“Telba”, “Aka-uka Karamazovlar”, “Jinoyat va jazo” kabi jahon adabiyoti durdonalari muallifi Fyodor Dostoyevskiy ijodi tiriklik davrlarida ham, vafotidan keyin ham turli bahs va munozaralarga sabab bo‘lgan. Jumladan, Nikolay Nekrasov, Vissarion Belinskiy va boshqa ko‘plab adabiyot namoyandalari uni ko‘klarga ko‘tarsa, Vladimir Nabokov uning ijodiga keskin tanqidiy ruhda qarab, yozuvchini “Arzon jurnalist” deb ataydi.

Nima bo‘lganda ham, buyuk mutafakkirga davr o‘z bahosini bergan va asarlari hozirda butun dunyoda eng ko‘p o‘qiladigan, mushohada qilinadigan adiblar sirasiga kiradi. “Daryo” ushbu buyuk yozuvchining hayot va ijod yo‘liga nazar tashlaydi.

Fyodor Dostoyevskiy

Foto: Google Images

Bolalik va yoshlik yillari

Fyodor Mixaylovich Dostoyevskiyning otasi Mixail Andreyevich Dostoyevskiy va onasi Mariya Nechayeva 1820-yilning 14-yanvarida turmush qurgandi. Otasining kasbi shifokor bo‘lib, 1820-yilning oxirida, birinchi farzandi Mixail tug‘ilganidan so‘ng, o‘zi ishlayotgan harbiylar shifoxonasidan bo‘shaydi. Shundan so‘ng u Moskvadagi kambag‘allar uchun mo‘ljallangan Mariinskiy shifoxonasiga ko‘chib o‘tadi. Oilada ikkinchi farzand hisoblangan Fyodor 1821-yilning 11-noyabrida o‘sha shifoxonada tug‘ilgan. Biograflarning fikriga ko‘ra, bo‘lajak yozuvchining ismi bobosidan olingan. Uning ism-sharifi Fyodor Timofeyevich Nechayev bo‘lgandi.

Dostoyevskiylar oilasida patriarxal urf-odatlarga qat’iyan rioya qilinardi. Xo‘jalik tartibi ham otasining bandligiga qarab belgilanardi. Mixail Dostoyevskiy har kuni soat oltida uyg‘onib, shifoxonada ertalabki ko‘rikni o‘tkazar, so‘ngra bemorlarni uylariga olib borardi. Soat o‘n ikkida u oilasi bilan tushlik qilib, dam olardi va yana ishiga qarab ketardi. Soat roppa-rosa kechki to‘qqizda odatiy dasturxon yozilar va kechki ovqatni tanovul qilib bo‘lgach, bolalar ibodat qilar va ota-onasiga xayrli tun tilab, uxlagani yotardi. Yozuvchining eslashicha, kundalik hayot odatda shunday o‘tgan.

1822-yilning oxirida singlisi Varvara tug‘ilganidan so‘ng, Alyona Frolovna ismli ayol Dostoyevskiylar oilasiga enaga sifatida ishga yollanadi. Yozuvchida u bilan bog‘liq ko‘plab iliq xotiralar qolgan. Uning eslashiga ko‘ra, 45 yoshlar atrofidagi bu ayol bolalarni mehr bilan katta qilgan. Ularga bir-biridan ajoyib ertaklar aytib bergan. Dostoyevskiy o‘z enagasini “Iblislar” romanida (1871–1872) tilga oladi.

1825-yilning mart oyida oiladagi navbatdagi farzand Andrey tug‘ilganidan so‘ng, ular kasalxonaning chap fligeliga (asosiy bino yonidagi qo‘shimcha imorat) ko‘chib o‘tadi. Yangi kvartira, Andreyning eslashicha, ikkita xona, kirish zali va oshxonadan iborat bo‘lgan. Ular “Olov qush”, “Alyosha Popovich”, “Ko‘k soqol”, “Ming bir kecha” va boshqa ertaklarni eshitib ulg‘aygan. Uyda mehmon bo‘ladiganlarning ko‘pchiligi otasining hamkasblari va ularning oilalari edi. Keyinchalik ularning ko‘pchiligi yozuvchining asarlarida tilga olingan.

