Adelning ekranda bergan har bir ko‘rinishi matbuotda mavzuga aylanadi. U ishtirok etgan dasturlar hamisha yuqori reytinglarni qayd qiladi. CBS kanalidagi shouda ham xuddi shunday natija qayd qilindi.

Foto: Harper’s Bazaar

Xonanda 6 yildan buyon ilk marta One night only ko‘rsatuvida chiqish qilib, Opra Uinfriga intervyu berdi. Dasturni 9,9 million muxlis tomosha qildi. Bu “Oskar”ning so‘nggi taqdirlash marosimini tomosha qilganlar (9,85 million) sonidan ko‘proq natija. Taqqoslash uchun mashhur ABC’s celebrity wheel of fortune shousini shu dam olish kuni 3,4 million tomoshabin ko‘rgan.

Foto: Harper’s Bazaar

The Mirror, nashrining ma’lumotiga ko‘ra CBS kanali Adelning ishtiroki hisobiga 100 million dollar ishlab olgan. Qatnashgani uchun esa qo‘shiqchiga 5—7 million dollar to‘langan. Shouga turli izohlar bildirilgan. Aksariyat tanqidchilar konsert yaxshi chiqqani, ammo intervyu bundan ham qiziq bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan. Adel intervyu davomida Saymon Koneki bilan ajrashish tafsilotlari bilan bo‘lishgan.

“Rostini aytsam, Saymon mening hayotimni saqlab qolgan, fikrimcha. U hayotimning turg‘un vaqtida paydo bo‘lgan. Barqarorlikni, ayniqsa yosh va g‘o‘r vaqtimda u va Anjelodan boshqa hech kim bera olmas edi. Men qandaydir noto‘g‘ri yo‘ldan yurishim va emotsiyalarga beriluvchan ekanim sabab o‘zimni xarob qilishim mumkin edi. U paydo bo‘ldi-yu, hayotimdagi eng ishonchli insonga aylandi. Men haligacha har jabhada unga ishonaman”, — degan u.

Shu bilan birga, ajrashishi kerakligini tushunib yetishiga unga jurnaldagi psixologik test yordam berganini qo‘shimcha qilgan. Uning aytishicha, aynan shu testdan keyin u turmushi bema’ni ekanini va munosabatlaridagi barqarorlikka qaramay, o‘sishi kerakligini tushunib yetgan.