“Tolibon” harakati Afg‘onistonda ekstremistik jangarilar guruhlari, jumladan, IShID terrorchilik tashkilotining bo‘linmalariga qarshi kurashda AQSh bilan hamkorlik qilmoqchi emas. Bu haqda “Tolibon” vakili Suxayl Shahin ma’lum qildi, deb yozmoqda AP.

Foto: AP Photo

“Tolibon” vakillari Qatarda AQSh delegatsiyasi bilan Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan muzokaralar olib bormoqda.

AP agentligining qayd etishicha, Afg‘onistonda ektremistik guruhlarga qarshi kurashish — muzokaralar davomida muhokama qilinadigan eng asosiy masalalaridan biri.

Biroq “Tolibon” hozircha AQShdan bu borada yordam so‘ramoqchi emas. “Biz IShIDga qarshi kurashni o‘zimiz uddalaymiz”, — deya ta’kidlagan Suxayl Shahin.

Suxayl Shahin.

Foto: AP Photo

Oktabr boshidan beri Afg‘onistondagi ikkita masjidda teraktlar sodir etilib, portlashlar yuz bergan. 3-oktabrda Kobuldagi Idgoh masjidi yaqinida yuz bergan portlash oqibatida kamida 12 nafar odam halok bo‘lgan.

Shuningdek, 8-oktabrda Qunduz viloyatidagi shialar masjidida sodir etilgan terakt tufayli 100 ga yaqin kishi hayotdan ko‘z yumgan. Ikkala portlash uchun ham mas’uliyatni IShID o‘z zimmasiga olgan. O‘zbekiston TIV Afg‘onistondagi masjidda yuz bergan portlashni keskin qoralashini bildirgan. Shuningdek, sentabr oxirida ham Afg‘onistonda “Tolibon” va IShID o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar kuzatilgan.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.