8—12-noyabr kunlari Turkiyada “Korkut ata turkiy tilli davlatlar xalqaro kinofestivali” bo‘lib o‘tdi.

Mazkur kinofestivalda Rashid Malikovning Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan “Tutqunlik” filmi hay’at azolarining maxsus mukofoti bilan taqdirlandi. Ali Hamroyevning “Xalq jasorati” filmi esa hujjatli kino yo‘nalishida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqovga “Turkiy dunyo madaniyatiga qo‘shgan hissasi uchun” maxsus mukofoti topshirildi.

Kinofestival hay’at raisi Mesud Uchakan o‘zbek filmlaridagi gumanistik g‘oyalarni olqishlashdi: “O‘zbek filmlarining gumanizm g‘oyalarini ilgari surishi bizga juda yoqdi. ‘Mehr’ operatsiyasi haqida suratga olingan ‘Tutqunlik’ filmi alohida olqishga loyiq. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining urush kechayotgan yerlardan o‘z fuqarolarini qaytarish bo‘yicha ko‘rsatgan tashabbusini alohida e’tirof etgan bo‘lardim. Bu ulkan insoniylik va gumanistik loyihadir”, — dedi hay’at raisi.

O‘zbekiston kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov: “Mazkur mukofot so‘nggi 5 yil davomida O‘zbekistonda olib borilayotgan kino islohotlariga katta baho deb bilaman. Mazkur islohotlar bevosita hurmatli prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan bog‘liq. Ularning barchasi prezidentimiz tashabbuslarining natijasidir. Mazkur mukofot o‘zbek kinoijodkorlarinikidir. Chunki buni ortida juda katta jamoa va hamjihatlikdagi mehnat turipti. Ularga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman”, — deya ta’kidladi.

Turkiya madaniyat va turizm vaziri Ahmet Demirkan hamkorlik haqida so‘zladi: “Endilikda biz O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bilan aloqalarni o‘rnatamiz, hamkorlikda xalqaro kinoloyihalar ishlaymiz. O‘ylaymanki, bu hamkorligimiz katta natijalar beradi”.

Shuningdek festival davomida o‘zbek kinosi kuni o‘tkazilib, “Tutqunlik”, “Xalq jasorati” filmlaridan tashqari Jahongir Ahmedovning “Ilhaq” kartinasi premyerasi bo‘lib o‘tdi. Shu bilan birga, Turkiya telekanallarida o‘zbek filmlari namoyishi etildi.

Kinofestival davomida o‘zbek delegatsiyasi tomondan turli kompaniyalar bilan hamkorlik kelishuvlariga erishildi.

Kinofestivalning taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham ishtirok etdi. So‘ngra turkiyalik hamkasbi bilan duet kuyladi. Ularning chiqishi tashrif buyurganlarda yorqin taassurot qoldirdi va olqishlarga sazovor bo‘ldi.

Kinematografiya agentligi matbuot xizmati