Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev Toshkent shahar prokuraturasi binosi oldidagi daraxtlar kesilayotgani to‘g‘risida xabar berdi. Poytaxt Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasining ma’lum qilishicha, daraxtlarni kesish ishlari qonuniy tarzda amalga oshirilgan.

Foto: Telegram / Rasul Kusherbayev

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar ekologiya boshqarmasiga poytaxtning Chilonzor tumani Labihovuz ko‘chasida noqonuniy daraxtlar kesilishi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat kelib tushgan.

Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Ekologiya, Ekopatrul va IIB xodimlaridan iborat maxsus ishchi guruhi tuzilib, murojaatda qayd etilgan manzilda atroflicha o‘rganish ishlari olib borilgan.

Foto: Toshkent shahar Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi

O‘rganish ishlari natijasiga ko‘ra, tuman hududidagi mavjud tabiiy omillar ta’sirida kasallanib qurigan, inson hayoti va mol-mulkiga xavf soluvchi daraxtlar xatlovdan o‘tkazilib, xulosa asosida tuman hokimining qaroriga muvofiq qonuniy tarzda kesilgani ma’lum bo‘lgan.

Avvalroq Toshkentdagi Maqom markazi qurilayotgan hududda 60 ga yaqin daraxt qurib qolgani aniqlangandi.