Xalqimiz orasida baliqni nomida “r” harfi bor oylarda yeyish kerak degan gap bor. Shu boisdan ham O‘zbekistonda sentabrdan to aprelga qadar baliq mavsumi hisoblanadi. Mamlakatimizda turli usullarda baliq pishiriladigan joylar, yemakxonalar ko‘p. Ammo Chinoz tumanining Yallama qishlog‘i o‘zining chiroyli tabiati va mazali baliqlari bilan boshqa hududlardan ajralib turadi. Chunki bu yerda pishiriladigan baliqlarni yeyish uchun Toshkent shahridan 60-70 km yo‘l bosib keladiganlar bisyor. Viloyatga qatnaydigan haydovchilarning aksariyati ham yo‘l-yo‘lakay Yallamaga, albatta, kirib o‘tadi. Xo‘sh, buning sababi nima? Baliqning mazali chiqishi uning pishirilish usuliga bog‘liqmi yoki joyning o‘ziga?

“Daryo” jamoasi Yallama qishlog‘ining baliq tayyorlash eng rivojlangan hududlaridan biri, mahalliy aholi orasida “Gez” deyiluvchi joydan reportaj tayyorladi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Mahalladagi “yo‘lto‘sar” ayollar

“Gez” mahallasiga kirishingiz bilan Bo‘zsuv kanali ustidan o‘tgan asfalt yo‘l tugab, shag‘al yo‘l boshlanadi. Istamasangiz ham bu joyda mashinangizni to‘xtatishga majbur bo‘lasiz.

Foto: “Daryo” / Dilshod Sharipov

Bu yerda bir nechta ayollar “Joy kerakmi? Necha kishisizlar?” kabi savollar bilan sizni o‘rab oladi. Biz dastlab ana shunday Bo‘zsuv kanali bo‘yida odamlarni chaqirib turgan ayollardan birini suhbatga tortdik.

Foto: “Daryo” / Dilshod Sharipov

O‘zini Nigora Qurbonova deb tanishtirgan ayolning aytishicha, mahalladagi 25 dan ortiq xonadon baliq pishirish bilan tirikchilik qiladi. Ular o‘z xonadonlarini mijozlar uchun yemakxonalarga aylantirgan. Har bir xonadonning ishchisi kanal bo‘yida turib, to‘xtagan mashinalarni o‘z uyiga olib kirishga harakat qiladi.

Odatda mijozlar ayollardan “O‘tiradigan joylaringiz, ko‘rpachalaringiz tozami, yangi yog‘ga pishirib berasizmi?”, deb so‘rashadi va narxini ham shu yerda kelishgandan keyingina xonadonlarga joylashadi.

Nigora Qurbonova

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ish boshqaruvchi, baliq pishiruvchi, odam chaqiruvchi hamshira ayol

Nigora opa 41 yoshda. Tumandagi markaziy poliklinikada hamshira bo‘lib ishlaydi. Haftada bir kun navbatchilikda turadi. Aytishicha, seshanba kunlari xo‘randalar kam bo‘lgani uchun poliklinikadagi navbatchiligini aynan shu kunga qo‘ydirgan.

U oddiy yollanma ishchi emas, sakkiz yil oldin akasining xonadonida kelinoyisi bilan birgalikda oilaviy baliq pishirish biznesini yo‘lga qo‘ygan. Ish boshqaruvchilikdan tashqari ko‘chada turib, mijoz ham chaqiradi.

“Bu yerga ertalabki soat 10:00 da kelib, tungi 1-2 larda uyga qaytaman. Sababi xo‘randalar ko‘p bo‘ladi, keyin kechasi baliqlarni qabul qilib olaman”, — deydi.

Agar avvaldan keladigan mijozlari o‘zi qilib berishini so‘rasa, ularning ra’yini qaytarmay, o‘zi baliq pishirib beradi ham.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Kam daromad topadiganlar narxga qattiq tortishadi”

“Odam chaqiruvchilik ham oson emas. Ba’zilari oyoqda turaverib, qattiq charchab qoladi. Shuning uchun mana bunaqa uxlab ham qolish hech gap emas”, deya Nigora opa mashinaning orqa o‘rindig‘ida uxlayotgan ayolga ishora qildi.

