Buyuk Britaniyaning yuragi hisoblangan London betakrorligi bilan har yili millionlab sayyoh va migrantlarni o‘z bag‘riga chorlaydi. Bu shaharda tahsil olayotgan yoxud karyera qilayotgan yuzlab o‘zbekistonliklarni uchratish mumkin. Andijonlik 36 yashar Elbek Aliyev ham xorijda o‘z o‘rnini topishga ulgurganlardan. “Daryo” muxbiri Londondagi VivaldiPro brendi asoschisi va rahbari bo‘lgan tadbirkor bilan suhbatlashdi. U suhbat davomida Angliyaga ketishi, xorijdagi hayot tarzi va faoliyati haqida so‘zlab berdi.

“Onamning vafotidan keyin xorijga ketishga qaror qildim”

Asli vodiylikman. Andijon shahrida shifokorlar oilasida tug‘ilib, voyaga yetganman. Oilada uch farzandmiz: akam va ukam bor. Provizor (dorishunos) bo‘lish orzusida 18 yoshimda Toshkent farmatsevtika institutiga o‘qishga kirganman.

Foto: Elbek Aliyevning shaxsiy arxividan

U paytlarda ham poytaxtda xorijning ko‘plab farmatsevtika kompaniyalari bo‘lardi. Agar ingliz tilini bilsangiz, 3-kursda ham sizni ishga olishardi, ishga kirish oson va maoshi ko‘proq edi. Oliy o‘quv yurtiga kirgan davrimdanoq ingliz tilidan IELTS olishga tayyorgarlik ko‘rishni boshlaganman.

2006-yilning fevral oyida onam vafot etdi, u paytda 3-kursda o‘qirdim. O‘shanda kuchli depressiya holatiga tushganman. Ko‘p narsaga nisbatan qiziqishim qolmagan: o‘qishga kam borardim, odamlar bilan gaplashgim kelmasdi. Fikr-u xayolim faqat chet elga ketish, xorijda ingliz tilini mukammal o‘rganish edi.

Foto: Elbek Aliyevning shaxsiy arxividan

Xuddi shu yili 1-avgustda yaqin qadrdonim bilan Toshkentdagi bir xorijiy firma orqali viza olishga tavakkal hujjat topshirdik. Firma xodimlari “To‘lovni viza chiqqanidan keyin amalga oshirasizlar”, deyishdi. Bu kutilmagan imkoniyat bizni quvontirib yubordi. Bir kundan so‘ng menga viza chiqdi, og‘aynimga esa yo‘q. Oradan o‘n yetti kun o‘tib, Londonga uchdim. Ungacha AQShga ketish maqsadida bir necha marotaba viza olishga harakat qilganman. Ammo urinishlarim natija bermagandi.

“Aeroportda to‘rt kun yashaganman”

Tog‘amning o‘g‘lidan uch oy muddatda qaytarish sharti bilan uch ming dollar qarz olib, viza pulini to‘laganman va Angliyaga chipta xarid qilganman. Lekin begona yurtga borib yashashga: yeb-ichish va ijara uyiga pulim bo‘lmagan.

Londonga yetib borgach, aeroportda to‘rt kun yashaganman. Bekzod ismli o‘zbekistonlik yigit bilan u onasini Toshkentga kuzatgani chiqqanida tanishib qolganmiz. U meni ijara uyiga taklif qilgan. Sakkiz nafar o‘zbek bir xonadonda yasharkan. Men ham o‘sha uyda yashay boshlaganman.

Foto: Elbek Aliyevning shaxsiy arxividan

Ertasi kuni ish qidirishga tushganman. Cho‘ntagimda umuman pul yo‘q, yashash uchun kurashish kerak. Pitssa do‘konidagi e’longa ko‘zim tushib, ish so‘rab kirganman. U yerdagilar haydovchilik guvohnomam borligini so‘rashdi. “Ha”, deb javob berdim. Ammo menda yo‘q edi. “Mototsikl boshqarishni bilasanmi?”, deyishdi. Yana “ha”, dedim, lekin haydashni bilmayman.

Do‘kondagi haydovchilardan mototsikl tezligini birinchi darajaga qanday urishni so‘rab, shu tezlikda mijozga pitssa yetkazib berish uchun tavakkal yo‘lga tushdim. Qo‘limda mijoz manzili bor, ammo u yerga qanday yetib borishni bilmayman. Yo‘l-yo‘lakay odamlardan so‘rab-surishtirib, ikki soatga yaqin vaqtda manzilni topib bordim. Lekin birinchi tezlikda yurganim uchun ulovning motori yorilib ketdi. Keyin do‘kondagi Raj ismli xodimga qo‘ng‘iroq qilib, unga holatni tushuntirganman. U oldimga yetib kelib, yordamlashgan va uyga ketishimga ruxsat bergan.

