O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi O‘zbekiston rezidentlariga kriptovalyuta xarid qilish va sotishga ruxsat berdi. Bu boradagi tegishli qaror qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan.

Foto: UzNEX

Hujjat bilan 2019-yilning yanvarida birinchi bor qabul qilingan kriptobirjalarni litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi qarorga o‘zgartirish kiritilgan.

Endilikda O‘zbekiston aholisi kriptovalyutalar va tokenlar bilan bog‘liq barcha turdagi operatsiyalarni milliy valyutada (so‘mda) amalga oshirish huquqiga ega. Biroq norezidentlarga ular kriptovalyutalarni faqat xorij valyutasida sota oladi.

Bundan tashqari, o‘zgartirishlarda tokenning ta’riflari va u bilan bir qator operatsiyalarni, jumladan, chiqarish, joylashtirish va ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi belgilangan. Unga ko‘ra, tokenlarni investitsiya va moliyalashtirishni jalb qilish maqsadida tegishli ro‘yxatdan o‘tgan biznes subyektlari chiqara oladi.

O‘zbekiston kriptobirjalarida sotiladigan barcha tokenlar mulk ta’minotiga ega bo‘lishi kerak. Ta’minlanmagan tokenlarni chiqarish va joylashtirish taqiqlanadi.

Kriptobirjalar o‘z tokenlarini joylashtirayotgan tashkilotlarni va ularning mulkiy ta’minoti borligini tekshirishga majbur. Shuningdek, jalb etiladigan mablag‘ning kamida 10 foizi kripto birjasining maxsus hisob raqamiga o‘tkazilishi kerak.

O‘zbekistonda kriptovalyutalar

Spot’ning yozishicha, O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi birinchi kriptobijra hisoblanuvchi UzNEX 2020-yilning yanvarida ishga tushgan. Biroq bunga qadar o‘zbekistonliklarga kriptovalyutalarni faqat xojirliklarga sotishga ruxsat berilardi — Loyiha boshqaruvi milliy agentligi aholining moliyaviy savodxonligi pastligiga ishora qilgandi.

Agentlikning pozitsiyasi joriy yilda o‘zgargan. O‘zbekiston rezidentlariga kriptovaktivlarni xarid qilishga ruxsat beruvchi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilgan. Bundan tashqari, agentlik kompaniyalarga tokenlar emissiyasini ruxsat berish taklifini bildirgan.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, yangi qonun ishlarning holatini qonuniylashtiradi. O‘zbekistonda kriptovalyutalarning yashirin aylanmasi rivojlanmoqda va mahalliy kriptoinvestorlar uchun jinoiy ta’qibning bekor qilinishi — “ajoyib qadam”.

Raqamli aktivlar savdosining qonuniylashtirilishini kutgan UzNEX servisning yangi foydalanuvchilar uchun sovg‘ali aksiyani yo‘lga qo‘ygandi, keyinroq referral dasturni ishga tushirdi.

Biroq kriptovalyutalarga nisbatan hukumat tomonidan ayrim shubhalar saqlanib qolmoqda. Xususan, Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev kriptovalyutalar “hech narsa bilan ta’minlanmagani” sabab O‘zbekistonda to‘lov vositasiga aylanmasligini ma’lum qilgandi.