“Bari gal”, “Samarqand”, “Ona”, “Umr bahori” singari yuzlab qo‘shiqlari orqali o‘z muxlislariga ega O‘zbekiston xalq artisti Nasiba Abdullayeva 15-noyabr sanasida tavallud topgan. Quyida o‘zining muborak 60 yoshini qarshilagan san’atkorning hayoti va ijod yo‘li haqida hikoya qilamiz.

Yetti farzandning surpa qoqdisi

Nasiba Abdullayeva 1961-yili ko‘hna va navqiron Samarqand shahrida dunyoga kelgan. Serfarzand oilada tug‘ilgan Nasibaning otasi Melik Yormuhammedov va onasi Xolchuchuk Halimqulova birgalikda besh o‘g‘il hamda ikki qizni ulg‘aytirib, voyaga yetkazadi.

Nasiba Abdullayeva ota-onasi bilan

Foto: Shaxsiy arxivdan

Yetti farzandning kenjasi bo‘lgan Nasiba intervyularining birida bolalik chog‘larini xotirlarkan, shunday degandi:

“Onamning muhabbatini his qilib tursam-da, atrofimdagi tashvishlarning ko‘prog‘i otamning zimmasida ekanini ko‘rib ulg‘aydim. Bolalikdan besh aka, bir opa, ota va ona uchun tirik qo‘g‘irchoq o‘rnidagi erkatoy qiz bo‘lib o‘sdim. Men ko‘ngildagi hamma orzu-niyatlarimni ochiq ayta olar, ular esa amalga oshirishga hamisha tayyor turishardi.

Orzularim boshqa qizlarnikiga o‘xshab “falon ko‘ylakni olib bering”, “piston o‘yinchoqni o‘ynagim kelyapti” emas, balki “musiqa to‘garagiga borgim kelyapti”, “akkardion olib bering”, deganga o‘xshash edi.

Maktabda faol o‘quvchi edim, birinchi sinfdan o‘ninchi sinfgacha faqat a’lo baholarga o‘qiganman. Do‘stlarim ko‘proq o‘g‘il bolalar bo‘lib, ular bilan birga yugurish, mushtlashish, velosiped uchishni yaxshi ko‘rardim.

Xonadonimizda uzumning ko‘p navi bo‘lardi. Ota hovlimda allaqachon qurib, yo‘q bo‘lib ketgan va bugungi kunda juda kamyob bo‘lgan bir qancha uzum navining ko‘chatini ammamnikidan olib kelib, uyimda ekkanman. Ular har yili hosilga kirganida, bolaligimning hidini, ob-havosini yaqqol his qilaman, eslayman”.

Foto: lyricsus.com

Ota duosini olgan qizaloq

Nasibaning san’atga qiziqishi va kuylash qobiliyatini ko‘rgan dadasi uni qo‘llab-quvvatlab, musiqa to‘garagiga olib boradi.

“San’atkor bo‘lishim kerakligini bilgan va bunga ishongan faqat otam bo‘lgan. O‘sha paytda menga nisbatan turli munosabatlarga ham dadam javob berishga harakat qilgan. Akalarim tomonidan ham har xil munosabatlar bildirilgan.

Foto: Shaxsiy arxivdan

Otamning javob bitta bo‘lganki, “Qizning dadasi menman, hozircha tirik ekanman, uning tarbiyasi ham, yurish-turishi ham, hammasi mening bo‘ynimda. Shuning uchun gapirmanglar. Unga o‘zim oq fotiha berganman, san’at yo‘lidan ketadi”, — degan. Musiqaga faqat qiziqish va qo‘shiqlarni o‘zingcha o‘rganib, ijro etishni o‘zi yetarli emasligini ham otam juda yaxshi tushungani bois doim qo‘llab-quvvatlagan.

Ularning o‘zi Samarqand ofitserlar uyi qoshidagi harbiylarning farzandlari uchun mo‘ljallangan musiqa studiyasiga o‘qishga joylashtirgan. Har doim men uchun vaqt topgan, sovuq kunlarda ham, issiqda ham darslarga olib borib, kelardi”, — deydi san’atkor bir intervyusida.

