Namangan tumanida joylashgan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalaridan birida yong‘in sodir bo‘ldi, deb xabar beradi viloyat FVB matbuot xizmati.

Kadr: Telegram

Ma’lum qilinishicha, 2-oktabr kuni soat 00:13 da Namangan tumani FVBga tumandagi “Qurama” MFY Qorasuv ko‘chasidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida ma’lumot kelib tushgan.

Zudlik bilan qutqaruvchilar voqea joyiga soat 00:25 da yetib borishib, yong‘inni 00:27 da qurshab olgan. Sodir bo‘lgan yong‘in 00:45 da o‘chirilgan.

Yong‘in oqibatida shoxobchaning birinchi gaz quyish uskunasi va shift qismida 40 kvadrat metr joyi yonib, zararlangan. Hodisa natijasida tan jarohati olganlar yoki halok bo‘lganlar yo‘q.

Hozirda sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq Samarqandda “ZIL” kabinasi yonib ketgani, Buxoroda to‘xtab turgan Cobalt’da yong‘in chiqqani, Qashqadaryoda harakatlanayotgan Damas qisqa tutashuv sabab yonib ketgani to‘g‘risida xabar berilgandi.