Rossiyaning USM Telecom (“YueSeM Telekom”) va MegaFon aloqa kompaniyasi o‘zbekistonlik sheriklari bilan birgalikda 29-sentabr kuni Digital Holding qo‘shma korxonasini tuzish bosqichini yakunladi. Bu haqda “Daryo”ga Ucell matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston davlat aktivlarini boshqarish agentligida 30-sentabr kuni qo‘shma korxona tashkil etish to‘g‘risidagi yakuniy hujjatlar to‘plami imzolandi. Digital Holding kompaniyasiga ilgari Ucell bosh direktori bo‘lgan Vladimir Kravchenko rahbarlik qiladi.

Digital Holding faoliyati O‘zbekistonda telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va sifatini yaxshilashga, xususan xalqaro standartlarga mos raqamli infratuzilmani shakllantirishga yo‘naltiriladi.

Shuningdek kompaniya ma’lumotlarini saqlash va qayta ishlash, raqamli markirovka va alohida turdagi tovarlar harakatini nazorat qilishda ilg‘or texnologiyalar va tizimlarini joriy etishni maqsad qilgan.

Qo‘shma korxona tarkibi Ucell aloqa operatorining 100 foiz ustav kapitali, USM sho‘ba korxonalari — CRPT Turon va ICS Holding Uzbekistan’ni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, Rossiya tomoni Digital Holding kompaniyasini rivojlantirish uchun 100 million dollar sarmoya kiritadi. Qo‘shma korxonaning 51 foiz ulushi MegaFon va USM Telecom qo‘shma korxonasi “Didjital Invest”ga, 49 foizi esa O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tegishli bo‘ladi.

Ucell (COSCOM MChJ)ning yangi bosh direktori lavozimiga ilgari Rossiyada MegaFonning mintaqaviy rivojlanish bo‘yicha direktori lavozimida ishlagan Andrey Shishkovskiy tayinlandi. ICS Holding Uzbekistan kompaniyasini Andrey Maygur boshqaradi. Anatoliy Bachikalov CRPT Turon bosh direktori lavozimini saqlab qoladi.

“Digital Holding qo‘shma korxonasining yaratilishi MegaFon OAJ singari kuchli o‘yinchining bozorga kelishi ilg‘or texnologik yechimlar joriy etilishiga xizmat qiladi. Mamlakat rahbariyati tomonidan soha oldiga iqtisodiyot tarmoqlari raqamli transformatsiyasi, xususan mobil aloqani kelgusida rivojlantirish bo‘yicha katta vazifalar qo‘yilgan. Raqamli iqtisodiyot iqtisodiy o‘sishning asosiy boshqaruvchi kuchi sifatida belgilangan. Shuning uchun mobil aloqa va internet xizmatlari sifatini oshirish, elektron tijorat tizimlari, raqamli xizmatlar va dasturiy mahsulotlarni rivojlantirishni jadallashtirish ko‘zda tutilmoqda”, — deydi O‘zbekiston bosh vaziri maslahatchisi Olimjon Umarov.

“MegaFondan biz o‘zbekistonlik hamkasblarimizga o‘z tajribamiz, texnologiyalarimiz va muvaffaqiyatli keysimizdan to‘liq foydalanish imkoniyatini taqdim etamiz”, — deb ta’kidlagan MegaFon bosh direktori Xachatur Pombuxchan.

Rossiyaning MegaFon va USM Telecom aloqa kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirayotgani haqida 2021-yilning fevralida ma’lum qilingandi. Rossiya tomoni Digital Holding rivojlanishi uchun 100 million dollar investitsiya kiritadi.

Ucell — GSM, UMTS, LTE va 5G standartlaridagi uyali aloqa operatori bo‘lib, O‘zbekiston uyali aloqa bozorida yetakchi sanaladi. Kompaniyaning xizmatlaridan 8 million abonent foydalanadi. 2021-yil 1-avgust holatiga ko‘ra, aholi punktlarida qamrov 97,8 foiz (GSM); 73,2 foiz (UMTS); 73,4 foiz (LTE). Ucell — 5G standartini O‘zbekistonda ilk bor sinab ko‘rgan kompaniya.

USM Telekom — USM xolding kompaniyasining raqamli bo‘linmasi. MegaFon telekommunikatsiya operatori va IKS Holding IT guruhini 100 foiz nazorat qiladi. “YueSeM Telekom”ning asosiy egalari USM (aksiyalarning 80 foiz), Ivan Streshinskiy (10 foiz) va Аnton Cherepennikov (10 foiz).

MegaFon — butun Rossiya raqamli imkoniyatlar operatori va Ookla xalqaro kompaniyasining Rossiyadagi mobil Internetning eng yuqori tezligi uchun beriladigan mukofoti besh karra sohibi. Kompaniya IT va telekommunikatsiya sohalarini birlashtiradi, mobil va statsionar aloqa, Internetga mobil va keng polosali ulanish, raqamli televideniye va OTT video kontenti, innovatsion raqamli mahsulotlar va servislar uchun xizmatlar ko‘rsatadi. Kompaniyaning Rossiyadagi xizmatlaridan 72 million mijoz foydalanadi.

Ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish markazi (ITRM) — raqamli iqtisodiyotda keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirish uchun yaratilgan. ITRM USM (50 foiz), Rostex (25 foiz) va Elvis-Plus Group (25 foiz) qo‘shma loyihasi sanaladi. ITRM Rossiyada tovarlarni raqamli markirovkalash va kuzatib borish uchun davlat axborot tizimini yaratadi. Davlat-xususiy sheriklik formatida yaratilgan CRPT Turon tajribalar natijasiga ko‘ra, O‘zbekistonda markirovka tizimining operatori sifatida belgilangan.