1832-yilda Dostoyevskiy va uning akasi uyda yollangan o‘qituvchilardan ta’lim ola boshlaydi. 1833-yildan ular Nikolay Ivanovich Drashusov pansionatida, keyin esa Karl Chermak Leontevich pansionatida ta’lim oladi. Bo‘lajak yozuvchining ma’naviy rivojlanishida uning ustozi — rus tili o‘qituvchisi Nikolay Bilevichning bir qadar xizmati singgan.

Yozuvchi o‘zining ko‘plab asarlarida pansionat haqidagi xotiralardan foydalangan. Ta’lim muassasalaridagi muhit va oilasidan ayrolik Dostoyevskiyning ruhiyatiga og‘ir ta’sir qiladi. Masalan, Mixail va Fyodor uyda boshlang‘ich ta’limni olganidan so‘ng Nikolay Drashusov pansionatida o‘qiydi. O‘sha maktab Dostoyevskiyning “O‘smir” romanidagi (1875) “Tushar pansionati” prototipiga aylangan. Shu bilan birga, o‘qish yillarida Dostoyevskiyda bilim olishga ishtiyoq uyg‘onadi.

1837-yilda yozuvchining onasi vafot etadi. Shundan so‘ng otasi Fyodor va uning ukasi Mixailni Peterburgdagi o‘quv yurtiga olib boradi. Bo‘lajak yozuvchi otasini so‘nggi bor ko‘rayotgandi, chunki otasi ham 1839-yilda vafot etadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, u apoplektik insultdan vafot etgan. Lekin oila a’zolari uni krepostnoylar tomonidan o‘ldirilgan deb biladi.

Fyodor Dostoyevskiy o‘qishni 1843-yilda tamomlagan. Keyin u Sankt-Peterburg muhandislar guruhiga dala muhandisi va podporuchik (chorlar armiyasidagi harbiy unvonlardan biri) sifatida qabul qilinadi. Lekin oradan bir yil o‘tib, Dostoyevskiy u yerdan iste’foga chiqadi. U adabiyot bilan shug‘ullanishga va butun umrini ijodga bag‘ishlashga qaror qilgandi.

Shu yillar davomida Fyodor Dostoyevskiy turli davrga mansub Yevropa adabiyoti vakillari ijodi bilan muntazam tanishib borayotgandi. Gomer, Onore de Balzak, Viktor Gyugo, Shekspir kabi jahon klassiklarini mutolaa qilardi. Shuningdek, u Mixail Lermontov, Nikolay Gogol, Nikolay Karamzin kabi shoir va adiblarni ham o‘qirdi. Fyodor Dostoyevskiyning bolaligidan sevib mutolaa qilgan shoirlaridan biri Aleksandr Pushkin edi. Yozuvchi uning qalamiga mansub ko‘plab she’rlarni yoddan bilgan.

Fyodorning ukasi Andrey Dostoyevskiy adibning Pushkin ijodiga bo‘lgan muhabbati haqida shunday eslaydi:

Akam Fyodor katta akam Mixailga: ‘Agar uyda oilaviy motam bo‘lmaganida, dadamdan Pushkin uchun motam tutishni so‘ragan bo‘lardim’, — degan.

Pushkin ham Dostoyevskiyning onasi kabi 1837-yilda vafot etgan. Uning uchun ham motam tutishni istagan yozuvchining o‘sha paytda ichidan nimalar o‘tganini tasavvur qilish mumkin.