Foto: “myday.uz”

Shu tariqa u maktab bilan bir vaqtning o‘zida musiqa to‘garagining akkardion yo‘nalishida ham o‘qiydi. Maktabni bitirgach, hujjatlarini Samarqand arxitektura institutiga topshiradi. Institut xodimlari “Uyingiz oliy o‘quv yurtiga yaqin ekan, sizni kechki bo‘limga o‘qishga qabul qilamiz”, — deydi. Bu gapni eshitgan Nasiba “Maktabda o‘n yil davomida faqat a’lo baholarga o‘qiganman. Nima uchun institutda kechqurungi bo‘limda o‘qishim kerak?!”, — deya hujjatlarini qaytarib oladi.

Nasiba Abdullayeva yaqinlari davrasida

Foto: Shaxsiy arxivdan

Xuddi shu yili u maktabda musiqa o‘qituvchisi sifatida ish boshlaydi. Bir necha yildan keyin jozibador ovoz egasini “Samarqand” vokal-instrumental ansambliga ishga taklif qilishadi. U solist sifatida ijodini davom ettiradi. O‘sha yili uning “Bari gal” va “Samarqand” nomli albomlari chiqadi.

Omad olib kelgan “Samarqand”

Ijodini xalq qo‘shiqlarini kuylashdan boshlagan bo‘lajak yulduz “Xorazm lazgisi”, “Bari gal”, “Tanavor”, shuningdek, sharq xalqlari qo‘shiqlarini ijro etib, taniladi.

Foto: vdp.mycdn.me

“Ijodimni xalq qo‘shiqlaridan boshlashimning asosiy sababi – ular tinglovchilar va vaqtning sinovidan o‘tganligida. Qolaversa, taniqli bastakor va shoirlar mashhur xonandalar bilan hamkorlik qilishni ma’qul ko‘rishadi. Shuning uchun xalq qo‘shiqlarida hammamizning haqimiz bo‘lgan xazina hisoblab, ularga murojaat qilganman.

Foto: lyricsus.com

Bu umrboqiy qo‘shiqlarni ovoz imkoniyatlarimni ko‘rsatish, san’at olamida o‘zimni tanitish niyatida kuylaganman. Lekin qo‘shiqlarning asosini o‘zgartirmaslikka harakat qilganmiz.

Nomim tilga tushganidan keyin “Sizga qo‘shiq yozib beray”, degan bastakorlar ko‘paydi. Ularning ichida men uchun maxsus yozilgan birinchi qo‘shiq “Samarqand” taronasi bo‘lgan. Yevgeniy Jivayev “Samarqanddan porlab chiqqan yulduz sen bo‘lasan. Shuning uchun tug‘ilib o‘sgan ona yurtingga tashakkur sifatida Samarqand haqida qo‘shiq yozib beraman”, — degan.

Foto: Shaxsiy arxivdan

Musiqani tinglaganimda, musiqaning millati bo‘lmasligini tushunib yetganman. “Samarqand” qo‘shig‘ida Sharq, Samarqandning ruhi shunchalar sezilganki, qo‘shiqning o‘zbek tilidagi variatnini yaratishga ahd qilganmiz. Shoir Haydar Muhammadning badiiy tarjimasi ko‘nglidagidek chiqqan.

Qo‘shiqni ijro etganimdan keyin men uchun maxsus she’rlar va musiqalar yozgan mualliflar juda ko‘p bo‘ldi. Ularning barchasidan minnatdorman.

Foto: ytimg.com

40 yildan beri turli tadbir va davralarda “Samarqand”ni aytaman. San’atda iste’dod va mehnatdan tashqari omad ham bo‘lishi kerak. Men uchun yozilgan ilk qo‘shiq omad tumori vazifasini o‘tadi”, deydi u.

Betakror qo‘shiqlar ijrochisi...

1989-yili hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini tamomlagan Nasiba Abdullayeva O‘zbekiston davlat filarmoniyasiga ishga kiradi. U vaqt o‘tgan sari o‘z repertuarini boyitib boradi.

Muhabbat haqidagi qo‘shiqlari yosh-u keksaning qalbidan birdek joy oladi. “Arzimni aytdim”, “Jonim mening”, “Yoqasiz jonim”, “Majnuntol”, “Malak”, “Baxt o‘zi nimadir?”, “Sog‘inch”, “Umr bahori”, “Eslanar” singari ijod namunalari xit darajasiga yetadi.

Foto: uzbegim.us

Foliyati mobaynida ko‘plab xalqaro tadbir va festivallarda ishtirok etadi, ijodiy safarlarda bo‘ladi, yuzlab konsertlar mezboniga aylanadi.

