Qarshi shahrining “Kat” mahallasida joylashgan mebel sexida yong‘in chiqdi. Oqibatda uch kishi vafot etdi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lum qildi.

Foto: Sohib Vaitov

Qayd etilishicha, yong‘in 1-oktabr kuni soat 09:00 da sodir bo‘lgan.

“Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga 1-oktabr kuni soat 09:10 da Qarshi shahar ‘Kat’ mahallasining Nasaf ko‘chasida joylashgan mebel ishlab chiqarish sexida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida xabar kelib tushdi. Mazkur xabarga ko‘ra, beshta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 09:13 da voqea joyiga yetib borib, soat 09:16 da yong‘in qurshab olingan va soat 09:26 da o‘chirilgan”, — deyiladi boshqarma axborot xizmati xabarida.

Foto: Sohib Vaitov

Ma’lumot berilishicha, yong‘in natijasida ishlab chiqarish sexining, taxminan, 200 kv/metr maydoni ichidagi mahsulotlari bilan birga yonib zararlangan, yong‘in-qutqaruvchilar tomonidan 800 kv/metr maydon asrab qolingan.

“Yong‘in ichidan uch nafar fuqaro qutqarilib, birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Qarshi filialiga yuborilgan. Biroq hodisa oqibatida ushbu fuqarolar vafot etgan”, — deydi boshqarma axborot xizmati rahbari Sohib Vaitov.

Qo‘shimcha qilinishicha, hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.