Janubiy Koreya “Nuri” deb nomlangan birinchi kosmik raketasi vositasida bir yarim tonna vazndagi sun’iy yo‘ldosh maketini fazo orbitasiga chiqara olmadi. Bu haqda Yonhap agentligi xabar berdi.

Foto: Yonhap

200 tonnalik KSLV-II raketa-tashuvchisi Seuldan 473 kilometr uzoqlikdagi Venardo orolidagi “Naro” kosmodromidan mahalliy vaqt bilan soat 17:00 da parvozni amalga oshirgan. Parvoz, taxminan, 16 daqiqa davom etgan.

Raketa 700 kilometrlik balandlikka chiqa oldi, ammo orbitaga sun’iy yo‘ldosh maketini yetkaza olmadi, degan Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In “Naro” milliy kosmik markazidagi nutqida.

Mamlakat ilm-fan va texnika vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, raketaning dastlabki ikki qismi reja bo‘yicha ajralgan, uchinchisi esa rejalashtirilgan vaqtdan 50 soniya avval yongan.

“‘Nuri’ning sinov parvozi amalga oshirildi. Mazkur ish amalga oshganidan faxrlanaman. Afsuski, biz o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadimizni to‘liq amalga oshira olmadik, lekin birinchi parvozda maqtanishga arziydigan natija qayd etdik”, — degan Janubiy Koreya prezidenti.

Shuningdek, davlat rahbari “Nuri”ning keyingi parvozi 2022-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilganini ham ma’lum qilgan.

2010-yildan beri Janubiy Koreya “Nuri”ni bunyod etish uchun qariyb ikki trillion von (1,8 milliard AQSh dollari) investitsiya jalb etgan. Raketani qurish va uch bosqichda parvozni amalga oshirish mamlakat hududida Janubiy Koreya texnologiyasi vositasida qilindi.

KSLV-II raketasi orbitaga sun’iy yo‘ldoshlarni olib chiqish, ya’ni tijoriy maqsadlar uchun mo‘ljallangan. “Interfaks”ning qayd etishicha, bu kabi raketa parvozini amalga oshirishga 30 million dollar sarflanadi va bu Osiyodagi boshqa raqobatchilar xarajatlaridan arzonroq tushgan.

“Nuri”ning parvozi muvaffaqiyatli amalga oshirilganida Janubiy Koreya o‘zi ishlab chiqargan raketada bir tonnadan og‘irroq jismni orbitaga olib chiqqan dunyodagi yettinchi mamlakatga aylanardi. Ayni vaqtda Rossiya, AQSh, Fransiya, Xitoy, Hindiston va Yaponiya mazkur vazifani uddalagan yetakchi olti mamlakat hisoblanadi.