AQShning amaldagi vitse-prezidenti bo‘lmish Kamala Xarris bu lavozimni egallagan tarixdagi birinchi ayol va qora tanli inson bo‘ldi. Asli yamaykalik qora tanli ota va hindistonlik ona farzandi bo‘lgan bu ayol faoliyati davomida haqiqiy “amazon” ekanligini ko‘rsatdi. “Daryo” AQShning ilk ayol bosh prokurori va vitse-prezidenti haqida hikoya qiladi.

Yoshlik

Kamala Devi Xarris 1964-yil 20-oktabr kuni Kaliforniya shtatining Oklend shahrida tavallud topadi. Uning otasi, asli yamaykalik bo‘lgan Donald Xarris iqtisod fani professori bo‘lib, Stenford universitetida dars bergan. Onasi, hind diplomatining qizi Shyamala Gopalan Kaliforniyaga universitetda o‘qish uchun keladi va shu yerda Donald bilan tanishadi. Ko‘krak saratoni bo‘yicha taniqli tadqiqotchi hisoblangan Shyamala qizlari Kamala va Mayyani hind e’tiqodi bilan tarbiyalab, ularni har ikki yilda Hindistonga olib borib turadi.

Kamala yetti yoshligida uning ota-onasi ajrashadi hamda u onasi, singlisi bilan Kanadaning Monreal shahriga ko‘chib o‘tadi. Kamala shu yerda fransuz tilini o‘rganadi, shuningdek, o‘zining birinchi siyosiy harakatini ham amalga oshiradi: qo‘shni bolalarning maysazorda o‘ynashiga ruxsat bermaydigan uy egasiga qarshi u “norozilik namoyishi” o‘tkazadi.

Kamala Xarris onasi va singlisi bilan

Foto: BBC

1982-yilda AQShga qaytgan Xarris Vashingtondagi Hovard universitetiga o‘qishga kiradi. Universitetning iqtisod va siyosatshunoslik yo‘nalishini tugatgan Kamala Kaliforniya universitetining Hastings yuridik kollejiga ham maxsus dastur asosida o‘qishga keladi. O‘qish davrida u “Qora tanli yurist-talabalar assotsiatsiyasi”ning prezidenti qilib saylanadi. 1989-yili Kamala Xarris huquq fanlari doktori darajasini oladi va shu yili State Bar of California (advokatlarga litsenziya berish agentligi) uyushmasi a’zoligiga qabul qilinadi.

Erta boshlangan karyera

State Bar of California’ga kirgandan so‘ng Xarris o‘z faoliyatini Alameda okrugida prokuror o‘rinbosari sifatida boshlaydi. Keyinroq esa San-Fransisko okrugi professional jinoyat ishlari bo‘limining bosh advokati etib tayinladi. 2000-yilda jamoat va tuman ishlari bo‘limi boshlig‘iga aylangan Kamala Kaliforniyada birinchi bor Bolalar ishlari byurosini tuzadi.

Okrug prokurori

2003-yilda Xarris o‘zining sobiq xo‘jayini, okrug prokurori Terens Hellinanni mag‘lubiyatga uchratib, San-Fransisko okrug prokurori lavozimini egallaydi. Uning bu lavozimdagi asosiy yutuqlaridan biri ijtimoiy xavfi past jinoyatni sodir etgan jinoyatchilar uchun kasbiy tayyorgarlik va boshqa ta’lim dasturlarini joriy qiluvchi “Qaytish yo‘li” loyihasining ishlab chiqilishi bo‘ldi. Bu tashabbus o‘z natijasini ko‘rsatib, okrugda takror jinoyatlar soni kamayadi. Shuningdek, u 2005-yili ekologik jinoyatlar bo‘limini ham tuzadi.

Xarris 2004-yil politsiyachi Isaak Epinozani o‘ldirishda ayblangan jinoiy to‘da a’zosiga o‘lim jazosi berishdan bosh tortgani uchun tanqid qilinadi. Gap shundaki, okrug prokurori saylovi doirasida Kamala hech qachon o‘lim jazosini qo‘llamaslikka va’da bergandi, bosimlarga qaramasdan, u bu va’dasini buzmaydi.

Yosh Kamala Xarris 

Foto: CNN

Kaliforniya bosh prokurori

Xarrisning keyingi muvaffaqiyati 2010-yil noyabrda Kaliforniya bosh prokurorligi uchun kurashda Los-Anjeles okrug prokurori Stiv Kulini mag‘lubiyatga uchratish bo‘ldi. Kamala Xarris bu lavozimni egallagan birinchi ayol va afro-amerikalik edi.

Keyingi yili Kamala o‘zining vazifasiga jiddiy kirishadi. Prezident Barak Obama undan mamlakat miqyosidagi ipoteka krediti bilan bog‘liq firibgarliklarni hal qilishni so‘raydi. Xarris shu yilning o‘zidayoq AQSh Soxta da’volar to‘g‘risidagi qonuni tarixidagi ikkita eng katta jazoni amalga oshiradi: Quest Diagnostics va SCAN kompaniyalaridan 564 million dollar to‘lov undiriladi.

Xarrisning bosh prokurorlik davridagi muvaffaqiyatlariga Corinthian Colleges tijorat tarmog‘i bilan yolg‘on reklamaga qarshi muvaffaqiyatli sud jarayoni, shuningdek, Backpage maxfiy reklama xizmatiga qarshi ochilgan sud ishini keltirish mumkin. Xarris Senatga o‘tgandan keyin ham davom etgan bu sud ishi Backpage direktorining fohishalik va pul yuvishda yordam berganligini tan olishi bilan yakunlanadi. Bu paytda Kamala Xarris “ayol Barak Obama” nomini ham oladi.

