AQSh va uning NATOdagi ittifoqchilari, shuningdek, Ukraina Rossiyani “mustaqil jurnalistlar va ommaviy axborot vositalariga nisbatan ta’qiblari kuchaygani” uchun tanqid qildi. Ularning fikricha, Rossiya hukumati rossiyaliklarning mustaqil jurnalistikadan foydalanishini cheklamoqchi va shu maqsadda mamlakatda xorijiy OAV agentlari to‘g‘risida qonun joriy qilgan.

Foto: Depositphotos

AQSh Davlat departamenti saytida “Rossiyadagi ommaviy axborot vositalari erkinligi to‘g‘risida” bayonot e’lon qilindi. AQShdan tashqari, uni 17 davlat qo‘llab-quvvatladi: Avstraliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gretsiya, Daniya, Islandiya, Kanada, Latviya, Litva, Niderlandiya, Yangi Zelandiya, Shimoliy Makedoniya, Slovakiya, Sloveniya, Ukraina, Fransiya va Chexiya.

Hujjatda ta’kidlanishicha, OAV erkinligi “erkin va ochiq jamiyatlarning samarali faoliyat yuritishi uchun hayotiy darajada muhim hamda inson huquqlarini himoya qilish uchun zarurdir”. Bayonot mualliflari “Mustaqil jurnalistlar va ommaviy axborot vositalarining Rossiya hukumati tomonidan ta’qib qilinishini” qoralagan.

Misol sifatida ular siyosatchi Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlovchi mitinglarda jurnalistlarning hibsga olingani, DOXA talabalar nashrida tintuv o‘tkazilgani va undagi to‘rt nafar jurnalistning hibsga olingani, “Proyekt”ning nomaqbul tashkilot sifatida tan olingani, “Ozodlik radiosi” (xorijiy OAV agentlari reyestriga kiritilgan) mustaqil jurnalisti Vladislav Yesipenkoning hibsga olingani, BBC jurnalisti Sara Reynsfordning quvg‘in qilingani, shuningdek, Bellingcat loyihasi, Meduza, “Vajnie Istorii”, VTimes, The Insider nashrlari “Mediazona” va “OVD-Info” saytlari, “Dojd” telekanali, Republic loyihasi va boshqalarning xorijiy media agentlari ro‘yxatiga kiritilganini keltirdi.

“Biz Rossiya Federatsiyasini OAV erkinligi hamda jurnalistlar xavfsizligini hurmat qilishga va ta’minlashga chaqiramiz. Biz Rossiya hukumatini mustaqil ovozlarni bostirishni to‘xtatishga, jurnalistlar va OAVga nisbatan siyosiy motivlar asosida sud jarayonlari olib borishni to‘xtatishga hamda nohaq hibsga olinganlarni ozod qilishga chaqiramiz”, — deyiladi Vashington va uning ittifoqchilari bayonotida.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin shu haftada xorijiy OAV agenti haqidagi qonunning ayrim mezonlarini qaytadan tahlil qilish kerakligini aytdi. O‘shandan beri, asosan, juma kunlari xorijiy OAV agentlari ro‘yxatini kengaytirgan Adliya vazirligi reyestrga hech qanday o‘zgartirish kiritmagan. Davlat rahbarining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ishontirib aytishicha, Rossiyada ochiqdan ochiq xorij josusi deb e’lon qilish amaliyoti yo‘q va barcha qarorlar ustidan sud orqali e’tiroz bildirish mumkin.