Andijon viloyatining Shahrixon tumanida joylashgan ikki qavatli savdo markazining yerto‘lasida yong‘in yuz berdi. Holat aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

FVV matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, hodisa haqida xabar Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga 30-sentabr kuni soat 15:34 da xabar kelib tushgan. Shunga ko‘ra, voqea joyiga 9 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 15:40 da yetib borib, yong‘in soat 16:17 da o‘rab olingan va soat 16:29 da o‘chirilgan.

Qayd etilishicha, yong‘in oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q. Hozirda yong‘inning  kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Bundan avval Andijondagi bog‘chalardan birining hududida yong‘in chiqqani haqida xabar berilgan edi. Ushbu yong‘in quruvchilarning ehtiyotsizligi oqibatida kelib chiqqan.