Amerikalik rok-musiqachi va aktyor Jared Leto tuzalmas dardga chalingan moskvalik qizga qo‘ng‘iroq qilib, uni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi. Bu haqda “Umid” xayriya jamg‘armasiga tayanib, Esquire xabar berdi.

Foto: Legion Media

Anastasiya Petrova o‘zining 27 yoshga to‘lgan kuni xospisda (tuzalmas dardga chalingan bemorlarga yordam ko‘rsatuvchi tibbiy-ijtimoiy muassasa) nishonlagan. Qiz Leto va Thirty Seconds to Mars guruhining ijodini juda yaxshi ko‘radi, shu sababli Anastasiyaning akasi xayriyachilardan artistning tabrigini tashkillashtirishni so‘ragan. Natijada Nastyaning orzusi amalga oshgan.

Jared Leto videoaloqa orqali unga qo‘ng‘iroq qilgan va ularning suhbati taxminan 11 daqiqa davom etgan. U Nastyaning hayoti, oilasi va iti haqida so‘ragan, shuningdek, o‘z fikrlari bilan bo‘lishgan. Qiz Letoga 10 yildan beri uyida saqlanayotgan uning kartondan yasalgan tasvirini ko‘rsatgan.

Musiqachi “pelmen”ni yaxshi ko‘rishini, biroq rus tilida gapirishni uddalay olmayotganini tan olgan. Shunga qaramay, u Rossiyadagi konsertlarida gapirishni yaxshi ko‘radigan jumlasini rus tilida aytgan: “Nega to‘nkaga o‘xshab turibsan?”. Suhbat yakunida Leto Nastyaning qarindoshlariga salom yo‘llagan va yonida bo‘lganida uni quchoqlab qo‘ygan bo‘lishini aytgan.

“Umid” jamg‘armasi xodimlari Jared Leto bilan uning do‘stlari va sheriklari orqali bog‘lanishga muvaffaq bo‘lgan. Shuningdek, ularga Nyuta Federmesser va taniqli teleboshlovchi Inan Urgant yordam bergan.