Vashington politsiyasi Gollivud aktyori Vudi Xarrelsonga “Uotergeyt” mehmonxonasi tomida hujum qilgan suratkashga ayblov e’lon qiladi, deb xabar beradi Esquire.

Foto: Legion Media

Ko‘ngilsiz hodisa 6-oktabr kuni mahalliy vaqti bilan soat 23:00 larda sodir bo‘lgan. Xarrelson mast holda bo‘lgan erkakdan o‘zi va qizini suratga olishni to‘xtatishni, shuningdek, olingan suratlarni o‘chirishni so‘ragan. Aktyorning so‘zlariga ko‘ra, bunga javoban suratkash unga hujum qilib, “bo‘ynini bo‘g‘ishga uringan”. Shunda Xarrelson erkakni urgan. Guvohlar ham aktyorning versiyasini tasdiqlagan.

Xarrelsonning xatti-harakati politsiyachilar tomonidan o‘zini himoya qilish deya baholangan. Suratkash mehmonxonada so‘roq qilingan bo‘lib, uning ismi ayblov e’lon qilingach oshkor etiladi.

Vudi Xarrelson bunga qadar ham bir necha bor suratkashlar bilan mushtlashuvlarda ishtirok etgan. Oxirgi mojaro 1995-yili Martas-Vinyard orolida sodir bo‘lgan. Sudning qaroriga ko‘ra, aktyor “oilasini ta’qib qilgan”i aytilgan suratkashlarga kompensatsiya to‘lashi kerak bo‘lgan.

Shuningdek, 2006-yilda ham Gollivudda yuzaga kelgan mojarodan keyin da’vo kiritilgan bo‘lib, Xarrelson vaziyatni sudga qadar hal etgan. Uch yildan so‘ng u La-Guardiya aeroportida nyu-yorklik suratkash bilan janjallashib qolgan.