Moliya vazirligi “Fuqarolar uchun budjet 2022” loyihasini taqdim etdi. Unda O‘zbekistondagi 10 ta eng yirik soliq to‘lovchi keltirilgan.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Qayd etilishicha, budjet daromadlari ko‘p jihatdan yirik soliq to‘lovchi korxonalar iqtisodiy holatiga bog‘liq bo‘ladi. Quyidagi kompaniyalar 2022-yilda davlat budjeti tushumlarining 36,4 foizini ta’minlashi kutilmoqda:

  • “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” — 17,82 foiz;
  • “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” — 9,4 foiz;
  • “O‘ztransgaz”— 1,89 foiz;
  • “O‘zbekneftgaz” — 1,7 foiz;
  • Uzbat — 1,5;
  • “Hududgazta’minot” — 1,26 foiz:
  • Uz-Kor Gas Chemical — 0,78 foiz;
  • “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” — 0,76 foiz;
  • UzAuto Motors — 0,73 foiz;
  • “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” — 0,6 foiz.

Spot’ning qayd etishicha, avvalgi yil bilan solishtirganda yirik soliq to‘lovchilarning soliq tushumlaridagi ulushi kamaydi. Taqqoslash uchun, 2020-yilda 10 ta eng yirik soliq to‘lovchi 2021-yilgi davlat budjeti tushumlarining 47,3 foizini ta’minlashi prognoz qilingan.

Aksariyat kompaniyalar ulushi ham kamaygan. Xususan, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” ulushi 2,28 foizga, “O‘zbekneftgaz”niki uch baravar, UzAuto Motors’niki ikki baravar kamaygan. Yirik soliq to‘lovchi top-10 taligidan “Lukoyl”, “O‘zbekenergo”, Beeline va Ucell o‘rin olmagan.

Boshqa tomondan, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati”, “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” va Uz-Kor Gas Chemical ulushi ortgan. Shuningdek, ro‘yxatda o‘tgan yili hatto eng yirik 20 ta soliq to‘lovchilar qatoridan o‘rin olmagan “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” joy oldi.