Millionlar o‘yini futbolda shunday gap bor: “yaxshi futbolchi har doim ham yaxshi murabbiy bo‘lavermaydi”. Va aynan ushbu ibora uzoq yillardan beri o‘z isbotini topib kelmoqda. Ayni damda jahon futbolining eng nomdor murabbiylari qatorida tilga olinadigan Xosep Gvardiola (biroz bahsga sabab bo‘lishi mumkin), Yurgen Klopp, Tomas Tuxel singari murabbiylar o‘rtamiyona futbolchi bo‘lgan. “Futbol qirollari” sifatida tilga olinadigan Diyego Maradona, Pele va bir qator yetuk futbolchilar esa murabbiylik borasida katta natijalari bilan umuman maqtana olmaydi. Shu bilan birga, ham yaxshi futbolchi, ham yetuk murabbiy sifatida faoliyat yurit(ayot)ganlar ham bor, bundaylar sirasiga Zinedin Zidan, Yoxan Kroyf, Antonio Konte, Karlo Anchelottini keltirish mumkin. Ammo murabbiylar orasida yana bir toifa borki, ularni futbolning “asl egalari” (futbol ichidan chiqqanlar) unchalik ham xushlamaydi. Bu toifa murabbiy bo‘lishdan oldin professional futbolchi bo‘lmagan mutaxassislardir. “Daryo” bugun (to‘liq ro‘yxatga da’vo qilmagan holda) ana shunday murabbiylarning taniqlilari haqida hikoya qiladi.

Alberto Zakkeroni (Italiya, 68 yosh)

Foto: Google Photos

Ro‘yxatni 2011-yilda Yaponiya terma jamoasini Osiyo chempioni qilgan italiyalik mutaxassis Alberto Zakkeroni boshlab beradi. Yoshlar va havaskorlar o‘rtasida bir qancha muddat to‘p surib, professional faoliyatini yo‘lga qo‘ya olmagan Zakkeroni 30 yoshida murabbiylik faoliyatini boshlaydi. U faoliyati davomida Italiyaning uch grandi — “Milan”, “Inter” va “Yuventus”ni boshqargan kam sonli murabbiylardan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, Zakkeroni “Udineze”, “Latsio” “Torino” klublari, Yaponiya va BAA terma jamoalariga ham ustozlik qilgan. Uning eng katta yutuqlari sifatida 1999-yilda “Milan”ni Italiya chempioni qilgani va 1998-yilda “Udineze” bilan A Seriyada bronza medalini qo‘lga kiritganini aytish mumkin. Shuningdek, yuqorida tilga olinganidek, u Yaponiya terma jamoasini Osiyo chempionati g‘olibiga aylantirgan.

Karlush Keyrush (Portugaliya, 68 yosh)

Foto: Google Photos

O‘zbekistonlik muxlislarga Eron terma jamoasidagi faoliyati orqali yaxshi tanish bo‘lgan Karlush Keyrush 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Portugaliyani ikki marta chempion qilgani bilan murabbiy sifatida dunyoga tanilgan.

Asli Mozambikda tug‘ilgan Keyrush ancha yoshligida professional futbolchi bo‘la olmasligini tushunib yetadi va o‘zini murabbiylik sohasida sinab ko‘rishga qaror qiladi. Yoshlar bilan katta muvaffaqiyatlarga erishgach, unga Portugaliya milliy terma jamoasi ham ishonib topshiriladi. Biroq asosiy jamoada uning omadi yurishmaydi, portugallar uning qo‘l ostida Yevro—1992 va JCh—1994 ga chiqa olmaydi.

Shundan so‘ng u “Sporting” klubi hamda BAA va JAR terma jamoalarida faoliyat yuritib, ma’lum yutuqlarga erishadi. Keyinchalik uning iqtidorini Aleks Fergyuson payqaydi va uni “Manchester Yunayted”ga taklif qiladi. Fergyuson bilan Angliya Premyer Ligasi g‘olibi bo‘ladi, bu natija uning “Real”da ish boshlashiga zamin yaratadi. Biroq Madrid klubi uni qoniqarsiz natijalar tufayli bir yildan so‘ng iste’foga chiqaradi.

2008-yilda Keyrush yana Portugaliya termasida ish boshlaydi. Biroq bu safargi natijalar ham arzigulik bo‘lmaydi.

2011—2019-yillarda esa Eron terma jamoasini boshqaradi va Osiyo jamoasini ikki marta Jahon Chempionatiga olib chiqadi. 2019—2020-yillarda Kolumbiyaga ustozlik qilgan Keyrush hozirda Misr terma jamoasini boshqarmoqda.

