Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi mebel ishlab chiqarish sexida yong‘in yuz berdi. Holat aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

FVV matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Zangiota tumani “Chig‘atoy Oqtepa” MFY Toshkent halqa avtomobil yo‘li ko‘chasida joylashgan mebel ishlab chiqarish sexida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida xabar viloyat FVBga 12-oktabr kuni soat 15:08 da kelib tushgan.

Shunga ko‘ra, 7 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 15:16 da yetib borib, yong‘in soat 15:25 da qurshab olingan va soat 16:07 da batamom o‘chirilgan.

Yong‘in oqibatida mebel ishlab chiqarish sexining, taxminan, 170 kvadrat metr maydondagi tomi, shifti hamda ichki jihozlari yonib zararlangan.

Xabarda aytilishicha, hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.