Ijod yo‘li

1845-yil may oyining oxirida Fyodor Dostoyevskiy o‘zining ilk romani — “Kambag‘allar”ni yozib tugatadi. Romanda xo‘rlangan, ijtimoiy adolatsizliklar qurboniga aylangan kishilar taqdiri haqida hikoya qilingan bo‘lib, o‘sha yillardagi yirik adabiyot vakillari — Nikolay Nekrasov hamda Vissarion Belinskiylar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinadi. Nekrasov Belinskiyga yozgan maktubida kelajagi porloq yozuvchi haqida “Gogol qayta tug‘ildi” deydi va romanni o‘zining “Peterburg to‘plami” antologiyasida nashr ettiradi. Belinskiy, o‘z navbatida, ushbu roman haqida shunday fikr bildirgan:

Roman Rusdagi turmush tarzi va odamlar haqida avval birovning tushiga ham kirmagan sirlarni oshkor qiladi. Bu bizning ijtimoiy roman yo‘nalishidagi birinchi urinishimiz va boz ustiga, u shunday yaratilganki, odatda san’atkorlar bundan nima chiqishini o‘zlari ham anglamagan holda amalga oshiradi.

So‘ngra yozuvchi Belinskiyning adabiy to‘garagida o‘zining keyingi asari — “Qiyofadosh” qissasidan (1846) parchalar o‘qib beradi. Lekin asarning to‘liq varianti jamoatchilikning hafsalasini pir qiladi. Asar o‘quvchilar tomonidan qanday qabul qilib olingani to‘g‘risida Fyodor akasiga shunday deb yozgandi:

Biznikilar va boshqa barcha tomoshabinlar Golyadkinni o‘ta zerikarli va sustkash deb, asarni esa haddan tashqari cho‘zib yuborilgan deb topdi va shu sababli uni o‘qishning iloji yo‘qligini aytdi.

Keyinroq u asarni qayta ishlaydi. Ba’zi ikkinchi darajali qahramonlar va tavsiflarni olib tashlaydi. Qahramonlarning o‘y-fikrlari va uzun dialoglarni qisqartiradi.

1847-yilda Dostoyevskiy sotsializm g‘oyalari bilan qiziqadi va Mixail Petrashevskiy (1821–1886) boshchiligidagi to‘garakka tashrif buyuradi. U yerda kitob chop etish erkinligi, sudlarni isloh qilish, dehqonlarga erkinlik berish masalalari muhokama qilinardi. To‘garak yig‘ilishida Dostoyevskiy Belinskiyning Gogolga yozgan taqiqlangan maktubini o‘qib beradi. 1849-yil aprel oyining oxirida esa yozuvchi hibsga olinadi. Sud uni “adabiyotshunos Belinskiyning din va hukumatga nisbatan jinoyatkorona ruhdagi maktubini ommaga oshkor qilingani to‘g‘risida xabar bermagani uchun eng asosiy jinoyatchilardan biri” deb topadi va o‘limga hukm qiladi. Biroq nufuzli kishilar aralashuvidan so‘ng podsho Aleksandr II o‘lim jazosini to‘rt yillik katorga surguni bilan almashtiradi. Fyodor Omskdagi to‘rt yillik og‘ir mehnatdan so‘ng Semipalatinskda oddiy askar sifatida harbiy xizmat o‘taydi. Yozuvchiga 1856-yilda Aleksandr II toj kiyish marosimini o‘tkazayotgan vaqtda amnistiya beriladi.

Fyodor Dostoyevskiy (o‘ngda) harbiy xizmat davrida

Foto: Solomon Leybin

Fyodor Dostoyevskiy Omsk qamoqxonasidagi og‘ir hayot haqida o‘zining “O‘lik uydan maktublar” (1861–1862) asarida ifodalagan. Bu asar adib zamondoshlari uchun haqiqiy kashfiyotga aylanadi. Ivan Turgenev asarni Dantening “Do‘zax”iga qiyoslaydi. Yana bir ijod kishisi Aleksandr Gersen uni Mikelanjeloning “Dahshatli sud” freskasi bilan taqqoslaydi. Asar janri borasida adabiyotshunoslar hanuzgacha tugal bir qarorga kela olmaydi. Asar, bir tomondan, muallif xotiralariga asoslangan bo‘lib, uni memuar deb atash mumkin. Boshqa tomondan, undagi qahramon o‘ylab topilgan va yozuvchi aniqlik va xronologik tamoyillarga har doim ham amal qilavermaydi.

