Xorazm viloyati FVB ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Xiva shahridagi bozor yonib ketgani tasvirlangan video yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 13-oktabr kuni soat 00:52 da Xiva shahar FVB navbatchilik qismiga “Sangar” MFY Elobod ko‘chasida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan. Zudlik bilan voqea joyiga yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari yo‘naltirilgan.

O‘t o‘chiruvchilar hodisa joyiga soat 01:03 da yetib borgan, yong‘in 01:34 da o‘rab olinib, soat 02:13 da o‘chirilgan. Yong‘in oqibatida 100 kvadrat metr maydonda joylashgan 9 ta vaqtinchalik yoyma tipdagi oziq-ovqat savdo rastalariga zarar yetgan.

Hozirda yong‘in sababi va zarari aniqlanmoqda. Tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar yo‘q.

Avvalroq Toshkent viloyatidagi mebel sexida yong‘in chiqqani, Qarshi shahridagi mebel sexida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida uch nafar fuqaro vafot etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.