O‘zbek estradasi yulduzi rus, turk, ozar, tojik, fors, arab, urdu va ivrit tillaridagi qo‘shiqlarning o‘z ona tilidek ijrosi bilan yaqin-u uzoq xorijdagi muxlislarini birdek tan oldirishga erishadi. Uni Amerika, Kanada, Yaponiya singari ko‘plab davlatlardagi eng zo‘r konsert zallarida ham olqishlar bilan qarshi olishadi.

Foto: iytimg.com

Nasiba Abdullayeva ijodiga bag‘ishlab, 1989-yili “Nasiba”, 2003-yilda “Munis onam” telefilmlari suratga olinadi va unda san’atkorning o‘zi rol ijro etadi. Bundan tashqari, u “Suiqasd” filmida ham aktrisa sifatida namoyon bo‘ladi.

Omadli albomlar va hukumat e’tibori

1990-yilda o‘zining ilk yakkaxon albomi — “Ayrilish”ni chiqargan san’atkor shundan keyin to‘rtta musiqiy to‘plamini muxlislariga havola qiladi. Xususan, 2000-yil “Sog‘inch”, 2002-yil “Umr bahori”, 2006-yil “Eslanar”, 2014-yil “Baxt o‘zi nimadir?” albomlarini chiqaradi.

Foto: i.ytimg.com

Nasiba Abdullayevaning san’at sohasidagi mehnatlari O‘zbekiston hukumati tomonidan munosib taqdirlanib kelinmoqda. U 1987-yilda “O‘zbekiston SSRda xizmat ko‘rsatgan artist”, 1993-yil “O‘zbekiston xalq artisti”, 1999-yilda “Mehnat shuhrati” hamda 2018-yil “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlanadi.

Shaxsiy hayot...

Nasiba Abdullayeva 18 yoshida oila quradi. U intervyularining birida turmushga chiqish sabablari haqida quyidagi fikrlarni aytadi.

Foto: themag.uz

“O‘shanda shunaqa yoshda edimki, men uchun insonni juda yaxshi bilib-bilmasligim ikkinchi, beshinchi, o‘ninchi o‘rinda edi. 18-19 yoshda u insonning kimligi, qanaqa insonligini o‘ylaydigan aql-idrokimiz bo‘lmaydi. Bu inson senga bugun qanchalik kerak va bu insonni yonida o‘zingni qanchalik baxtli his qilyapsan, degan savollar birinchi o‘rinda turadi. Menimcha, hammada shunaqa bo‘lsa kerak.

San’atga kirib borganim yaqinlarim orasida ham har xil munosabatlarga sabab bo‘lgani uchun va u munosabatlar ba’zan shunchalik chuqurlashib borar ediki, haqiqatan juda ko‘ngilni og‘ritadigan darajaga kelardi.

Foto: Instagram

Turmush qurishimga birinchi sabab, turmush o‘rtog‘imga nisbatan yoshlikdagi mehrim bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, atrofimdagi yaqinlarimni menga bo‘lgan negativ munosabatiga chek qo‘yish uchun shu qarorga kelganman. Shuning uchun menga oila qurish taklifi kelganida, uyoq-buyoqni unchalik o‘ylamasdan, javob berganman.

Shundan keyin “Mana oilali bo‘ldi, bizning zimmamizdan mas’uliyat ketdi, endi singlimiz uchun xotirjam bo‘lsak bo‘ladi”, degan fikrga borishadi, hammani ko‘ngli tinchiydi, deb o‘ylaganman.

Foto: Shaxsiy arxivdan

Lekin o‘shanda otam turmushga chiqishimni xohlamagan. “San’atkor bo‘laman, orzularim bor, degan eding. Menga boshqa gaplarni gapirganding. Endi nimaga shoshib turmushga chiqish yo‘lini tanlading?”, degan. Ammo dadam meni qarorimga hurmat bilan yondashib, javob bergan”, — deydi san’atkor.

1981-yil to‘ng‘ich o‘g‘li Anvar, olti yildan so‘ng kichik o‘g‘li Akbarni dunyoga keltiradi. Lekin 2000-yilga kelib, oilaga darz ketadi. Nasiba Abdullayeva ijodida bir necha yil tanaffus qiladi. Vaqt o‘tib, ikkinchi bor oila quradi.

Foto: Shaxsiy arxivdan

Bugungi kunda baxtli oila bekasi, mehribon ona va qator nabiralar buvisi bo‘lgan Nasiba Abdullayeva o‘z qo‘shiqlari bilan muxlislari mehrini qozonib kelmoqda.

Mirolim Isajonov tayyorladi