Andre Villash-Boash (Portugaliya, 43 yosh)

Foto: Twitter

Andre Villash-Boash haqida gap ketganda, ko‘pchilik muxlislar uni Yevrokuboklarda g‘olib bo‘lgan eng yosh murabbiy sifatida eslaydi. U 17 yoshidan boshlab murabbiylikka o‘qiy boshlagan va 19 yoshida professional jamoani boshqarish imkoniyatini beradigan A kategoriyasiga ega bo‘ladi. 2003-yildan boshlab “Portu”da Joze Mourinyoga assistent sifatida ish boshlaydi. Mourinyo “Inter” va “Chelsi”ni boshqarganda ham unga yordamchilik qiladi. 2010-yildan esa “Portu”da mustaqil ish boshlaydi. O‘sha mavsumda jamoa bilan Portugaliya chempionati va Kubogi, mamlakat Superkubogi hamda Yevropa Ligasida g‘olib bo‘ladi. U bu natijalarga erishgan vaqtida bor-yo‘g‘i 34 yoshda edi.

Shundan keyin uning faoliyatida pasayish kuzatiladi — qisqa muddatdan “Chelsi” va “Tottenhem”ni boshqaradi. Bundan tashqari, uning rezyumesida “Zenit” va “Shanxay SIPG” kabi klublarni ham uchratish mumkin. Uning so‘nggi ish joyi Fransiyaning “Marsel” jamoasi bo‘ldi, u 2021-yilning bahoridan beri ishsiz.

Villash-Boash o‘zini avtopoygada ham sinab ko‘rishga ulgurdi. 2018-yilda u Dakar rallisida ishtirok etdi. Uning jamoasi yo‘ltanlamas avtomobillar yo‘nalishida 4-kunga kelib 41-o‘rinda borayotgandi. Biroq uning avtomobili avariyaga uchraydi va Andre belidan jarohat oladi. Shundan keyin uning “Overdrayv” jamoasi musobaqadan chiqadi.

Rafael Benites (Ispaniya, 61 yosh)

Foto: Twitter

Rafael Benites Villash-Boashdan farqli o‘laroq ancha vaqtgacha futbol bilan shug‘ullangan. U Madrid klublarining yoshlar jamoalarida to‘p surgan, biroq 1979-yilgi Universiada o‘yinlarida jarohat olib, hali boshlanib ulgurmagan karyerasiga nuqta qo‘yadi.

Jarohatidan keyin quyi liga jamoalarida to‘p tepgan Benites 1986-yildan boshlab professional murabbiy sifatida ish boshlaydi. U boshqargan klublar ro‘yxatiga qaralsa, faqat mashhur nomlarni uchratish mumkin: “Valensiya”, “Liverpul”, “Inter”, “Chelsi”, “Napoli”, “Real Madrid” va “Nyukasl”. E’tiborlisi, Benites mazkur klublarning barchasi bilan sovrinlarga ega chiqqan, faqatgina uning “Real”dagi yarim yillik davri sovrinsiz o‘tgan. 2019-yildan 2021-yilgacha Xitoyga ham sarguzasht qilib kelgan Rafa hozirda “Everton”ga ustozlik qilmoqda.

Joze Mourinyo (Portugaliya, 58 yosh)

Foto: Getty Images

So‘nggi o‘n yillikning eng yaxshi murabbiylaridan biri Joze Mourinyo yuqoridagi hamkasblaridan farqli ravishda jarohat sabab emas, balki o‘z xohishiga ko‘ra futbolchi bo‘lish fikridan qaytadi. U o‘zini kelajakda murabbiy sifatida ko‘radi va shu sohada ta’lim olishni boshlaydi. “Benazir” bolalar jamoasidan to dunyoning eng kuchli klublarigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tadi.

Ma’lumki, futbol olamida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan ayrim mutaxassislar Mourinyoning murabbiylik qobiliyatiga shubha bilan qaraydi va uni shunchaki omadi kelib qolgan oddiy bir tarjimon (bunday deyishlariga sabab, Mour murabbiylik kursisiga o‘tirguniga qadar klublarda tarjimonlik qilgan) deb biladi. Biroq Mourinyoga nisbatan bunday deyilishi adolatsizlikdan boshqa hech narsa emas. Uning tanqidchilari bunday jiddiy bayonot berish uchun kamida “Portu” darajasidagi klub bilan Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘lishi kerak, Mourinyo esa bu ishni uzoq bo‘lmagan 2004-yilda uddalagan.

“Portu”dan keyin “Chelsi”, “Inter”, “Real”, “Manchester Yunayted” va “Tottenhem” singari jamoalarni boshqargan “Benazir” Portugaliya, Angliya, Ispaniya va Italiya chempioni hisoblanadi. Shuningdek, u “Inter” bilan ham Chempionlar Ligasida g‘olib chiqqan.