Qolaversa, mijozlar bilan ham kelishish anchagina mushkul ish. Ular orasida shifokor va o‘qituvchilarga baliq sotish juda qiyinligini, chunki bu kasb egalari narxga qattiq tortishishini aytdi.

“Bir kun bitta xaridor kelib, narxga qattiq tortishyapti. Unga qarab, aka, siz yo doktor yoki o‘qituvchisiz, dedim. U qayerdan bildingiz, deb ajablandi. Chunki boshqa odam bunchalik tortishmaydi-da, xotiningizga katta rahmat siz bilan yashayotganiga, dedim asabiylashib. O‘zi past oylikka ishlaydiganlar shunaqa ko‘p tortishadi”, — deb qo‘shimcha qildi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Xurmacha qiliqlari sabab kaltaklangan mijozlar haqida

Yemakxonalarda mijozlar bilan turli ko‘ngilsizliklar bo‘lib turadi. Nigora opaning nafaqat tortishgan, balki qo‘l ko‘tarishgacha borgan mijozlari bo‘lgan ekan.

“Shunday mijozlar bor uyida qilmagan ishini qilib ketadi. Masalan, ko‘rpachani tagiga nosini tuflab ketadi, jirkanch ishlarini ham shu yerda qiladi. Urgan kunlarim ham bo‘lgan. Peshona terimga shuncha ishni qilaman-u, ular bunday hurmatsizlik qilsa, qanday indamay turaman?”.

Ammo sodiq va chaqiruvchi ayollarsiz, o‘z oyog‘i bilan xonadonga kelgan mijozlarni u juda hurmat qiladi. Ularga umumiy hisobdan chegirma qilinadi yoki bonus sifatida 1-2 choynak tekin limon choy damlab beriladi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Vaqti kelsa kuniga 200 taga yaqin baliq sotiladi

Nigora opaning xonadonidagi so‘ri va xonalar 70—80 nafar mijozga mo‘ljallangan. Joylar yetmay qolish holatlari kuzatilmaydi. Savdo, asosan, dam olish va bayram kunlarida ko‘p bo‘ladi. Kezi kelsa 200 tagacha baliq sotishadi. Ammo savdo bo‘lmasa, 10 ta ham baliq sotilmaydi.

Mijozlar, asosan, sazan, gorbusha va tovonbaliqni so‘rashadi. Odatda xonadonlarda baliqlar bir xil — butunligicha pishiriladi.

“Baliqlarni har kuni Chinozdan yangi olib kelamiz. Agar xo‘randalar ko‘payib yetmay qolsa, qo‘shnilardan olib chiqib turamiz. Bizda hamma ahil, bir-biridan qizg‘anmaydi”, — deydi Nigora opa.

Nima uchun odamlar baliq yeyish uchun aynan shu yerga kelishi haqida so‘raganimizda u quyidagicha javob berdi. “Kelganlar sizlar boshqacha pishirasizlar, deydi. Bilmadim, baliqni tozalash yoki pishirish uslubimizda hech qanday sir yo‘q. Biz, asosan, baliqni pista yog‘ida qovuramiz. Chunki paxta yog‘ini noto‘g‘ri dog‘lab qo‘ysangiz, ko‘ngilni aynitadi.

Pishirish usuli ham juda oddiy: qizib turgan yog‘ga baliqni tuzlab tashlaymiz. Vij-j-j etishi kerak. Agar vijillamasa, baliq bo‘kib, bor yog‘ni o‘ziga shimib oladi. Menimcha, biz o‘choq, o‘tinda pishirganimiz uchun baliqlar mazali chiqar”.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Kuniga 500 ming so‘m atrofida foyda qoladi

Bu biznesdan keladigan daromad ham yaxshigina. Masalan, Nigora opaning yemakxonasidan bir kunda yog‘, tomat, ikkita ishchi haqqi va soliqlardan tashqari 500 ming so‘m atrofida foyda qoladi. Opaning ikki nafar o‘g‘ili ham shu sohaning ichida. Yigitlar texnikumdagi o‘qishidan so‘ng Chinoz bozorida baliq sotadi.

Nigora opa bilan suhbatlasha turib, uning serqirra tadbirkor ekanligiga guvoh bo‘ldik. U hamshiralik va baliq pishirishdan tashqari tadbirkorlikning boshqa yo‘nalishlari bilan ham shug‘ullanishini aytib o‘tdi.

