Toshkent viloyatida bir-biriga qo‘shni ikki uyda chiqqan yong‘in bartaraf etildi, deb xabar beradi FVV matbuot xizmati.

Foto: FVV matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, 27-sentabr kuni soat 08:47 da Toshkent tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga tumanning “Fayzobod” MFY hududida joylashgan Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidagi 8-uy hamda unga qo‘shni bo‘lgan Muhammad Yusuf ko‘chasidagi 75-uyda yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Xabarga asosan 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 08:50 da yetib borib, soat 08:55 da yong‘in o‘rab olingan va soat 09:30 da to‘liq bartaraf etilgan.

Yong‘in oqibatida ikkala uyning ham 60 kvadrat metrdan maydoni yonib zararlangan.

Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidagi 8-uyning 200 kvadrat metr maydoni, Muhammad Yusuf ko‘chasidagi 75-uyning 100 kvadrat metr maydoni yong‘indan saqlab qolingan.

Hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q. Hozirda yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Avvalroq Samarqanddagi ikki qavatli savdo markazida, Nukusda bir-biriga tutash to‘rtta xonadonda, Toshkentdagi “Milliy taomlar” oshxonasiga mo‘ljallangan binoda yong‘in chiqqani to‘g‘risida xabarlar berilgandi.