Nigeriya shimolida mototsikl mingan qurolli shaxslar Niger shtatidagi masjidga hujum qildi. Oqibatda kamida 18 kishi halok bo‘ldi, deb yozadi Reuters.

Foto: mojidelano

Aholining so‘zlariga ko‘ra, hujumchilar ertalab soat beshlarda Maza-Kuka qishlog‘iga yetib kelgan. Guvohlarning aytishicha, jinoyatchilar 10 dan ortiq odamni o‘g‘irlab ketgan. Bundan tashqari, kamida 20 kishi jarohatlangan.

Sentabr oyida Nigeriya janubida qurollangan jangarilar magistralda ikkita avtobusni to‘xtatib, ulardagi yo‘lovchilarni o‘g‘irlab ketgani xabar qilingandi.

Iyulda Nigeriya hukumati mamlakat shimoli-g‘arbida avvalroq jangarilar tomonidan qo‘lga olingan 100 nafar ayol va bolalar ozod etilganini e’lon qildi. Mamlakatning Zamfara shtatida 8-iyun kuni bir guruh ayollar va bolalar garovga olinib, o‘g‘irlab ketilgan. Hodisada to‘rt kishi halok bo‘lgan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, bolalar va ayollar 42 kun davomida asirlikda saqlangan.

Qurollangan jinoiy guruhlar Nigeriyaning Zamfara, Katsina, Kaduna va Niger shtatlarini qamrab olgan Rugu o‘rmonidagi lagerlarda joylashib olgani aytilmoqda.

May oxirida Niger shtatida qurollangan jangarilar maktabga hujum qilib, 200 nafar o‘quvchini o‘g‘irlab ketgandi.