1979-yil 26-oktabr kuni “Koreya iqtisodiy mo‘jizasi otasi” deb ataluvchi, Janubiy Koreyaning o‘n sakkiz yillik rahbari Pak Chon Xi o‘z saroyida o‘ldiriladi. O‘zining ishonchli mulozimi qo‘lida o‘lim topgan Pak Chon Xi mamlakatning yagona shum taqdirli prezidenti emas edi. Hozirga qadar deyarli barcha Janubiy Koreya yetakchilari karyeralarini o‘lim yoki qamoq bilan tugatgan. “Daryo” Janubiy Koreya yetakchilarining ayanchli taqdirlari haqida hikoya qiladi.

Prezidentlik eng xavfli kasb

Janubiy Koreyada eng xavfli kasb — prezidentlik. Buni 1948-yildan beri davom etayotgan voqealar ko‘rsatib turibdi: hozirgi kunga qadar prezidentlik lavozimini egallagan o‘n bir rahbarning biri mamlakatdan qochib ketib, muhojirlikda vafot etgan, keyingisi o‘ldirilgan, yana biri tergov jarayonlarida o‘z joniga qasd qilgan. To‘rt nafari esa aybdor deb topilib, qamoq jazosiga hukm qilingan. Ulardan biri impichment orqali vazifasidan olinib, tergovga tortilgan. O‘ldirilmagan, qamoqqa tashlanmagan va hokimiyatdan chetlatilmagan to‘rt prezidentning ikki nafari farzandlarining korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlari uchun hibsga olingan. Janubiy Koreya tarixidagi hech qanday muammosiz nafaqaga chiqqan va tinch hayot kechirgan yagona prezident esa hokimiyatga tasodifan kelib qolgan va davlatni atigi o‘n oy boshqargan.

Birinchi prezident, “mustaqillik asoschisi” Li Sin Man

Ikkinchi jahon urushi tugaganidan uch yil o‘tib, 1948-yil Janubiy Koreyada AQSh vasiyligida ilk demokratik saylovlar o‘tkaziladi. Unda uzoq yillar AQShda muhojirlikda yashagan, mustaqillik harakati faoli Li Sin Man g‘alaba qozonadi. Li Sin Man hukumati dastlabki yillarda iqtisodiy islohotlar o‘tkazib, chet el investitsiyalarining davlatga kirib kelishini ta’minlaydi. Biroq 1950—1953-yillarda Shimoliy Koreya bilan bo‘lib o‘tgan urushdan keyin Li Sin Man mamlakatda o‘z diktaturasini o‘rnatishga kirishadi. Muxolifat Li Sin Manni korrupsiya va yuqori davlat lavozimlarini qarindoshlariga berishda ayblaydi.

Janubiy Koreya Respublikasining birinchi prezidenti Li Sin Man (o‘ngda) va AQSh generali Duglas Mak-Artur (chapda)

Foto: AP Images

1960-yil aprelda bo‘lib o‘tgan navbatdagi saylovlarda Li Sin Man va uning tarafdorlari ovozlarni soxtalashtiradi va amaldagi prezident g‘alabasini e’lon qiladi. Bu esa butun mamlakat bo‘ylab noroziliklarga olib keladi. Talabalar boshchilik qilgan bu harakat tarixga “aprel inqilobi” nomi bilan kiradi. Li Sin Man namoyishlarni kuch bilan bostirishga urinadi, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Gavayiga qochib ketgan birinchi prezident 1965-yil muhojirlikda vafot etadi.

“Koreya Stalini” yoxud “Koreya iqtisodiy mo‘jizasi otasi”

Li Sin Man 1960-yilda mamlakatdan qochib ketgach, uning o‘rnini Janubiy Koreya mustaqillik kurashining yana bir qahramoni Yun Bo Sun egallaydi. Biroq Yun Bo Sunning hokimiyati kuchsiz edi, Li Sin Man boshqaruvidan xulosa qilgan koreyaliklar davlatni parlament respublikasiga aylantiradi.

Mamlakatda tartibsizliklar davom etadi. Oradan bir yil o‘tib, may oyida harbiylar vaziyatga aralashadi. Pak Chon Xi boshliq harbiylar to‘ntarish o‘tkazib, hokimiyatni egallab oladi. Yun Bo Sun qamoqqa olinadi, ammo keyinroq qo‘yib yuboriladi. Janubiy Koreya tarixida ham muvaffaqiyatli, ham qonli davr boshlanadi.

