Luchano Pavarotti sahnada 40 yildan ortiqroq faoliyat yuritgan, 20-asrning eng ko‘zga ko‘ringan opera qo‘shiqchilaridan biri sanaladi. Uning repertuaridan o‘nlab yirik opera rollari va yakkaxon vokal chiqishlari joy olgan. “Daryo” benazir lirik tenorning ijodi va hayot yo‘li haqida hikoya qiladi.

Foto: Getty Images

Bolaligi

Luchano Pavarotti 1935-yilning 12-oktabrida Italiya shimolidagi Modena shahrida dunyoga kelgan. Uning otasi Fernando Pavarottining kasbi novvoychilik ekaniga qaramay, musiqaga mehr qo‘ygandi. Biroq sahnadagi qo‘rquvi sababli professional qo‘shiqchilik yo‘lini tanlamaydi. Luchanoning onasi Adel Venturi tamaki fabrikasida ishlardi. 1943-yilda fashistlar kirib kelganidan so‘ng Pavarottilar oilasi shahar chekkasidagi fermaga ko‘chib o‘tadi va u yerda qishloq xo‘jaligi ishlari bilan mashg‘ul bo‘ladi.

Luchano Modenadagi o‘rta maktabni tamomlaganidan so‘ng Manuta shahrida vokal bilan shug‘ullana boshladi. San’atkor sifatida u, o‘zining aytishiga ko‘ra, Enriko Karuzo (1873—1921) ijodidan ko‘proq ilhomlangan. Otasi uning birinchi chiqishini ko‘rgan vaqtda shunday munosabat bildirgandi:

“O‘g‘lim, yomon kuylamayapsan, lekin sen Karuzo emassan. Shunday ekan, bema’nilikni yig‘ishtirib, jiddiyroq ish bilan shug‘ullan”.

Luchano o‘shanda o‘ziga shunday degandi: “Ha, Karuzo bor. Lekin Pavarotti ham bo‘lishi kerak”.

Ijod yo‘li

Qo‘shiq kuylashdan tashqari, Luchano futbol o‘ynashni ham yoqtirardi va hatto darvozabonlik faoliyati haqida ham jiddiy o‘ylab ko‘rgandi. Lekin o‘rta ma’lumot diplomini olgach, onasi uni o‘qituvchilik kasbini tanlashga ko‘ndiradi. Oliy ma’lumot olganidan so‘ng Luchano Pavarotti ikki yil maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydi. O‘sha vaqtda u Arrigo Poldan, ikki yil o‘tib esa Ettori Kampogallianidan ta’lim oladi. Vokal karyerasini davom ettirish to‘g‘risida yakuniy qarorni qabul qilgach, Pavarotti maktabni tark etadi.

“Qalbim musiqaga oshufta. Men uni jilovlash ilmini egallasam deyman. Lekin ichingdan doim nimadir sirpanib chiqadi-yu ufqlar ortiga g‘oyib bo‘ladi... Va sen yana yangi marralarni zabt etishing kerak bo‘ladi, yillar esa endi boshqa”, — deya tan olgandi u intervyularning birida.

1960-yilda, laringitdan so‘ng, Luchano tovush paychalarining qalinlashuvi oqibatida kasbiy faoliyati bilan bog‘liq muammoga duch keladi. Natijada uning ovozi yo‘qolib qoladi. Ferrara shahridagi muvaffaqiyatsiz chiqishidan so‘ng u san’atdan ketishga qaror qildi, lekin bir yil o‘tib, tovush paychalari asl holiga qaytdi, tenor ovozi esa yangicha rang va teranlikda yangray boshladi.

1961-yilda Luchano Xalqaro vokal tanlovida g‘olib chiqadi. Oliy mukofotga birdaniga ikki san’atkor loyiq ko‘rilgandi: Luchano Pavarotti va Dmitriy Nabokov (Vladimir Nabokovning o‘g‘li). O‘sha yili Rejo Emiliya teatrida Jakomo Puchchinining “Bogema” operasidagi Rodolfo roli bilan uning debyuti amalga oshadi. Bu rol yosh xonandaning kelajakdagi muvaffaqiyatli karyerasini belgilab berdi va dunyoning yetakchi teatrlari unga o‘z eshiklarini ochdi. 1963-yilda Pavarotti Vena operasi va Londondagi “Kovent Garden”da o‘z debyutini amalga oshirdi.

Luchano Pavarotti (o‘ngdan birinchi) Gaetano Donitsettining “Kovent Garden”dagi “Polk qizi” operasida, 1966-yil.

Foto: Getty Images

Donitsettining “Polkning qizi” operasidagi Tonio rolini ijro etganidan so‘ng Luchano Pavarottiga muvaffaqiyat eshiklari ochildi. Tenor bu rol bilan avval Londondagi qirollik teatri “Kovent Garden”da, keyin esa Italiyadagi “La Skala”da va Amerikaning “Metropoliten opera”sida chiqish qildi. Pavarotti o‘ziga xos rekord o‘rnatdi: u Tonio ariyasida ketma-ket 9 ta yuqori nota “do”ni hech qanday qiyinchiliksiz, mukammal darajada ijro etdi.