Foto: Elbek Aliyevning shaxsiy arxividan

Ertasi kuni yana do‘konga bordim va mijoz manzilini berishdi. Pitssani olib chiqayotsam, pokistonlik Usmon degan yigit mototsikl tezligini birinchi, ikkinchi va keyingi darajalarga ko‘tarayotganini ko‘rib qoldim. Bu juda oson ekan. Shu tariqa mototsikl boshqarishni asta-sekin o‘rganib oldim.

Pitssa tashuvchi, baliq tozalovchi, brend rahbari...

Olti oy davomida mototsikl haydab, pitssa yetkazib berish bilan shug‘ullandim. Bu xizmatim uchun haftasiga 200 funt sterling olardim. Ammo bu men uchun kam edi.

Foto: Elbek Aliyevning shaxsiy arxividan

Pitssani o‘z vaqtida yetkazib bersam-da, har bir mijozga kulib qarardim va, albatta, uzr so‘rardim. Ular bu odatim uchun menga 4 funt qo‘shib berishardi. Boshida bunga ajablanganman. Keyinroq bilsam, londonliklar sifatli xizmat va xushmuomalani juda qadrlarkan.

Bir soatda to‘rtta mijozga mahsulot olib borsam, oltmish daqiqa ichida o‘rtacha 16 funt qo‘shimcha pul topardim. Bu esa Angliyadagi yashashim uchun yetarli edi. Do‘kondan oladigan haftalik maoshimni esa jamg‘arib borardim.

Yarim yil davomida pitssa tayyorlashni ham o‘rgandim. Keyin do‘konda menejer sifatida faoliyat yurita boshladim. Oyligim meni qoniqtiradigan darajada edi. Bir yildan so‘ng Toshkentdan uch xonali uy xarid qildim. Bu hayotimdagi o‘zim sotib olgan birinchi katta narsa edi.

Pitssa do‘konida ikki yil menejer bo‘lib ishlaganimdan keyin baliq restoraniga ishga o‘tdim. U yerda baliq tozalashga, kartoshka to‘g‘rashga qarashardim, baliqning hidi kuchli bo‘lardi, ishi og‘ir edi. Lekin sharoitlar ham shunga yarasha bo‘lib, rahbariyat uy, mashina bergandi, maoshi ham yaxshi. Oradan vaqt o‘tib restoran faoliyatini to‘xtatdi.

Yana ish qidirishga kirishdim va uylanayotgan erkaklar uchun kostyum-shim ijaraga beruvchi savdo do‘koniga menejer bo‘lib ishga joylashdim. London yaqinida, aniqrog‘i, Temza daryosi bo‘yida joylashgan Sanberi tumanidagi savdo ofisida uch yilcha ishladim. 2015-yilning oktabrida mazkur do‘konni sotib oldim va nomini o‘zgartirib, VivaldiPro brendi ostida faoliyat yuritayapmiz. Ochig‘ini aytsam, kun kelib kostyum-shim tikish bilan shug‘ullanaman deb sira o‘ylamagandim.

“Taniqli insonlar oilaviy mijozga aylangan”

Tanish-bilishlarim do‘konimizning tezda ommalashgani siri nimada ekanini ko‘p so‘raydi. Biz tayyor kostyum-shimni mijozlarga ijaraga berishdan tashqari, buyurtma asosida tikib berishni ham yo‘lga qo‘ydik. Aynan mana shu xizmat orqali nom qozondik deb o‘ylayman.

Foto: Elbek Aliyevning shaxsiy arxividan

Eshik taqillatib kelgan hech bir mijozga hech qachon “yo‘q” degan javobni aytmaymiz. Mijoz kelib, mana bu narsani qila olasanmi desa, qo‘limizdan kelish-kelmasligini hali bilmasak ham, “ha” degan javobni beramiz va jamoamiz bilan hamjihatlikda uning xohishidagi mahsulotni tayyorlashga harakat qilamiz. Shu orqali asta-sekin tajribamizni oshirib bordik.

Faoliyatimiz davomida hech qachon reklamaga ahamiyat bermaganmiz. Bir mijozning o‘z ortidan bir qancha mijozni olib kelishi — og‘izdan og‘izga o‘tish tufayli do‘konimiz nomi tez tarqaldi. Mijozlarimiz orasida taniqli insonlar ham bor.

Masalan, sobiq futbolchilar — Jon Terri, Stiven Jerrard, taniqli qo‘shiqchi Jeyms Artur, mashhur aktyor Jeyson Steytem kabi ko‘plab sportchilar, san’atkorlar va siyosatchilarga kostyum tikib berganmiz. Ayrimlari oilaviy mijozga aylangan.