Bundan tashqari Mourinyo o‘zining noodatiy xarakteri va “tesha tegmagan” iqtiboslari bilan ham istalgan murabbiydan ajralib turadi. Aynan shu sabab ham unga yuqorida tilga olingan “Benazir” laqabi berilgan.

Mour hozirda “Roma”ni yana avvalgi darajasiga qaytarish ustida ishlamoqda. Umuman olganda, yoshligida futbolchi bo‘lmagan murabbiy uchun yomon natijalar emas, shunday emasmi?

Mauritsio Sarri (Italiya, 62 yosh)

Foto: Getty Images

Sarrining hayot yo‘li mazkur ro‘yxatdagilarnikidan tubdan farq qiladi. Yoshligida velosport bilan shug‘ullanadi, shundan so‘ng futbolga qiziqib qoladi. Lekin millionlar o‘yinida ham omadi yurishmagach, o‘zini bank sohasida sinab ko‘radi.

Biroq 33 yoshida yana futbolga qaytadi va Italiyaning oltinchi divizionida ishtirok etadigan jamoaga murabbiy bo‘ladi.

Shu tariqa u bosqichma-bosqich oldinga qadam tashlaydi va 55 yoshida, 2013/14-yilgi mavsumda kamtargina “Empoli”ni A Seriyaga olib chiqadi. O‘shanda juda ko‘plab ekspertlar “Empoli”ni autsayder sifatida baholab, jamoa yana B Seriyaga tushib ketadi degan fikrni ilgari surgandi. Ammo Sarri jamoasi yakunda barcha taxminlarni yo‘qqa chiqara oldi va musobaqani 15-o‘rinda yakunlab, elitada qolish vazifasini bajardi.

Keyinchalik “bankir”ning sarguzashtlari yanada qiziq tus oldi: u “Napoli”ga murabbiy bo‘ldi va neapolliklar bilan Italiya chempionatida ikki bor kumush va bir marta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. 2018/19-yilgi mavsumda “Chelsi” bilan Yevropa Ligasida g‘alaba qozondi. 2019/2020-yilgi mavsumda esa “Yuventus” bilan A Seriya g‘olibi bo‘ladi. 2021-yilning iyun oyidan Rimning “Latsio”sida ish boshladi.

Murabbiylikni endi boshlash arafasida turgan yosh va tajribasiz yigitlarga Sarrini bemalol qat’iyat va mehnat namunasi sifatida ko‘rsatish mumkin.

Yulian Nagelsman (Germaniya, 34 yosh)

Foto: Twitter

Ro‘yxatimizga uning eng yosh vakili Yulian Nagelsman yakun yasab beradi. U 19 yoshiga qadar turli jamoalarda qo‘nim topish uchun harakat qilgan, biroq tizzasidagi surunkali jarohatlar tufayli hali eskirib ulgurmagan butsilarini mixga iladi.

Shundan so‘ng u biznes va sport sohasida tahsil oladi va ma’lum muddat “Augsburg” klubida “Chelsi”ning hozirgi bosh murabbiyi Tomas Tuxel bilan ishlab ko‘radi.

2010-yilda esa “Hoffenhaym” strukturasida ish boshlaydi. 2016-yilda, 28 yoshida jamoaga bosh murabbiy etib tayinlanadi. Shu tariqa u Bundesliganing eng yosh murabbiyiga aylanadi. “Hoffenhaym”dagi dastlabki mavsumda jamoani elitada saqlab qolishning uddasidan chiqqan bo‘lsa, kelasi yillarda jamoa Germaniya chempionatida 4 va 3-o‘rinlarni egallaydi. Bu klub tarixidagi eng yaxshi natijalar edi.

2019-yilda Nagelsmanning faoliyatida yangi sahifa ochiladi, u “Leypsig” bosh murabbiyi etib tayinlandi. Leypsig klubi uning qo‘l ostida Bundesligada 3-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Chempionlar Ligasida yarim finalga qadar yetib borishning uddasidan chiqadi.

2021-yilda unga mamlakatning eng nomdor va kuchli klubi — “Bavariya” ishonib topshirildi. Nagelsman Germaniya terma jamoasiga ketgan Hans Flikning o‘rnini egalladi. 34 yoshli Nagelsman murabbiy sifatidagi ilk sovrinini 2021-yilning avgust oyida qo‘lga kiritdi: “Bavariya” bilan Germaniya Superkubogida “Borussiya D”ni mag‘lub etdi.

Hamma narsa yaxshilikka deganlaridek, Nagelsman agar futbolchi bo‘lganida ham shunday yutuqlarga erishgan bo‘lardi deb hech kim kafolat bera olmaydi...