“Sentabrdan martning oxirigacha ishlaymiz. Mavsum yo‘q paytlari kosmetika savdosi bilan shug‘ullanaman. Qolaversa, karantinda kredit olib, uyda antiseptik ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganman. Keyin variantga mashina chiqaraman”.

Nigora opa bilan suhbatimizni yakunlab, bu yerda ilk baliqxona ochgan oila xonadoni tomon otlandik.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ularning yemakxonasi pastroqda, suv bo‘yida joylashgan ekan. Pastga tusharkanmiz, yuzimizga Bo‘zsuvning sovuq, ammo yoqimli shabadasi urildi.

Manzilda esa bizni samimiy bir ayol kutib olib, bu yerlarda ilk baliqxonalar qanday ochilgani haqida batafsil aytib berdi.

Gulchehra opa tadbirkor

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Tuxum, sosiska qovurishdan boshlangan biznes

“Kanalning narigi tomonida kichkina chaylamiz bo‘lardi. O‘shanda 12 yoshli qizcha edim. Rahmatli dadam bu yerga meni baliqchilarga tuxum, sosiska qovurib berasan, vino sotasan, deb olib kelgan edi. Baliqchilar qovurib bering, deb tutgan baliqlarini olib kelardi. Evaziga esa bizga ham baliq tashlab ketishardi.

Yig‘ilib qolgan baliqlarni esa dadam tozalashni o‘rgatib qo‘ygan edi. Donasini 200 so‘mdan sotardim. U mahallari yosh qizcha bo‘lganman, likopchalarga qo‘yib berishni bilmasdim. Gazeta yoki hojatxona qog‘ozlariga o‘rab berardim. Esimda bir kuni Toshkentdan mijoz kelib, qizim, balig‘ing juda shirin. Zo‘r qovurar ekansan. Lekin o‘rab bergan narsangni qara. Qaytib bunday qog‘ozlarga o‘rab bermagin, deb tanbeh bergan”, — deydi Gulchehra opa bolaligini eslab kulib.

Uning aytishicha, o‘shandan buyon 18 yil o‘tdi. Oradan vaqt o‘tib, bu yerda baliq biznesi juda rivojlanib ketgan. “Gez” aholisi kelib, joy olib, sekin-asta o‘z biznesini boshlagan.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Men ham opa-singillarim bilan shu yerni baliqxonaga aylantirganmiz. Baliqlarni o‘zimiz tutmaymiz, bahor payti shu yerning o‘zidan yoki Chinozdagi baliq tutuvchilardan sotib olamiz. Suvning bo‘yidaligi uchun mijozlar ko‘p keladi. Asosan, oylik, pensiya olgan paytlari odam to‘lib ketadi”, — dedi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Gulchehra opaning aytishiga qaraganda, Yallama aholisining asosiy daromadi baliq bilan bog‘liq. Kimdiri o‘z biznesi ortidan, boshqalari esa baliq tozalab, idish-tovoq yuvib, mijozlarga xizmat qilib pul topadi. Shu orqali tirikchilik qiladi. Doimiy mijozlaridan biri kelganini eshitgach, Gulchehra opa uni qarshi olgani tez-tez yurib ketdi. Biz esa keyingi xonadon tomon yo‘l oldik.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Uyda pishirib yegandan ko‘ra bu yerdagi baliqxo‘rlik ancha arzonga tushadi

Komila Hojiyeva “Gez” mahallasida eng birinchilardan bo‘lib o‘z yemakxonasini ochgan tadbirkorlardan. U 21 yildan buyon baliq pishirish biznesi bilan shug‘ullanadi.

“Oilaviy biznes bo‘lgani uchun nafaqat farzandlarim, balki aka-opamning bolalari ham kelib menga qarashadi. O‘rtancha o‘g‘lim oshpaz, baliq qovuradi. Jiyanlarim esa kollejda o‘qiydi. O‘qishdan keyin shu yerda ishlashadi. Bekorchilikda yurib vaqt o‘tkazmasligi uchun yonimga olganman”, — dedi Komila opa.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Yemakxona sohibasidan ham nima uchun ko‘pchilik yurtdoshlarimiz baliq yeyish uchun aynan bu yerga kelishlari sababini so‘radik.