Adibning eng yirik adabiy ishlaridan biri “Xo‘rlanganlar va haqoratlanganlar” romani bo‘lib, u ham 1861-yilda muallif va uning ukasi tahriri ostida nashr qilinadi. Roman yozuvchining davr muammolarini aks ettirgan birinchi jiddiy asari edi. Asar ikki qismdan iborat bo‘lib, bir yarim yillik voqealarni o‘z ichiga olgan. Sujet markazida Vanya ismli yosh yigit turadi. Ikkinchi qismda esa Yelena ismli o‘n uch yoshli qiz haqida so‘z hikoya qilingan.

Romanda zarur yordam va himoyachilarsiz qolgan kambag‘allar hayoti tasvirlangan bo‘lib, ular pul va qonun kuchi bilan qurollangan qudratli shaxslar tomonidan kamsitilishi va xo‘rlanishi ochib berilgan.

Tanqidchilar romanni vazminlik bilan qarshi oladi. Bunga sabab, katta ehtimol bilan, yozuvchining yaqindagina surgundan qaytgani edi. Faqat “Sovremennik” jurnali kamchiliklarni ko‘rsatib, ijobiy baho beradi.

Yirik asarlari haqida

Dostoyevskiy Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” romani bilan teng kelishi mumkin bo‘lgan roman-epopeya yaratmoqchi edi, biroq moddiy yetishmovchiliklar (u ko‘pincha pulga muhtoj yurardi) bu rejani amalga oshirishga xalaqit beradi. Natijada, u o‘z g‘oyasini beshta bir-biridan mustaqil romanga aylantiradi. Bular “Jinoyat va jazo”, (1866), “Telba” (1868), “Iblislar” (1871–1872), “O‘smir” (1875) va “Aka-uka Karamazovlar” (1879–1880) romanlari edi.

“Jinoyat va jazo” romani realizm uslubida yozilgan va unda tasvirlangan voqealar o‘zining achchiq haqiqatlari bilan o‘quvchining ong va shuuriga singib ketadi. Asarda Dostoyevskiy tomonidan olg‘a surilgan asosiy g‘oya — tavba qilishning muqarrarligi. Ma’naviy jazo qonuniy jazodan ko‘ra dahshatliroq va og‘riqliroq ekanini muallif o‘quvchiga ko‘rsatib bera olgan. Jinoyatchi ortida umuman iz qoldirmay, yerdagi suddan qutulib qolgan taqdirda ham, jazo muqarrar. Samoviy adolatga chap berib bo‘lmaydi, chunki uning poydevori har birimizning qalbimizga qurilgan. Odamning ichini qiymalovchi vijdon azobi gunohlar uchun to‘langan tovondir. Har bir jinoyat ortida jazo muqarrar va bunda inson ko‘zi ilg‘amaydigan ilohiy adolat mujassam.

Kitob mazmuni asosiy savolga beriladigan javobda yashirin: Raskolnikov xato yo‘ldan borayotgan bo‘lsa, unda to‘g‘ri yo‘l qaysi? Ijtimoiy adolatsizlikni qanday o‘nglash mumkin? Dostoyevskiy najot ishonchda ekanligini ko‘rsatadi. U to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib, sevishga, umid qilishga va yaqinlarga yordam qo‘lini cho‘zishga o‘rgatadi.

“Telba” romani ham yozuvchining eng ko‘zga ko‘ringan asarlaridan biri hisoblanadi. Roman har doimgidek yozuvchi hayotining juda og‘ir damlarida yaratilgan. Asar ustida ishlayotgan vaqtida qarz beruvchilar va nashriyot tomonidan bosimga uchrab, u qo‘lidagi so‘nggi puli bilan Rossiyani tark etishga majbur bo‘ladi. Ishni Shveysariyada davom ettiradi. Tushkun kayfiyati, sog‘lig‘ining yomonligi, noqulay ob-havo sharoitini yengib o‘tgan Dostoyevskiy uni bir amallab oxiriga yetkazadi. Lekin asar g‘oyasini o‘quvchiga to‘la yetkazib bera olmadim deb hisoblab, ijodidan biroz hafsalasi soviydi.

