Dunyo va o‘zbek sportiga oid 13-oktabr kunining eng muhim xabarlari dayjesti bilan tanishing.

O‘zbekiston

“Dinamo” ikki yillik tanaffusdan keyin Superligaga qaytdi

Foto: “Dinamo”

Pro-Liganing 17-turidan o‘rin olgan o‘yinda “Olimpik” 13-oktabr kuni “Nurafshon”ga qarshi bahsda raqib darvozasiga javobsiz 5 ta gol urdi. Bu g‘alaba “Dinamo”ning muddatidan avval Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritishiga sabab bo‘ldi. Chunki “Nurafshon” ushbu o‘yindagi mag‘lubiyatdan so‘ng 2-o‘rinni egallash imkoniyatini boy berdi. Bu esa “Dinamo”ning Superligaga chiqishini ta’minladi.

Shu tariqa samarqandliklar ikki yildan so‘ng Superligaga qaytdi. 2019-yilgi mavsumda “Dinamo” 14-o‘rinni egallab, Pro-Ligaga tushib ketgan edi.

Avvalroq “Neftchi” muddatidan oldin Superligaga chiqish vazifasini uddalagan edi.

Superliga 22-turining oltita o‘yinida VAR tizimi ishlaydi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining 21-tur bahslari 15—17-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadi. PFL mazkur bahslarda faoliyat olib boradigan hakamlar nomini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Superliganing oltita o‘yinida VAR tizimi ishlaydi: “Nasaf” — “Metallurg”, “OKMK” — “Mash’al”, “So‘g‘diyona” — “Qo‘qon-1912”, “Turon” — “Surxon”, “Navbahor” — “Bunyodkor”, “Lokomotiv” — “Andijon”.

Shuningdek, tashkilot O‘zbekiston Kubogi chorak finali doirasidagi o‘yinlarning boshlanish vaqtini ma’lum qildi. Bahslar 20—29-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston Kubogi

1/4 final bahslari

20-oktabr

15:30 “Olimpik” — “Paxtakor”

28-oktabr

18:15 “OKMK” — “Qizilqum”

18:15 “Bunyodkor” — “Surxon”

29-oktabr

18:15 “So‘g‘diyona” — “Nasaf”.

Jahon

Arsen Venger bir o‘yin uchun Saudiya Arabistonining ikki klubidan tashkil topgan klubga bosh murabbiy bo‘ladi

Foto: Getty Images

Arsen Venger bir o‘yin uchun Saudiya Arabistonining “An-Nasr” va “Al-Hilol” klublari futbolchilaridan tashkil topgan jamoaga murabbiy bo‘ladi.

Mazkur birlashgan jamoa 2022-yilning yanvar oyida Riyadh Season Cup o‘rtoqlik musobaqasi doirasida “PSJ”ga qarshi o‘yin o‘tkazadi.

Qayd etish kerak, “An-Nasr” klubi safida O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Jaloliddin Masharipov harakat qiladi.

Kelasi mavsumdan boshlab Liga 1 da 18 ta jamoa qatnashadi

Foto: Google Photos

Fransiya chempionatida 2023/24-yilgi mavsumdan boshlab 18 ta jamoa qatnashadi, deb yozmoqda RMC Sport.

Shu tariqa kelasi mavsumda to‘rtta jamoa quyi ligaga tushib ketadi va ikkita klub oliy divizionga yo‘l oladi. Hozirda Liga 1 da 20 ta jamoa bor.

Ronaldu — terma jamoa safida 10 ta het-trik qilgan ilk futbolchi

Foto: Getty Images

Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu JCh—2022 saralash bosqichi doirasidagi Lyuksemburgga qarshi o‘yinda (5:0) het-trik qayd etdi.

Bu Ronaldu uchun milliy terma jamoadagi 10-het-trik bo‘ldi. Shu tariqa u tarixda bu ko‘rsatkichga erishgan birinchi o‘yinchiga aylandi.

Undan keyingi o‘rinlarda Ali Dayi (Eron, 8 ta het-trik), Pele (Braziliya, 7) va Lionel Messi (Argentina, 7) bormoqda.

Shuningdek, Ronaldu ushbu het-trigi orqali terma jamoada gol urish borasida o‘ziga tegishli bo‘lgan Jahon rekordini yangiladi. Uning terma jamoadagi gollari 115 taga yetdi.

“Manchester Siti”ning asosiy transfer maqsadi Erling Holand

Foto: Twitter

“Manchester Siti” “Borussiya D” hujumchisi Erling Holandni sotib olishni asosiy maqsad deb biladi. Bu haqda The Times xabar berdi.

Qayd etilishicha, “shaharliklar” yanvarda futbolchining agenti Mino Rayola bilan uchrashadi va muzokaralar o‘tkazadi.

“Nyukasl” klubi egalari “Inter”ni ham sotib olmoqchi

Saudiya Arabistoni hukumatiga tegishli fond (PIF – Public Investment Fund) “Inter” klubini sotib olmoqchi, deb yozadi Calciomercato.

Ta’kidlanishicha, PIF vakillari “Inter”ning xitoylik xo‘jayinlari — Chjanlar oilasi bilan muzokara o‘tkazgan. Xitoyliklar klubni bir milliard yevroga baholamoqda.

Tomonlar o‘tgan yili ham ushbu mavzuni muhokama qilgan, biroq Chjanlar taklifni rad etgandi. Eslatib o‘tamiz, PIF “Nyukasl”ni 330 mln funt evaziga sotib olgandi.

JCh—2022 da ofsaydni avtomatik aniqlash tizimidan foydalanilishi mumkin

2022-yilda Qatarda bo‘lib o‘tadigan Jahon Chempionatida ofsaydni avtomatik aniqlash tizimi ishga tushirilishi mumkin.

Bu haqda FIFA futbolni global rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Arsen Venger ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, katta ehtimol bilan bu tizim mundialda ishlaydi va VAR tizimining ishini tezlashtiradi.

Daniya muddatidan oldin JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi

Daniya terma jamoasi JCh—2022 saralashi doirasida Avstriyani mag‘lub etdi (1:0).

Foto: Twitter

Ushbu g‘alaba tufayli daniyaliklar guruhda birinchi o‘rinni egallab, muddatidan oldin Qatarda o‘tadigan Jahon Chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Daniya Yevropa qit’asida Germaniyadan keyin bu ishni uddalagan ikkinchi jamoaga aylandi.

Daniyaliklar saralashning 8 o‘yinida jami 27:0 hisobida 8 g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Benzemaning finaldagi goli Millatlar Ligasining eng chiroyli goli deb topildi

Fransiya terma jamoasi hujumchisi Karim Benzemaning Millatlar Ligasi finalida Ispaniya darvozasiga urgan goli musobaqaning eng chiroyli gol deb topildi.

Benzema 66-daqiqada jarima maydonchasi burchagidan ajoyib zarba yo‘llab, uchrashuvda hisobni tenglashtirgandi, shundan so‘ng jamoa yana bitta gol urib, g‘alaba qozongan.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!