O‘zbekistonning umumiy davlat qarzi 2022-yil yakunida 33,5 milliard dollar, yoki YaIMga nisbatan 45,2 foiz miqdorida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bu haqda Moliya vazirligi e’lon qilgan “Fuqarolar uchun budjet 2022” loyihasida keltirilgan.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Unga ko‘ra, 2021-yilda umumiy davlat qarzi darajasi 28,2 milliard dollarni — YaIMga nisbatan 41,5 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Bu iqtisodiyotning tez tiklanishi natijasida o‘tgan yilda prognoz qilingan 44,5 foizdan birmuncha kamroq, deb yozmoqda Spot.

Vazirlik ma’lumotida keltirilishicha, umumiy davlat qarzi, miqdorining o‘sishiga qaramay, makroiqtisodiy barqarorlik uchun xavfsiz darajada qolmoqda. Xalqaro amaliyotda makroiqtisodiy barqarorlik uchun YaIMning 60 foizini tashkil etadigan davlat qarzi xavfsiz hisoblanadi — O‘zbekiston shu darajada:

Kelgusi yilda kutilayotgan umumiy davlat qarzining 33,5 milliard dollaridan davlat tashqi qarzi 30,4 milliard dollarni (40,7 foiz) tashkil etadi. Shundan 23,5 mlrd dollar – O‘zbekiston nomidan, 6,9 mlrd dollar — O‘zbekiston  kafolati ostida jalb qilingan qarz mablag‘lari.