Jahon banki O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti (YaIM) o‘sishi prognozini 4,8 foizdan 6,2 foizga oshirdi. Bu haqda Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo hududidagi iqtisodiy vaziyat to‘g‘risidagi hisobotiga tayanib, UzNews xabar berdi.

Foto: UzReport

Ta’kidlanishicha, ushbu ssenariy COVID-19 ning ichki va tashqi iqtisodiy sharoitlarga doimiy ta’siri tufayli noaniq bo‘lib qolmoqda. Investitsiya, savdo va pul o‘tkazmalarining tiklanishi esa o‘sishga yordam beradi.

Prognozga ko‘ra, 2022-yilda mamlakat YaIM o‘sish tempi yuqoriligicha qolib, 5,6 foizni tashkil qiladi, bu aholining emlanishi tezlashishi va jahon iqtisodiyotining buzilishi kamayishi hisobiga yuz beradi.

Investitsiya loyihalari uchun mashinalar, uskunalar va xomashyo importi tiklanishi va oltin eksporti o‘tgan yilgi rekord darajadan kamayishi va boshqa tovarlar eksportining o‘sishi evaziga to‘lov balansining joriy operatsiyalari hisobi taqchilligi 2021-yilda YaIMga nisbatan 5,9 foizni tashkil qiladi.

To‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 2021-yilda past darajada qolishi va 2022-yilda qisman tiklanishi kutilmoqda.

“Ijtimoiy yordamni kengaytirish, qishloq infratuzilmasini yaxshilash va emlash xarajatlarini kengaytirishga qaratilgan davlat investitsiyalari 2021-yilda davlat xarajatlarini ko‘paytirishda davom etadi”, — deyiladi hisobotda.

Ushbu xarajatlar soliq tushumlari va xususiylashtirish daromadlarining o‘sishi hisobiga qoplanadi va prognoz bo‘yicha budjet taqchilligi 2021-yilda YaIMning 5,5 foizini tashkil qiladi. Yil oxirigacha YAIMning 40,6 foizga o‘sadigan davlat qarzini oshirish orqali qoplanadi.

Eslatib o‘tamiz, Jahon bankining mart oyidagi hisobotida ham 2021-yilda O‘zbekistonda YaIM o‘sishi 4,8 foizgacha tiklanishi prognoz qilingandi.

S&P Global Ratings xalqaro reyting agentligining navbatdagi hisobotida 2020-yilda O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishga (1,6 foiz) erishgan dunyodagi kamdan kam mamlakatlardan biri bo‘lgani ta’kidlanib, aholi jon boshiga YaIM hajmini oshirish, pul-kredit siyosatining samaradorligini oshirish, hisobdorlik va institutlar o‘rtasidagi o‘zaro tiyib turish tizimining rivojlantirish zarurati qayd etilgandi.