Luchano Pavarotti

Foto: Google Images

Shov-shuvli chiqish Pavarottining ijodiy yo‘lini bir umrga o‘zgartirib yubordi. San’at ahli bilan hamnafas bo‘lgan tadbirkor Gerbert Breslin opera gorizontining yangi yulduzi bilan shartnoma imzoladi va tenorni dunyoning eng yaxshi teatrlarida targ‘ib qila boshladi. 1972-yildan boshlab, Pavarotti spektakllarda chiqish qilishdan tashqari, klassik opera ariyalari, italyan qo‘shiqlari va konsonlarini o‘z ichiga olgan konsertlar bilan gastrollar qila boshladi.

U Bellinining “Somanbula” operasidagi Elvino va “Puretane”sidagi Arturo, Donitsettining “Lyuchiya di Lammermur”idagi Edgardo, Verdining “Traviata”sidagi Alfred va “Rigoletto”sidagi Mantua gersogi rollaridan tashqari, Verdining “Bal-Maskarad” asaridagi Rikkardo, Puchchinining “Toska”sida Kavaradossi, Verdining “Trubadur”ida Manriko hamda “Aida”sida Radamesa kabi dramatik rollarini ham maromiga yetkazib ijro etadi.

1980-yillarning boshlarida Luchano Pavarotti xalqaro vokalchilar tanlovi The Pavarotti International Voice Competition’ga asos soladi. Sahna yulduzi tanlov g‘oliblari bilan yillar davomida Amerika va Xitoy bo‘ylab gastrol safarlariga chiqadi va u yerda xonanda yosh iste’dodlar bilan birgalikda “Bogema”, “Ishq sharobi” hamda “Bal-maskarad” operalaridan parchalar ijro etadi. Konsert faoliyatidan tashqari, Pavarotti Vena operasi va “La Skala” teatrlari bilan hamkorlik qilgan.

Luchanoning “Aida” operasidagi chiqishi har safar gulduros qarsaklar va pardaning qayta-qayta ko‘tarilishi bilan kutib olingan. Biroq muvaffaqiyatsizliklar ham bo‘lib turardi: 1992-yili Franko Dzeffirellining “La Skala”da qo‘yilgan “Don Karlos” spektaklida tomoshabinlar hushtak chalib, Pavarotti ijrosiga nisbatan o‘z noroziliklarini bildirishadi. Tenor o‘z aybini tan oladi va qaytib o‘sha teatrda chiqish qilmaydi.

Plasido Domingo (o‘ngda), Luchano Pavarotti (o‘rta), Xose Karreras (chapda)

Foto: Google Images

Italiyalik tenor 1990-yilda ikkinchi bor xalqaro miqyosda tan olindi, o‘shanda BBC kompaniyasi Jahon chempionati uchun Luchano Pavarotti, Plasido Domingo, Xose Karreras ijrosidagi “Nessun Dorma” ariyasi bilan lavha tayyorlagandi. Klip uchun video Rim imperatorlarining Karakalla hammomlarida suratga olingandi. Videoyozuvlar shu qadar ko‘p tirajda sotildiki, hatto Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi. “Uch tenor” loyihasi katta muvaffaqiyat keltirganidan, qo‘shiqchilar futbol bo‘yicha keyingi uchta Jahon chempionatida chiqish qiladi.

Luchano Pavarotti operani ommalashtirdi. Uning yakkaxon konsertlari Nyu-Yorkdagi Markaziy bog‘, Londondagi Gayd-park, Parijdagi Mars maydoniga tenorning jonli ijrosidan bahramand bo‘lish uchun kelgan 500 minggacha bo‘lgan tomoshabinni o‘ziga mahliyo qildi. 1992-yilda tenor “Pavarotti va uning do‘stlari” loyihasiga asos soldi, unda opera xonandalaridan tashqari Elton Jon, Sting, Brayan Adams, Andrea Bochelli, Layonel Richi, Jeyms Braun, Selin Dion kabi estrada yulduzlari ham ishtirok etdi. 1998-yilda Pavarottiga “Gremmi afsonasi” mukofoti topshirildi.

Luchano Pavarottining dafn marosimi

Foto: Google Images

2004-yilda Luchanoga oshqozon osti bezi saratoni tashxisi qo‘yiladi. San’atkor, barcha imkoniyatini ishga solib, dunyoning 40 ta shahri bo‘ylab vidolashuv safarini o‘tkazishga qaror qiladi. 2005-yili Pavarottining eng sara ijod namunalari jamlangan The Best albomi sotuvga chiqariladi. Buyuk tenorning so‘nggi chiqishi 2006-yilning 10-fevralida Turin Olimpiadasiga to‘g‘ri keldi. Shundan so‘ng Pavarotti saratonni oldirib tashlash uchun operatsiya stoliga yotadi.

Uning ahvoli bir oz yaxshilanadi, ammo 2007-yilda pnevmoniyani boshdan kechiradi. Modenadagi uyiga qaytgach, tenor 2007-yilning 6-sentabrida dunyodan ko‘z yumdi. Luchano Pavarottining tobuti uch kun davomida ona shahridagi bosh cherkov hovlisida turdi va shu uch kun davomida sevimli qo‘shiqchisi bilan vidolashish istagidagi muxlislar qadami uzilmadi.

Rafiq O‘zturk tayyorladi.