Samarqand viloyati Jomboy tumanida 16-noyabr kuni yelim ishlab chiqarish sexi yonib ketdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, 12:44 da tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga “Nazar” mahallasida joylashgan Chinlateks MCHJ hududidagi kley ishlab chiqarish sexida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Shunga ko‘ra, 6 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 12:55 da yetib borib, yong‘in soat 14:50 da qurshab olingan va soat 15:51 da bartaraf etilgan.

Qayd etilishicha, yong‘in oqibatida sexning taxminan 400 kvadrat metr maydonda tomi, shifti va ichki qismida yelim mahsulotlari yonib zararlangan. Hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qarshidagi bank shoxobchasida yong‘in yuz bergani xabar qilingandi.