Qamchiq dovonida 9—10-oktabr kunlari yog‘ingarchilik (yomg‘ir—qor) bo‘lishi kutilayotgani sababli Favqulodda vaziyatlar vazirligi haydovchilarga ogohlantirish bilan chiqdi.

Foto: FVV matbuot xizmati

Vazirlikning qayd etishicha, A-373 Toshkent—O‘sh avtomobil yo‘lining Qamchiq dovoni hududida vaqti-vaqti bilan kuchli yog‘ingarchilik, tuman, ko‘rinuvchanlik 50 metrgacha pasayishi, shamol tezligi 15—20 metr/sekundgacha kuchayishi kutilmoqda. Avtoyo‘lda yaxvonlik yuzaga kelishi mumkin.

Shu munosabat bilan vazirlik dovon yo‘lida harakatlanayotgan vaqtda haydovchilarni barcha xavfsizlik choralarini ko‘rishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, Favqulodda vaziyatlar vazirligi 6-oktabr kuni ham kuzatiladigan ob-havo sharoiti tufayli Qamchiq dovonida harakatlanuvchi haydovchilarni xavfsizlik choralarini ko‘rishga chaqirgandi. 5-oktabr kuni kechasi ushbu dovon yo‘lida qor yog‘gandi.