“Masalan, baliq sotib olasiz. Uni qovurish uchun yog‘ kerak, ayting-chi, shunga qancha sarf-xarajat, qolaversa, pishirish uchun qancha vaqt ketadi? Bu yerda bitta baliq 30-35 ming atrofida. Undan ko‘ra oilaviy shu yerga kelib, arzimagan pulga to‘yib baliq yeb ketish ma’qul emasmi? Ham suvning bo‘yida dam olib, hordiq chiqarib ketishga nima yetsin?”, — dedi tadbirkor ayol.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Yurist” bo‘lishni niyat qilgan baliq tozalovchi yigit

Yemakxonada ishtiyoq bilan baliq tozalayotgan yigitlardan birini suhbatga tortdik.

- Yoshingiz nechada?

- 17 da.

- Qayerda o‘qiysiz?

- 2-sonli kasb-hunar kollejida o‘qiyman. Ertalab o‘qishga borib, tushlikdan so‘ng bu yerda 150 tacha baliq tozalayman.

Kelajakda kim bo‘lmoqchisiz, degan savolimizga esa u o‘ylanibgina “yurist” deb javob berdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Baliq haqidagi gaplardan ishtahamiz ochilib, jamoamiz bilan “Gez” mahallasidagi eng mashhur baliqchi xonadonlardan biri Sapura Muhammedovaning yemakxonasiga kirib joylashdik.

Hovli chinnidek ozoda. Har bir xona va so‘rilar mehmon kelishiga taxt qilib qo‘yilgan edi. Hovlini zimdan kuzatarkanmiz, bir chetdagi ochiq ayvonda shoshib baliq pishirayotgan ayol e’tiborimizni tortdi. U bilan suhbatlashishga oshiqdim.

Ra’no Abdullayeva

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Kuniga 150-200 ta baliq pishiradigan ayol

“Boshqalar qatori bizniki ham oilaviy biznes. Bu yerni besh yil oldin Sapura opam ochgan. Baliq pishirishni ham undan o‘rganganman. Avval uyda o‘tirardim, opam bu yerni ochganidan so‘ng turmush o‘rtog‘im ishlashimga rozi bo‘lgan. Hozir singlim bilan kelib, ularga yordam beramiz.

Men baliq pishiraman, singlim mehmonlarga qaraydi. Opamning o‘g‘li baliq olib keladi, qizi esa hisob-kitobga qaraydi. Ikki o‘g‘lim ham darsdan kelib bizga qarashadi”, — dedi Ra’no Abdullayeva.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Uning so‘zlariga ko‘ra, ertalab soat 10 dan kechki soat 11 gacha ishlashadi. Ishchilar kuniga 70—80 ming so‘mdan pul oladi.

Yemakxonada esa 13 ta mehmon o‘tiradigan xona mavjud. Ular baliqlarning donasini 35—40 mingdan so‘mdan pishirib beradi.

“Kuniga eng ko‘pi bilan 150, bayram kunlari 200 tagacha baliq pishiraman. Qolgan kunlari 70—80 ta. Hozir mavsum bo‘lgani uchun xo‘randalar ko‘p. Iyun va iyuldan tashqari barcha oylarda baliq pishiramiz. Bu oylarda ham pishiramiz, lekin tayyorlanadigan baliqlar soni 20—30 taga ham yetmasligi mumkin. Asosan, sazan va tovonbaliqlarni butun pishiramiz. Chunki xo‘randalar ham shuni so‘raydi”, — dedi Ra’no Abdullayeva.

Ra’no opa shinavanda bo‘lishi bilan birga, juda chaqqon ayol ekan. Savollarimizga javob bera turib, 10 taga yaqin baliqni pishirib qo‘ydi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ming marta eshitgandan ko‘ra bir marta tatib ko‘rgan yaxshi

Yuqoridagi iboraga amal qilgan holda biz ham jamoamiz bilan butunligicha pishirilgan sazan baliqlarini yeb ko‘rdik. Hamkasblar bilan birga baliqxo‘rlik qilishning gashti boshqacha bo‘ldi. Boshqa sheriklarimiz ham bu fikrni ma’qulladi. Xalqimiz ming dardga davo, deb hisoblovchi baliqni mavsum tugamasdan yeb qolishga ulguring.

Mualliflar: Dilshod Sharipov Xonzodabegim A’zamova