Adib romanda o‘zi yashayotgan jamiyatni bor chirkinliklari bilan tasvirlab beradi. Ko‘plab illatlar, qashshoqlik va telbalik odamlarni o‘z iskanjasiga olib, ularni g‘azabnok hayvonlarga aylantiradi. Hatto yuksak odob-axloq sohibi shahzoda Mishkin ham bu jirkanch ishlarga qarshi turishga ojiz edi. “Telba”da odamlar e’tiqodi sustlashib, bo‘sh urf-odatlarga aylangani va odamlar ichidagi yovuz kuch bilan kurashishda ortiq tayanch bo‘la olmasligi ko‘rsatib berilgan. Shuningdek, yozuvchi odamlarda hali ham umid borligiga ishora qiladi.

“Aka-uka Karamazovlar” yozuvchining oxirgi romanidir. Ushbu asarning yozilish tarixidan xabardor bo‘lgan o‘quvchiga uni tushunish osonroq kechadi.

Roman yozuvchining 1849-yilgi surgun davrlarining og‘ir fojialari bilan bog‘liq. Otasining o‘limida nohaq ayblangan Dmitriy Ilinskiy ismli odamni ham u o‘sha yerda uchratadi. Katorga davri mashaqqatlarga boy bo‘lgan, lekin ayni shu paytlar Dostoyevskiyning yetuk yozuvchi bo‘lib shakllanishida muhim rol o‘ynagan. Tanqidchilar Dmitriy Karamazovning yana bir prototipi sifatida Dostoyevskiyning do‘sti — shoir, sharhlovchi Apollon Grigorevni ko‘radi. U o‘zining jo‘shqin tabiati va shov-shuvli sarguzashtlari bilan mashhur edi. Staraya Russa shahri Skotoprigonevsk prototipiga aylangan — romanda tasvirlangan uylar haligacha saqlanib qolgan. Muallifning o‘zi istiqomat qilgan uy esa muzeyga aylantirilgan.

Dostoyevskiyning Staraya Russa shahridagi uy-muzeyi

Foto: “Museum.ru”

Dostoyevskiy romanni yozishga, yuqorida ta’kidlanganidek, 1878-yilda kirishadi. Uch yilda yozib tugatadi va “Russkiy vestnik” jurnalida ikki yil davomida qismma-qism e’lon qilib boriladi.

Adib romanda yon-verida sodir bo‘layotgan axloqiy tanazzul muhitini ifodalab bergan. Asarda g‘azab, ochko‘zlik, ikkiyuzlamachilik kabi illatlar inson qalbini yamlamay yutib yuborishi va uni qorong‘ilik tubiga g‘arq qilishi ko‘rsatib berilgan. Qahramonlarga illatlarni yengishga va yashashda davom etish uchun kuch topishda yordam beradigan narsa esa e’tiqod va ishonchdir. Yozuvchi umrining oxirigacha o‘z qarashlariga sodiq qoladi va insoniyatga bo‘lgan ishonchini yo‘qotmaydi. U dunyodagi barcha yovuzliklar, adolatsizliklarga qaramay, inson muhabbat va e’tiqod yordamida yorug‘likka qaytishi mumkinligini ta’kidlaydi. Asarning asosiy g‘oyasi ham shu edi.

Adib asarning ikkinchi tomni ham yozishni rejalashtirgandi, lekin o‘lim bu rejaning amalga oshishiga to‘sqinlik qilgan.

Shaxsiy hayot va umrining so‘nggi yillari

Dostoyevskiy o‘zining birinchi turmush o‘rtog‘i Mariya Isayeva bilan katorgadan qaytganidan ko‘p o‘tmay tanishgan. Ikki yosh turmushi yetti yil, 1864-yilda Mariya to‘satdan vafot etguniga qadar davom etadi.

