Qamchiq dovonida 12-oktabr kuni soat 18:30 larda boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l tagidan suv o‘tkazuvchi inshootga tushib ketgan Spark’dan 2 kishi qutqarildi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: FVV matbuot xizmati

Qayd etilishicha, voqea joyiga zudlik bilan “Qamchiq” maxsus qidiruv, yong‘in-qutqaruv boshqarmasining qutqaruvchilari, YPX va tez tibbiy yordam xodimlari yetib kelgan.

Qutqaruvchilar tomonidan maxsus asbob-anjomlar yordamida avtomashinada bo‘lgan haydovchi va bir nafar yo‘lovchi chiqarib olinib, tez tibbiy yordam xodimlariga topshirilgan. Shundan so‘ng maxsus avtokran yordamida suv o‘tkazuvchi inshootdan avtomashina chiqarib olingan. Bu vaqtda YPX xodimlari yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlagan.

Foto: FVV matbuot xizmati

“Qutqaruvchilarning tezkorlik bilan amalga oshirgan harakatlari natijasida ikki inson hayoti saqlab qolindi. Hozirda shifokorlar tomonidan yengil tan jarohati olgan ikkala fuqaroga ham uyga javob berilgan”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Avvalroq Qamchiq dovonida MAN yuk mashinasi YTHga uchrab, yo‘lning harakat qismiga xalaqit beradigan darajada to‘xtab qolishi oqibati bartaraf etilgani ma’lum qilgandi. Bu vaqtda YPX xodimlari harakat xavfsizligini ta’minlagan.