish imkonini beruvchi davlat dasturini ishga tushirishdan boshlab, oliy ta’lim qamrovini 50 foizgacha oshirish kabi maqsadlar bor.

Bundan tashqari, mamlakatga kelayotgan chet ellik sayyohlar sonini 2026-yilga borib 9 millionga yetkazish, Toshkentdagi jamoat transporti tizimini tubdan isloh qilish, poytaxtda 9 jamoat parki va 20 ta xiyobon tashkil etish, butun mamlakat bo‘ylab har yili 200 million daraxt ekish kabi rejalar ham bor. Shavkat Mirziyoyev saylovoldi uchrashuvlar davomida dasturdan o‘rin olmagan boshqa ko‘plab takliflarni ham ilgari surdi. Masalan, 2022-yildan Qoraqalpog‘iston va Xorazmda (keyinchalik esa butun mamlakatda) boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul tushliklar berish, Urganch tibbiyot oliygohini tashkil etish, Samarqand davlat universitetiga Sharof Rashidov nomini berish, Samarqand tibbiyot institutini universitetga aylantirish (bu orqali Samarqandni mintaqaning “tibbiyot xabi”ga aylantirish) shular jumlasidandir.

Shuningdek, O‘zLiDeP nomzodi Qoraqalpog‘istonda 2 milliard dollarlik shamol elektr stansiyalari ishga tushirilishi, buning natijasida 750 ming xonadon va 25 mingdan ziyod korxonani elektr bilan ta’minlashga yetgulik energiya ishlab chiqarilishini, Samarqandga yaqin joyda neft topilganini ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev uchrashuvlarda prezidentlikka nomzod sifatida qatnashgan (va buni uchrashuvlardagi moderatorlarga eslatishga ham majbur bo‘lgan) bo‘lsa-da, hududlarga tashriflar doirasida davlat rahbari sifatida joylardagi o‘zgarishlar bilan ham tanishdi, aholi bilan muloqot qilib, ziyoratlarda bo‘ldi.