O‘zbekistonda YaIM 2021-yilda 6,8 foizga, 2022-yilda esa 6 foizga o‘sadi. Qayta tiklanishning bu kabi tezlashuvi O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda iqtisodiyoti eng tez o‘sayotgan davlatga aylantiradi. Bu haqda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YeTTB) 4-noyabr kuni e’lon qilingan “Mintaqaviy iqtisodiyot istiqbollari” hisobotida e’lon qilingan, deb xabar beradi “Gazeta.uz”. Iyun oyidagi hisobotida YeTTB YaIM o‘sish prognozini 6,5 foizdan 5,6 foizga tushirgan edi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

YeTTBning press-reliziga ko‘ra, prognoz qilinayotgan o‘sish xususiy iste’mol va pul o‘tkazmalarining ko‘payishi hamda aksariyat qismi tashqi qarzlar hisobidan moliyalashtiriladigan infratuzilmaga investitsiyalarning ortishi hisobiga ta’minlanadi. Prognoz kelajakda COVID-19 bilan bog‘liq noaniqliklar, xalqaro turizmning qayta tiklanishi va Markaziy Osiyodagi geosiyosiy vaziyat tufayli qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Hujjatda ta’kidlanishicha, 2021-yilning dastlabki sakkiz oyi davomida xizmat ko‘rsatish sohasi o‘tgan yil bilan taqqoslanganda 19,5 foizga, sanoat ishlab chiqarish hajmi 9 foizga, qishloq xo‘jaligi 4,2 foizga o‘sgan. Rossiyadan amalga oshirilgan dollar hisobidagi pul o‘tkazmalari 35 foizga oshgan. Kreditlash o‘sishi iyun oyida real ko‘rinishda bir yil oldingi 12 foiz bilan taqqoslaganda 22 foizga qadar tezlashgan. Inflyatsiya 2020-yil dekabrdagi 11,1 foizdan 2021-yil oktabr holatiga ko‘ra, 10,8 foizgacha pasaygan.

YeTTB mintaqalari uchun “yaqinlashib kelayotgan xatarlar”

YeTTB 2021-yilda o‘z mintaqalarining rivojlanish ko‘rsatkichi prognozini umumiy hisobda 5,5 foizga qadar oshirgan. Iyundagi prognozlar qayta ko‘rib chiqilib, 1,3 foizga oshirilganiga qaramay, bank kelajakdagi xatarlardan ogohlantirgan.

Xomashyo va energiya narxlarining yuqoriligi, mehnat bozorlarining yomonlashuvi, logistika zanjiridagi uzilishlari va YeTTB faoliyat yuritayotgan bir qator mamlakatlarda milliy valyutalarning zaiflashuvi koronavirus bilan kasallangan bemorlar sonining so‘nggi ko‘tarilishidan oldin ham inflyatsiya to‘lqinlarini keltirib chiqargan. Sentabr oyida YeTTB mintaqalarida inflyatsiya darajasi 2019-yil yakunidagi darajasidan o‘rtacha 3 foizga oshgan.

YeTTB mintaqalarining davlat qarzi koronavirus inqirozini yengish uchun yirik iqtisodiy rag‘batlantirishlar olgandan so‘ng, 2019-yil oxiridan boshlab YaIMga nisbatan o‘rtacha 13 foizga oshgan. Aksariyat mamlakatlarda zayom mablag‘larini jalb etish inqirozgacha bo‘lgan darajadan past bo‘lsa-da, ba’zi davlatlarda u keskin oshgan.

2021-yilning birinchi yarim yilligida YeTTB mintaqalarida iqtisodiyotning qayta tiklanish templari tezlashgani ta’kidlangan, mahsulot ishlab chiqarish hajmi yillik hisobda 6,4 foizga o‘sgan. Ushbu mintaqalarda kapitalning mobillik ko‘rsatkichlari dunyoning boshqa hududlariga nisbatan erta tiklangan, sanoat ishlab chiqarish va chakana savdo sohalarida ham qayta tiklanish jarayonlari qayd etilgan. Logistika zanjirlari faoliyatidagi vaqtincha uzilishlarga qaramay, tovar va xizmatlar eksporti hajmi ortgan. Shuningdek, ikkinchi chorakda pul o‘tkazmalari hajmida, ayrim hollarda 2019-yilgi ko‘rsatkichlardan ortiq o‘sish kuzatilgan. Turistlar oqimi kutilganidan ko‘p bo‘lgan, ammo YeTTB faoliyat yuritayotgan aksariyat mamlakatlarda ular 2019-yilgi darajasidan ancha past bo‘lib qolmoqda.

Mamlakatlar iqtisodiyoti tiklanishi jarayonida YeTTB mintaqalarida o‘sish ko‘rsatkichlari 2022-yilda mo‘tadil bo‘lib, 3,8 foizni tashkil etishi kutilmoqda, bu iyun oyidagi prognozlardan 0,1 foizga kam demak.

Shu bilan birga, prognozlar kelajakda COVID-19 ning tarqalishi, tashqi iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi va mamlakatlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarining sekinlashuvi bilan bog‘liq xavflar ta’siri omili sabab yuqori darajadagi noaniqlik bilan tavsiflanmoqda.

Avvalroq O‘zbekiston hukumati 2022-yilda YaIM 5,9 foizga o‘sishini prognoz qilgandi. 2021-yil yakuni bo‘yicha mamlakat YaIM o‘sishi 6,5−7 foiz atrofida bo‘lishi, bunda sanoatda ishlab chiqarish hajmi — 9,1, qurilish ishlari hajmi — 6,6, xizmatlar sohasi — 8,6 va qishloq xo‘jaligi — 2,8 foizga ko‘payishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning boshlarida Jahon banki O‘zbekiston iqtisodiyoti 4,3 foizga o‘sishini prognoz qilgandi. Mart oyidagi hisobotida esa 2021—2022-yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishini, xususan, 2021-yilda YaIM o‘sishi 4,8 foizgacha tiklanishini prognoz qilgandi. Oktabr boshida esa Jahon banki O‘zbekistonning YaIM o‘sishi bo‘yicha prognozini qaytadan ko‘rib chiqib, uni 4,8 foizdan 6,2 foizga oshirgan edi.