Foto: Elbek Aliyevning shaxsiy arxividan

Bilsizmi, mijozlarimiz orasida taniqli insonlar bo‘lsa-da, ammo ulardan ham ancha mashhur kishilarni mahsulotimizga jalb qilishni istayman va shu yo‘lda harakatdamiz. Hatto prezidentlar buyurtma berib, mijozlarim qatoridan joy olishini maqsad qilganman.

“Mijozlar xohishiga qarab talab qiladi”

To‘g‘ri, buyurtma asosida kostyum tikish juda qimmatga tushadi, ammo buni xohlovchilar talaygina. Angliyada ko‘plab odamlar narxi qimmat bo‘lsa-da, sifatli va o‘ziga yoqqan kiyim kiyishni istaydi.

Foto: Elbek Aliyevning shaxsiy arxividan

Shunday mijozlar borki, o‘zi nima xohlayotganini aytib, “Menga mana bu materialdan tayyorlab berasan”, deydi. Aksariyat mijozlar “Kostyumning astarida yaqinlarimning rasmi bo‘lishi kerak”, “Kostyumning mana bu joyida u yoki bu narsa bo‘lsin”, deb o‘zlarining xohishlarini aytadi va talab qiladi. Biz odatimizga ko‘ra “yo‘q” demaymiz va aytganidek tikib beramiz.

Ular buyurtma asosida tikish ancha qimmatga tushishini yaxshi biladi va shuning uchun kostyumning narxi unchalik muhim emas. Misol uchun, tayyor kostyum 350—400 funt (400—550 dollar) bo‘lsa, buyurtma asosida tikiladigan mahsulot narxi 2500—3000 funtga (3500—4100 dollar) tushadi.

Foto: Elbek Aliyevning shaxsiy arxividan

Mijozlar istaganidek mahsulot tayyorlab berishimiz orqali ham boshqa do‘konlardan ajralib turamiz va shu bois mijozlar safi kengayib boryapti, nazarimda.

“Londonda vaqt sizni kutib turmaydi”

Londonda chumolidek ishlamasangiz, sizga kelayotgan chiqimlar miqdori kirimlardan hamisha ko‘p bo‘ladi. Natijada siz qarzga kirishni yoki ochlikda yashashni boshlaysiz. Angliyada vaqtdan unumli foydalana olmasangiz, ko‘p narsani yutqazishingiz aniq. O‘zbekistonda bir necha kunlar, haftalar davomida uddasidan chiqadigan ishingizni Londonda bir necha soat ichida qilishingiz kerak. Moskva, Jakarta, Parij kabi shaharlar singari Londonda ham vaqt tez o‘tib ketadi, vaqt sizni kutib turmaydi.

Foto: Elbek Aliyevning shaxsiy arxividan

Londonda bir oyda ishlab topgan pulingizning ko‘p qismini yashash uchun: ijara uy, telefon va oziq-ovqatga sarflaysiz. Jamoat transporti, ayniqsa, metroda yurish ancha qimmat. Avtobusda yurish arzonroqqa tushadi.

“Qiyinchiliklarni yengish uchun o‘zimda kuch topa olaman”

Londonga Toshkent farmatsevtika institutida o‘qib yurgan paytimda: 4-kurs boshida ketganman. Shu bois ushbu oliy o‘quv yurtidagi o‘qishimni oxirigacha yetkazmaganman. Biroq Angliyada mehnat faoliyatimni olib borish bilan birga Vestminster universitetining IELTS kursi hamda Tijoriy menejment institutining biznes yo‘nalishida tahsil oldim. Asosiy maqsadim ingliz tilini puxta o‘rganish edi, bunga erishdim.

Foto: Elbek Aliyevning shaxsiy arxividan

Shu paytga qadar farmatsevtika sohasida umuman ishlaganim yo‘q va ishlamoqchi ham emasman. Sog‘liqni saqlash sohasida faoliyat yuritmayotgan bo‘lsam ham tadbirkorlik ortidan orzularimga birin-ketin erishyapman. Maqsadim — kam vaqt sarflab, ko‘p daromad topish va chiroyli turmush kechirish. Agar biror dorixona ochsam, uni dori-darmon bilan ta’minlashga ko‘p vaqt ketadi.

O‘ylab ko‘rsam, hozir onam tirik bo‘lganida, hayotning turli qiyinchiliklariga tayyor bo‘lmas edim. Onangiz yoki otangiz vafot etsa, hamma ta’ziya bildirib, sizga hamdardlik izhor etadi, ammo bu bilan hech narsa o‘zgarmaydi. Onaning o‘rni baribir boshqa ekan. Volidangiz hayot bo‘lsa, har qanday sinovli vaziyatlarda yoningizda turib, sizni qo‘llab-quvvatlaydi.

