Ukraina AQShdan 80 tonna jangovar o‘q-dori qabul qilib oldi. Bu haqda AQShning Kiyevdagi elchixonasiga tayanib, “Kommersant” xabar beradi.

Foto: Twitter / @U.S.EmbassyKyiv

“Ukraina AQShdan taxminan 80 tonna jangovar o‘q-dorilarni qabul qilib olgan. Bu prezident Baydenning avgust oyida Ukrainada ajratgan xavfsizlik bo‘yicha 60 million dollarlik qo‘shimcha yordami doirasida to‘rtinchi bor yetkazib berish hisoblanadi”, — deyiladi elchixona xabarida.

AQSh prezidenti Jo Bayden avgust oyida Ukrainaga 60 million dollar ajratish bo‘yicha buyruq bergandi. Pullar AQSh Mudofaa vazirligi taqdim etadigan mudofaa xizmatlari va mahsulotlariga, harbiy ta’lim va tayyorgarliklarga yo‘naltirilgan.

Qurollanishning yetkazib berilishi Donbossdagi vaziyat keskinlashuvi fonida amalga oshirilmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligining hisoblashicha, AQSh va NATO’ning Qora dengizdagi faolligi “Kiyev janubi-sharqidagi mojaroni kuch orqali hal qilishdagi harbiy harakatlar teatrini o‘rganish” bilan bog‘langan. Amerika OAVlari esa AQShda Rossiya Ukrainaga qarshi “harbiy operatsiyalar ehtimolligi” haqida ma’lumotlar borligini ma’lum qilmoqda. Kreml ushbu da’volarni asossiz deb atagan.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning mart oyida AQSh Ukrainaga 125 mln dollarlik yangi harbiy yordam paketini ajratishi ma’lum bo‘lgandi. Ushbu paket Ukrainaga “hududiy yaxlitlikni saqlashga, shuningdek, o‘z chegaralarini himoya qilishni ta’minlashga” yordam berish maqsadida ishlab chiqilgandi.