Pak Chon Xi bir tarafdan Janubiy Koreyani Osiyoning qoloq agrar davlatidan, rivojlangan sanoat davlatiga aylantirgan “Koreya iqtisodiy mo‘jizasi otasi” sifatida ko‘rilsa, boshqa tomondan davlatda repressiyani kuchaytirgan, matbuotga qattiq senzura o‘rnatgan, muxolifatni qamash, qatl qilish yoki qiynoqqa solish bilan shug‘ullangan diktator sifatida eslanadi. Shuningdek, u konstitutsiyani buzmagan holda qayta saylanish uchun muddatlarni referendumlar orqali o‘zgartirish usuli muallifi ham hisoblanadi. Tobora shafqatsizlashib borayotgan tuzumni yo‘qotish uchun Pak Chon Xi hayotiga bir necha bor suiqasd uyushtiriladi, biroq general ulardan omon qoladi.

Lekin qattiqqo‘l diktator ham o‘z taqdiridan qochib qutulolmaydi. 1979-yil 26-oktabr kuni “Koreya Stalini” prezident saroyidagi kechki ovqat vaqtida Koreya razvedka boshqarmasi (maxfiy politsiya) boshlig‘i, bir necha yillik qadrdoni Kim Je Kyu tomonidan otib tashlanadi.

“Koreya Stalini” Pak Chon Xi (markazda)

Foto: Korea Times

Harbiylar boshqaruvining davom etishi

Pak Chon Xi o‘ldirilgach, mamlakatni uning bosh vaziri Chxve Gyu Ha boshqara boshlaydi. O‘tkazilgan saylovlarda uning nomzodi g‘alaba qozonadi.

Biroq keyingi yili harbiylar yana davlat siyosatiga aralashadi va general Chon Du Xvan poytaxt Seulga tanklar va harbiy qismlarni olib kiradi. Chxve Gyu Ha hech qanday qarshilik ko‘rsatmaydi va hokimiyatni generalga topshiradi. Aynan Chxve Gyu Ha Janubiy Koreya tarixida sud va o‘limni chetlab o‘tib, yagona xotirjam umr kechirgan prezident hisoblanadi.

Pak Chon Xidan farqli ravishda Chon Du Xvan o‘ta korrupsiyalashgan tizim yaratadi va unda o‘zi ham ishtirok etadi. Prezidentlikdan ketgandan so‘ng bo‘lib o‘tgan sud hukmiga ko‘ra undan 200 million dollar qiymatidagi pora undirib olinadi.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, Chon Du Xvan davrida Janubiy Koreya iqtisodiyoti o‘sish bo‘yicha dunyoda yetakchiga aylanadi. Harbiy diktaturalarning g‘oyat muvaffaqiyatli iqtisodiy siyosati natijasida mamlakat Uzoq Sharq Gvatemalasidan Uzoq Sharq Fransiyasiga aylanadi. Biroq avtoritar boshqaruvdan charchagan aholi norozilik chiqishlari o‘tkazib, 1987-yili Chon Du Xvanni hokimiyatdan voz kechishga majbur qiladi.

Chon Du Xvan hukumatdan chetlashtirilsa-da, demokratik muxolifat bo‘linib ketadi va saylovlarda g‘alabaga erisha olmaydi, natijada boshqa bir general Ro De Vu prezidentlikka saylanadi. O‘zidan oldingilardan ortda qolishni istamagan Ro De Vu mamlakatda korrupsiyani yanada gullab-yashnatadi.

1993-yil, prezidentlik fuqaroviy hukumat qo‘liga o‘tgach, har ikkala general 1996-yil qamoqqa olinadi. Ularga 1979-yilgi davlat to‘ntarishini uyushtirish, Kvanju shahridagi demokratik namoyishni qonga botirish va korrupsiya ayblovlari qo‘yiladi. Chon Du Xvan o‘lim jazosiga, Ro De Vu esa yigirma ikki yarim yillik qamoq jazosiga hukm qilinadi. Keyinroq sud hukmni o‘zgartirib, o‘lim jazosini umrbod qamoq jazosiga, yigirma ikki yarim yillik qamoq jazosini esa o‘n ikki yilga almashtiradi.

Sobiq prezidentlar Chon Du Xvan (o‘ngda) va Ro Du Vu 1996-yilgi sud jarayonida

Foto: JoongAng Ilbo

1997-yil dekabrga kelib ikkala sobiq prezident amaldagi prezident tomonidan afv qilinadi.

Farzandlar tushirgan dog‘

1993—1997-yillarda Janubiy Koreyani boshqargan Kim Yon Sam va uning davomchisi Kim De Jun mamlakatga demokratiyani qaytaradi hamda korrupsiya darajasini kamaytiradi. Qolaversa, ular o‘tmishdosh va vorislardan farqli o‘laroq o‘z ayblari uchun emas, balki o‘g‘illari sabab sud jarayonlariga tortiladi.

Kim De Jun Shimoliy Koreya rahbari Kim Ir Sen bilan olib borgan tinchlik kelishuvlari uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlanadi.

