“Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov Andijon viloyatidagi saylovchilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda migrantlardan ham soliq undirish taklifini bildirdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Mamlakatning taraqqiyoti uchun soliqlarning o‘rni juda muhim. Nima uchun bizda migrantlar xorijda ishlab topgan daromadidan soliq to‘lamasligi kerak? O‘zbekistonning taraqqiyoti uchun, kelinglar, soliq to‘laylik”, — deydi Qodirov.

“Biz hozir pul aylanmasini faqatgina migrantlarning ishlayotgan joyidan oilasiga jo‘natgan puli bo‘yicha hisob-kitob qilib, shuncha pul aylanyapti deyapmiz. Bu ham yaxshi, albatta. Lekin u sizning oilangizga jo‘natilgan pul. Undan soliq to‘lanayotgani yo‘q, u mamlakatning taraqqiyoti uchun ishlatilmayapti. Shuning uchun men yanayam vatanparvarroq bo‘lishni taklif qilgan bo‘lardim, migrantlar ham o‘zining solig‘ini mamlakat taraqqiyoti uchun to‘lasin”, — deydi u.

Avvalroq Alisher Qodirov o‘zbek oilalari farzandlarini rus maktablariga berayotgani sabab bolalar o‘zbek tilini bilmay va milliy o‘ziga xosligini anglamay ulg‘ayayotganidan xavotirda ekanini yozib qoldirgandi.