O‘zbekistonda 2022-yilda yalpi ichki mahsulot 840 trillion so‘mni (74,2 milliard dollar) tashkil etishi ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda 2022-yil uchun davlat budjeti yuzasidan Hisob palatasi xulosasida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, 2022-yilda YaIM hajmi qariyb 840 trillion so‘mni (74,2 milliard dollar) tashkil etishi rejalashtirilgan. Aholi jon boshiga YaIM 23,8 million so‘m (2,1 ming dollar) miqdorida shakllanishi ko‘zda tutilgan.

2022-yilda YaIM tarkibida qo‘shilgan qiymat 92,6 foiz hamda mahsulotlar va eksport-import operatsiyalari hisobidan olingan sof soliqlar tushumi 7,4 foiz tashkil etishi prognoz qilinmoqda.

Prognoz qilinayotgan yalpi ichki mahsulot hajmining tarkibida qo‘shilgan qiymat miqdori 778 trillion 153 milliard 600 million so‘mni (YaIMning 92,6 foizi) hamda mahsulotlar va eksport-import operatsiyalari hisobidan olingan sof soliqlar tushumi 61 trillion 865 milliard 900 million so‘mni (7,4 foiz) tashkil etmoqda.

Tarmoqlar kesimida qo‘shilgan qiymatning eng katta ulushi (35,8 foiz) xizmatlar ko‘rsatish sohasiga to‘g‘ri kelib, ushbu tarmoq bo‘yicha yaratilgan qo‘shilgan qiymat hajmi 300 trillion 351 milliard so‘mni tashkil etishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, ushbu ko‘rsatkich sanoat bo‘yicha 217 trillion 683 milliard 500 million so‘m (25,9 foiz), qurilish bo‘yicha 52 trillion 516 milliard 300 million so‘m (6,3 foiz) va qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi bo‘yicha 207 trillion 602 milliard 8 million so‘m (24,7 foiz) miqdorida bo‘lishi kutilmoqda.

Kutilayotgan real o‘sish miqdori qurilish bo‘yicha 8,1 foizni, sanoat bo‘yicha 7,0 foizni, xizmatlar bo‘yicha 6,5 foizni, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi bo‘yicha 3,1 foizni hamda mahsulotlar va eksport-import operatsiyalari hisobidan olingan sof soliqlar 7,4 foizni tashkil etmoqda.

Prognozlarga ko‘ra ustuvor vazifalarni amalga oshirish orqali 2022-yilda yalpi ichki mahsulot o‘sish sur’atini 5,9 foizga yetkazish va uning ijobiy dinamikasini keyingi yillarda ham davom ettirish (2023-yilda 6,2 foiz va 2024-yilda 6,6 foiz) bilan birga inflyatsiya darajasini bosqichma bosqich pasaytirib borish ko‘zda tutilmoqda.

2022-yilda inflyatsiya darajasi 9,0 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilingan bo‘lsa, 2023-yilda 5,2 foiz, 2024-yilda 5,0 foiz miqdorida mo‘ljal olingan.

Respublika bo‘yicha iste’mol narxlari indeksi 2020-yil yakuni bo‘yicha 11,1 foiz miqdorida qayd etilgan bo‘lib, 2021-yilda 10 foizni tashkil qilishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, 2021-yilning 9 oylik yakunlari bilan respublikada YaIM 6,9 foizga o‘sgandi.