O‘z joniga qasd qilish

2003-yili Kim De Jundan so‘ng prezidentlik kursisini mo‘tadil progressivlar (so‘l millatchilar) vakili bo‘lgan demokrat No Mu Xyon egallaydi. U o‘z prezidentlik davrini juda past reyting bilan bo‘lsa ham muammosiz tugatadi. Biroq No Mu Xyondan keyin, 2008-yil hokimiyatga kelgan konservatorlar so‘llarning moliyaviy ishlarini tekshirishga qaror qiladi. Aynan shu paytda butun mamlakat bo‘ylab yangi prezident Li Myon Bakka qarshi ommaviy norozilik namoyishlari ham boshlanadi. Hukumatdagilar bu harakatlar ortida sobiq prezident turibdi, degan fikrga keladi. Tez orada tergov kutilganidek No Mu Xyon oila a’zolarining tadbirkorlardan pora olganini aniqlaydi. Biroq aniqlangan pora miqdori prezident lavozimi uchun juda kam bo‘lib, atigi olti million dollar atrofida edi.

Tergovda yaqin oila a’zolari, xususan, rafiqasiga oid dalillar ham topilgach, No Mu Xyon qarindoshlarini suddan qutqarib qolishga qaror qiladi. 2009-yil 23-may kuni sobiq prezident o‘zi tug‘ilgan qishloq yonidan o‘lik holda topiladi. Huquq-tartibot organlari No Mu Xyon o‘z joniga qasd qilganini bildiradi. Koreys xalqi an’analariga ko‘ra o‘z joniga qasd qilgan odam qanday gunoh qilganidan qat’i nazar o‘zini to‘liq jazolagan hisoblangan. Konservatorlar sobiq prezident oilasiga qarshi tergovni darhol to‘xtatadi.

Amaldagi prezident Mun Chje In (chapda) va eks-prezident No Mu Xyon (o‘ngda)

Foto: The Korea Times

Birinchi ayol prezident

2013-yilgi saylovlarda ham konservatorlar g‘olib chiqib, Li Myon Bakning o‘rnini “Koreya iqtisodiy mo‘jizasi otasi”,  general Pak Chon Xining qizi Pak Kin Xe egallaydi. Pak Kin Xe bu lavozimga ko‘proq otasining obro‘si tufayli kelib qolgandi. Uning davlat va siyosat ishlarida tajribasizligi oxir-oqibat pand yeyishga sabab bo‘ladi.

Koreyaning birinchi ayol prezidenti katta janjal markazida qoldi. U yoshlikdagi do‘sti, eng yaqin maslahatchisi, psevdo-xristian sektasi a’zosi bo‘lgan munajjim dugonasi bilan davlatning maxfiy hujjatlarini bo‘lishadi. Bundan tashqari Pak Kin Xe koreyalik tadbirkorlarni maslahatchisining fondiga pul o‘tkazishga ham undaydi. Bu fond jamg‘armasi 70 million dollarni tashkil qilgan. Qizig‘i, bu pullardan bir senti ham birinchi xonimning cho‘ntagiga tushmaydi. Mamlakatda noroziliklar to‘lqini boshlanib, unga qarshi impichment masalasi kun tartibiga qo‘yiladi. Birinchi xonimga pora olish va tovlamachilik ayblovlari ham yuklanadi. Pak Kin Xe dugonasi Chxve Sun Silga ishongani uchun uzr so‘raydi, ammo boshqa hech qanday qonunbuzarlik qilmaganini ta’kidlaydi.

Sud jarayonini siyosiy qasos deb atab, u yerga borishdan bosh tortgan Pak Kin Xe hukumat qarorgohida qamoqqa olinadi. Bir necha sudlardan so‘ng, 2018-yilda Seul appelatsion sudi unga 25 yillik qamoq va 17,8 million dollar jarima to‘lash jazosini tayinlaydi.

Qasos

Pak Kin Xe qamoqqa olingach, muddatidan oldin o‘tkazilgan saylovlarda hokimiyatga progressivlar, sobiq prezident No Mu Xyon tarafdorlari keladi. Yangi prezident Mun Chje In homiysi va ustozi bo‘lgan No Mu Xyon qasosini olishni kechiktirmadi. 2018-yilda o‘n million dollarni o‘zlashtirganlikda ayblangan Li Myon Bak o‘n yetti yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Bu qamoqqa olish va qasoslar koreys xalqini bezovta qilmaydi. Ular allaqachon sobiq prezidentlarning sud jarayonlariga o‘rganib qolgan va bu hatto o‘ziga xos an’anaga ham aylangan.

Ammo hozirgi prezident Mun Chje In an’anaga qo‘shimchalar kiritgandek. U sobiq prezidentdan tashqari oldingi hukumatning o‘nlab yuqori lavozim egalarini ham qamoqqa tashladi. Janubiy Koreyada keyingi saylovlar uchun maqsadlar aniq: konservatorlar qasos olish navbatini kutmoqda.

Muhammadqodir Sobirov tayyorladi