1860-yillar boshida chet elga qilgan ilk sayohatlaridan birida Dostoyevskiyni Apollinariya Suslova ismli hur fikrli ayol o‘ziga jalb qiladi. “Qimorboz” asaridagi Polina, “Telba”dagi Nastastya Filippovna va boshqa bir qator ayol obrazlari aynan shu ayol siymosidan olingan.

Yozuvchi 40 yoshga yaqinlashgan vaqtda ham farzand ko‘rmagandi. Bu yetishmovchilikni yozuvchining ikkinchi rafiqasi — Anna Snitkina to‘ldiradi. U nafaqat vafodor ayol, balki yozuvchining yordamchisiga ham aylanadi: Dostoyevskiyning romanlarini nashr ettirish vazifasini o‘z zimmasiga oladi, barcha moliyaviy muammolarni oqilona hal qiladi va turmush o‘rtog‘i haqidagi xotiralarni nashrga tayyorlaydi. Fyodor Mixayloviy “Aka-uka Karamazovlar romanini unga bag‘ishlaydi.

Anna Snitkina

Foto: RRNews

Anna Grigorevna Dostoyevskiyga to‘rtta farzand tug‘ib beradi: Sofiya, Lyubov, Fyodor va Aleksey. Afsuski, birinchi farzandi Sofiya tug‘ilganidan bir necha oy o‘tgach vafot etadi. Farzandlaridan faqat Fyodor otasining yozuvchilik ishini davom ettirgan.

1859-yilda Semipalatinskdagi harbiy xizmatdan qaytib kelgan Dostoyevskiy 20 yil ichida Rossiya va Yevropadagi eng taniqli yozuvchilardan biriga aylana oldi. Unga har oy muxlislaridan yuzlab maktublar kelardi.

Shunga qaramay, uning sog‘lig‘ida jiddiy muammolar bor edi. Dostoyevskiy deyarli butun umri davomida tutqanoqdan aziyat chekkan va 1870-yillar boshida unda nafas olish tizimi bilan bog‘liq kasalliklar rivojlana boshlagan: sil, surunkali bronxit va amfizem. 1881-yil 10-fevralda u Pushkin vafotiga bir yil to‘lgani munosabati bilan uyushtirilgan kechada nutq so‘zlashi kerak edi, lekin bu amalga oshmaydi.

Tadbirdan bir necha kun avval yozuvchining ahvoli og‘irlashadi. Bir necha bor tomog‘idan qon ketadi. Doimiy epileptik xurujlar ham uni holdan toydirgandi. Shifokorlar Anna Grigorevnaga yozuvchining o‘pka tomirlari juda yupqa bo‘lib qolganini aytib, uni jismoniy va ruhiy zo‘riqishlardan ehtiyot qilish kerakligini tayinlagan.

9-fevral kuni u barcha yaqinlari bilan vidolashib, kechga borib, joni uziladi. O‘sha kuni Dostoyevskiy yashagan xonadon uning vafot etganini eshitib, vidolashmoqchi bo‘lgan odamlar bilan to‘lib ketgan. Rassom Ivan Nikolayevich Kramskiy o‘limidan so‘ng uning suratini chizgan.

Dostoyevskiydan iqtiboslar

  • Rahm-shafqat butun insoniyat uchun tiriklikning eng muhim va, ehtimol, yagona shartidir.
  • Erk — bu shataloq otish emas, balki o‘zingni nazorat qila olishing.
  • Har narsaning kesib o‘tish xavfli bo‘lgan chegarasi bor. Bir marta o‘tdingmi, tamom, ortga yo‘l yo‘q.
  • Baxt bu baxtning o‘zida emas — unga erishishda.
  • Hayotni uning mazmunidan ko‘ra ko‘proq sevish kerak.
  • Rus xalqi iztirobdan rohat tuyadigandek.
  • Maqsadsiz hayot inqirozga yuz tutadi.
  • Mutolaa qilmaslik bu fikr qilmaslik demakdir.
  • Rohat-farog‘atda baxt yo‘q, baxt azoblar orqali sotib olinadi.
  • Dunyoni go‘zallik qutqaradi.