Foto: Elbek Aliyevning shaxsiy arxividan

Hayotim yoki karyeramda biror qiyinchilikka duch kelsam, uni yengish va amalga oshirish uchun o‘zimda doim kuch topa olaman. “21 yoshimda uch xonali uy xarid qilganman, nima uchun bu ishni qila olmasligim kerak?”, degan savolni ko‘p beraman. Mana shu fikr sabab o‘zimga nisbatan ishonchim ortib, oldinga intilaman.

“Sport hayot tarzimga aylangan”

Londonda kunni to‘g‘ri taqsimlab, rejali yashasangiz, ko‘p narsaga ulgurishingiz mumkin. Masalan, o‘zimning ham har bir kunim reja asosida o‘tadi va belgilangan ishlarimni o‘z vaqtida tez-tez bajarishga odatlanganman. Ertalab soat 08:00 dan kechki 20:00 gacha televizor ko‘rmayman. Doim zararli narsalardan uzoqda bo‘lishga harakat qilaman.

Foto: Elbek Aliyevning shaxsiy arxividan

Sport bilan jiddiy shug‘ullanganim uchun u hayot tarzimga aylanib bo‘lgan. Har kuni bir yoki ikki soat vaqtim zalda o‘tadi. Sog‘lig‘imni o‘ylab, doim tabiiy mahsulotlar iste’mol qilaman.

Oxirgi yarim yil ichida odamlardan “Sen bodibildermisan?”, “Dietologmisan?”, “Professional sportchimisan?”, degan turli savollarni ko‘p eshitdim. Ayrim tanishlarim musobaqalarda qatnashib ko‘rishimni maslahat berdi va menda qiziqish paydo bo‘ldi. Aslida hech qachon musobaqada ishtirok etmagandim.

Foto: Elbek Aliyevning shaxsiy arxividan

Bu safar Toshkentga kelishdan oldin bodibilding va fitnes bo‘yicha o‘tkaziladigan O‘zbekiston chempionatiga onlayn ro‘yxatdan o‘tdim. Poytaxtga kelgach, 80 kilogram vazn toifasida qatnashdim va atlet-fizik yo‘nalishi (175 sm) da beshlikka kirib, to‘rtinchi o‘ringa loyiq ko‘rildim va diplom bilan taqdirlandim.

“Sayohat qilgan odam kamroq xatoga yo‘l qo‘yadi”

Sayohatlarga chiqishni juda yaxshi ko‘raman. Shu kungacha Fransiya, Italiya, Rossiya, Belgiya, Shveysariya, Gretsiya kabi o‘ttizdan ortiq davlatda bo‘ldim. Siz qancha ko‘p mamlakatlarga borsangiz, qancha ko‘p millat vakillari bilan muloqot qilsangiz, shunchalar haq yoki nohaqligingizni, to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri yo‘lda ekaningizni tushunib yetasiz va kamroq xatoga yo‘l qo‘yasiz. Ko‘p sayohat qilishimning bitta sababi ham shu.

Foto: Elbek Aliyevning shaxsiy arxividan

Dunyo kezgan odam bu hayotda hech kim emasligini anglaydi. Chunki siz qanchalik taniqli yoki millioner odam bo‘lmang, boshqa bir davlatda hech kim emassiz, sizni birov tanimaydi. Bu esa hamisha kamtar, samimiy bo‘lib yashashingizga turtki beradi.

“O‘zbekistonga qaytaman!”

O‘zbekistonda tug‘ilib, katta bo‘ldim, Londonda esa o‘zligimni angladim. Angliyada ancha yildan beri yashayotganim uchun o‘zimni eski qadrdon maskanimda yurgandek va erkin his qilaman. Odamzod qayerda qancha ko‘p muddat yashasa, o‘sha yerga qattiq bog‘lanarkan.

Foto: Elbek Aliyevning shaxsiy arxividan

Ayni paytda ma’lum muddat bilan Toshkentdaman. Agar tug‘ilgan yurtimda uch-to‘rt oy yursam, bu yerga o‘rganib qolaman. Chunki Londondan shuncha vaqtga uzoqlashaman. Lekin qachonlardir O‘zbekistonga, albatta, qaytish niyatim bor. Vaqti kelib, bu dunyodan ko‘z yumsam, Andijonda vafot etgim va onamning oldida bo‘lgim keladi. Londonda jasadi sarson bo‘lgan o‘zbekistonliklarni ko‘rib, qattiq ta’sirlanganim bois shu fikr miyamda ko‘p aylanadi.

Mirolim Isajonov suhbatlashdi