Farg‘ona shahri “Sharof Rashidov” mahallasida joylashgan ko‘p qavatli uylarning birida sodir bo‘lgan yong‘in FVB xodimlari tomonidan bartaraf etildi. Bu haqda “Zo‘r TV” telekanalining “Bu kun” informatsion dasturida ma’lum qilindi.

Kadr: Telegram

Ma’lum qilinishicha, 27-sentabr kuni soat 17:32 da viloyat FVB Tezkor boshqaruv markaziga “Sharof Rashidov” MFY, Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylarning  birida yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan.

Yong‘in qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 17:37 da yetib borgan. Yong‘inni o‘chirish barobarida xonadonda yashovchi fuqaro (1941-yilda tug‘ilgan) binodan xavfsiz hududga olib chiqilgan. 3 va 4-qavatda istiqomat qiluvchi boshqa fuqarolar ham xavf ostida qolgani sabab, yana uch nafar fuqaro binoning balkon qismidan narvon yordami xavfsiz joyga ko‘chirilgan.

Yong‘in oqibatida uyning 15 kvadrat metr maydoni va ayrim uy jihozlariga zarar yetgan, 45 kvadrat metr maydon saqlab qolingan. Hozirda yong‘inning sababi va zarari aniqlanmoqda.

Avvalroq Toshkent viloyati Angren shahrida joylashgan ko‘p qavatli uylardan birining tom qismida yong‘in sodir bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgandi.