Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida 3-kurs talabasiga tegajog‘lik qilgan va uni oynadan itarib yuborgani aytilgan dekan o‘rinbosari hibsga olindi. IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: “Nemolchi.uz”

“Nemolchi.uz” Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining 3-bosqich talabasi M.K.ning murojaatini e’lon qildi. Unda aytilishicha, 18-oktabr kuni 20 yoshli M.K. Zulfiya mukofotiga tavsiyanoma olish maqsadida yoshlar ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari B.Y.ning xonasiga kirgan.

37 yoshli dekan o‘rinbosari B.Y. qizdan kutib turishini so‘ragan. Qizning aytishicha, xonadan hamma chiqib ketgach, dekan o‘rinbosari charchaganini aytib, undan qahva damlab berishni so‘ragan. Qiz qahva damlamoqchi bo‘lganida erkak eshikni ichkaridan qulflab, chiroqni o‘chirgan. M.K. nimanidir sezganday yaqin do‘stiga qo‘ng‘iroq qilib, tezroq yetib kelishni so‘ragan, xonadan chiqay desa, erkak uni ushlab olib, xonasidagi divanga yotqizmoqchi bo‘lgan.

Qiz qarshilik ko‘rsatgan, eshikning u tarafida esa qizning do‘sti kelib, eshikni ochishni so‘ragan. M.K. amallab oyna oldiga kelib, yordamga chaqira boshlagan. Shunda qizning aytishicha, erkak uni derazadan itara boshlagan. U qanchalik qarshilik ko‘rsatmasin kuchi yetmay, oynadan pastga tushib ketgan. Dekan o‘rinbosari esa derazani yopib, jalyuzini tushirgan va eshikni ochgan. Qizning do‘sti dekan o‘rinbosarini olib, pastga tushgan. Atrofda yig‘ilganlarga B.Y. qiz oynadan o‘zi sakragani va uni o‘zi shifoxonaga olib borishini aytgan.

M.K.ni mashina orqa o‘rindig‘iga yotqizishgan, do‘sti haydovchi oldidagi o‘rindiqqa o‘tirgan. Yo‘lda B.Y. qizning onasiga qo‘ng‘iroq qilib, qiz oynadan tushib ketgani va uni shifoxonaga olib borishayotganini aytgan. Svetoforning qizil chirog‘ida qizning do‘sti orqa o‘rindiqqa o‘tguncha B.Y. qizga oyna artayotib o‘zi tushganini aytishini tayinlagan. Shu payt yigit orqa o‘rindiqqa o‘tib, nima bo‘lganini so‘ragan va qiz unga o‘zini itarib yuborishganini ma’lum qilgan.

Shifokorlar qizga tos suyagi sinishi, gematomalar va miya chayqalishi tashxisini qo‘ygan. Qizning yaqinlarining aytishicha, dekan o‘rinbosari tomonidan kelgan odamlar ularga o‘z ko‘rsatmalarini o‘zgartirishlari uchun pul taklif qilgan. B.Y. esa hammaga qiz o‘z joniga qasd qilgan demoqda. U o‘qigan fakultet talabalarini to‘liq onlayn ta’limga o‘tkazilgan.

IIV matbuot kotibining ma’lum qilishicha, 19-oktabr kuni dekan o‘rinbosariga nisbatan Jinoyat kodeksining 105 (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish), 118-moddalari (nomusga tegish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 23-oktabr kuni ekspertiza javobi chiqishi bilan dekan o‘rinbosari protsessual tartibda ushlangan.

Avvalroq Toshkentda taksi haydovchisi yo‘lovchi qizning yuziga musht tushirgani, Toshkentda 3 nafar yo‘lovchi ayolga shilqimlik qilgan taksi haydovchisi 5 sutkaga qamalgani, Toshkentda 3 nafar erkak 15 yoshli qizni zo‘rlaganlikda gumonlanib, qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar berilgandi.