2012-yil Demokratik partiyaning qurultoyida unutilmas nutq so‘zlagan Xarris partiyaning yangi yulduziga aylanadi va keyinchalik Kaliforniya shtatidan Senatga nomzod qilib ko‘rsatiladi.

AQSh senatori

2016-yilgi Senat saylovlarida sobiq kongressmen Laretta Sanchezni mag‘lub etgan Kamala Xarris AQSh Senatiga saylangan ikkinchi afro-amerikalik bo‘ldi. Xarris boshqa vazifalari qatorida turli yillarda parlamentning ichki ishlar, hukumat ishlari, maxsus razvedka, sud-huquq va budjet qo‘mitalarida ham ishlaydi. U yagona to‘lovga ega bo‘lgan sog‘liqni saqlash tizimi rejasini qo‘llab-quvvatladi va shaharlarda uy-joylar narxining doimiy oshib borishi fonida moliyaviy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida qonunni muhokamaga kiritdi.

Xarris, shuningdek, Tramp ma’muriyati bilan ziddiyatga borib, Rossiya bilan aloqalarda gumonlangan Jeff Sessionsning bosh prokuror etib tayinlanishiga qarshi chiqdi va uni tan olmadi. Shuningdek, u AQSh Oliy sudi sudyasi Bretta Kavanonini jinsiy zo‘ravonlikda ayblab, so‘roqqa tortish orqali Oliy sudga o‘z nomzodini qo‘yadi.

2020-yilgi prezidentlik saylovlari

2019-yil yanvarida Kamala Xarris prezidentlik saylovida qatnashishini e’lon qildi. U avvaldanoq demokratlarning eng yaxshi nomzodlaridan biri edi. Demokratlar partiyasidan nomzod bo‘lishga da’vogar Xarris bu uchun Jo Bayden bilan ham kurash olib boradi. Iyun oyi oxirida o‘tkazilgan dastlabki debatlarda eng yaxshilardan bo‘lgan Kamala keyingi oy bo‘lib o‘tgan bahslarda hujumlar nishoniga aylanadi. Dekabr oyiga kelib esa Kamala Xarris prezidentlik poygasidan chiqqanini e’lon qildi. Ba’zilar bunga sabab sifatida kampaniyani davom ettirish uchun moliyaviy ta’minot yetishmaganini aytib o‘tadi.

Foto: CNN

Afro-amerikalik Jorj Floydning politsiya tomonidan o‘ldirilishidan so‘ng Xarris ijtimoiy adolat kurashining yetakchisi bo‘ldi. Irqiy nizolar AQShning asosiy muammolaridan biriga aylanganini hisobga olgan ko‘plab demokratlar Baydenni afro-amerikalik Kamala Xarrisni o‘ziga vitse-prezident qilib tanlashga chaqirdi. 2020-yil avgust oyida Bayden Xarrisni o‘zining vitse-prezidentlikka nomzodi etib tanladi.

Vitse-prezident

Prezidentlikka nomzodlardan so‘ng debatga kirishgan amaldagi vitse-prezident Mayk Pens va Kamala Xarris, asosan, fuqarolik masalalari yuzasidan bahslashdi. Kamala Tramp va Mayk Pensning koronavirus bilan sust kurashganini, oqibatda minglab insonlar halok bo‘lganini ta’kidladi. Shuningdek, u Trampning soliqlarni ko‘paytirish qaroriga ham qarshi chiqdi.

2020-yil 7-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan AQSh prezidentlik saylovlari g‘olibning nomi oradan to‘rt kun o‘tgach ma’lum bo‘ldi. Hal qiluvchi ovozni Pensilvaniya shtati berdi, bu yerdagi g‘alabadan so‘ng Bayden AQShning 46-prezidentiga aylandi. Kamala Xarris esa AQSh tarixidagi birinchi ayol va qora tanli vitse-prezident bo‘ldi.

Kamala Xarris vitse-prezident sifatida qasamyod qilmoqda. 2021-yil 20-yanvar.

Foto: Getty Images

Shu kuni Delaver shtatidagi Uilmongton shahrida tarafdorlari bilan g‘alabani nishonlagan Xarris “Ehtimol, u (onasi) bu daqiqani umuman tasavvur ham qilmagan, ammo u Amerikaga shunchalik ishonganki, bu yerda bunday narsalar bo‘lishi mumkin. Men bu lahza uchun, tenglik, erkinlik va adolat uchun kurashgan barcha qora yoki oq tanli, lotin, osiyolik va Amerikaning tubjoy ayollarini qadrlayman” — deya nutq so‘zlaydi.

Kitoblar va kech turmush

Xarrisning birinchi kitobi u Kaliforniya bosh prokurori bo‘lib ishlayotgan paytidagi “Jinoyat bilan aqlli munosabat: yosh prokurorning bizni xavfsizroq qilish rejasi” kitobidir. Asarda u o‘zining falsafiy g‘oyalari hamda adliya sohasidagi islohotlari haqida gapirgan.

2019-yili Xarrisning ikkita kitobi nashrdan chiqdi. “Biz ishongan haqiqatlar: Amerikaga sayohat” xotira asari Kamalaning shaxsiy qarashlarini ham aks ettirgan bo‘lsa, “Superqahramonlar har yerda” kitobi bolalar uchun rasmli shaklda nashr etilgan yana bir xotira asari bo‘ldi.

Turmush qurishga shoshilmagan Kamala Xarris o‘z baxtini 2013-yilga kelib topadi. Hamkasbi Dug Emhof bilan oila qurgan Kamala hozirda ikkita farzandning o‘gay onasi ham.